Yozyovonda parvarishlangan atirgullar eksport qilinadi

Botir MADIYOROV/“Xalq soʻzi”. Yozyovon tumanida soʻnggi yillarda turli mevali va manzarali koʻchatlar yetishtirish, gulchilik sohasida oʻziga xos tajriba maktabi yaratilmoqda.
Ayni jarayonda yer ilmi mirishkorlariga qoʻshni Quva tumani tajribasi qoʻl kelmoqda. Xususan, “Ziynatbonu” fermer xoʻjaligining 30 sotix maydonida quvalik bogʻbon Vohidjon Isaqov bilan hamkorlikda 35 ming tup atirgul koʻchatlari yetishtirildi. Ayni kunlarda atirgulchilik plantatsiyasida gullar chaman boʻlib ochilib, xaridorlarga muntazir.
— Bu yil tajriba tariqasida jahon bozorida xaridorgir boʻlgan qariyb 20 navdagi atirgul koʻchatlari yetishtirildi, — deydi V. Isaqov. — Astoydil qilingan mehnat samarasi sifatida atirgul koʻchatlari sotishga tayyor boʻldi. Hozirda har bir atirgul koʻchatini 3 ming soʻmdan Rossiyaga eksport qilish boʻyicha shartnomamiz bor.
Aytish joiz, Yozyovon tuman hokimligi aynan gulchilik sohasini rivojlantirish uchun istiqbolli biznes-loyihalarni qoʻllab-quvvatlashga tayyor. Shu maqsadda mahallalar kesimida tushuntirish-targʻibot ishlari olib borilib, aholi tomorqalarida gulchilik tarmogʻini kengaytirish koʻzda tutilmoqda.
— Yoshlar uchun ajratib berilayotgan yer maydonlarida ham bunday loyihalarni amalga oshirish gʻoyatda samaralidir, — deydi Yozyovon tumani hokimi oʻrinbosari Sheroz Mirzaliyev. — Buning uchun lider tadbirkorlar jalb etilib, yerni ekishga tayyorlash, sifatli urugʻ va koʻchat yetkazib berish, agrotexnik ishlov berishgacha boʻlgan barcha jarayonda koʻmaklashiladi.
Eng muhimi va asosiysi, atirgul koʻchatlarini ichki bozorga sotish va eksport qilish borasidagi ishlar toʻliq tizimli ravishda tashkil etiladi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Eron va Isroil oʻrtasidagi ziddiyatlar xronologiyasi yoxud bugungi “urush”ning ildizi qayerda?
- Parkentda yiliga 20 ming sayyohni qabul qiladigan turistik majmua ochilmoqda
- “100 milliondan ortiq gullar, modalar haftaligi hamda turfa taomlar taqdimoti”: Namanganda oʻtkazilayotgan 64-Xalqaro gullar festivalidan video va fotoreportaj
- Oʻzbekiston tarixida ilk bor mundial yoʻllanmasini qoʻlga kiritgan milliy terma jamoamiz Toshkentga qaytib keldi — Fotoreportaj
- Oʻzbekiston Tashqi ishlar vazirligi Isroil–Eron mojarosi yuzasidan bayonot berdi
- “Air India” fojiasidagi tirik qolgan yagona yoʻlovchi hikoyasi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring