“Yashash yanada maroqli boʻlib qoldi”
Shu kunlarda Shofirkon tumanidagi “Tezguzar” mahallasida boʻlgan kishining yodiga beixtiyor mashhur kinofilmdagi “Yashash yaxshi, yaxshi yashash undan ham yaxshi”, degan soʻzlar tushadi. Mana, birgina ichimlik suv taʼminotini olib qarang. Akademik Ibrohim Moʻminov tugʻilib oʻsgan bu goʻsha tarixida ilk bor aholini markazlashgan ichimlik suv bilan taʼminlash chora – tadbirlari koʻrilyapti. 15 kilometr uzunlikda suv quvurlari tortilmoqda.
-Hududimizdagi yettita qishloqda 5300 nafarga yaqin aholi istiqomat qilmoqda,- deydi mahalla raisi Sayfulla Hasanov. – Toza ichimlik suvi taʼminoti biz uchun muammo edi. Mashina – yu traktorlarda keltirilayotgan tashima suvni sotib olib, roʻzgʻorga ishlatardik. Nihoyat, yaxshi yashash orzusida boʻlgan, shukronalik bilan umrguzaronlik qilayotgan mahalladoshlarimizning niyatlari roʻyobga chiqmoqda. Qishloqlarimiz qiyofasi, odamlarimiz turmush tarzi chinakamiga yaxshi tomonga oʻzgara boshladi. Bunyodkorlik, obodonchilik ishlari fuqarolarimiz kayfiyatiga kayfiyat qoʻshyapti.
Gap shundaki, tumanda davlatimiz rahbarining 2021-yil 18-sentyabridagi tegishli qarori asosida aholi turmush sharoitini yaxshilash, infratuzilmani rivojlantirishga qaratilgan loyihalar amalga oshirilmoqda. Islom taraqqiyot banki va OPEK xalqaro taraqqiyot jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan bajarilayotgan bu yumushlarning umumiy qiymati 27, 8 milliard soʻmni tashkil etyapti.

-Shu loyihalarning 8 tasi mahallamizda amalga oshirilmoqda ,- deydi Sabzikor qishlogʻida istiqomat qiluvchi mehnat faxriysi Rahmatulla Aminov.- Yaqinda qishlogʻimiz toʻliq vodoprovodlashtirildi. Bir pedagog sifatida Sabzikorda kutubxona ham ochilgani meni benihoya xursand qildi.
Ayni kunlarda hududdagi 6 –sonli umumtaʼlim maktabi binosini taʼmirlash, koʻchalardagi simyogʻochlarni almashtirish, piyodalar yoʻlagi barpo etish yumushlari bajarilyapti. 35 ta kuzatuv kamerasi, tungi yoritish chiroqlari oʻrnatildi. Oilaviy shifokorlik punkti binosini mukammal taʼmirlash, maktabgacha taʼlim muassasasi uchun qoʻshimcha bino qurish, 9,3 kilometr uzunlikdagi ichki yoʻllarni asfaltlashtirish chora – tadbirlari koʻrilmoqda. Sabzikorda 250 kVA quvvatga ega yangi transformator oʻrnatilgani, mahalladan oqib oʻtuvchi kanal oʻzanini betonlashtirish saʼy – harakati qilinayotgani ham ayni muddao.
-Yoshim yetmishdan oshmoqda,- deydi mahalla faollaridan biri Davlat Ahmedov.-Shu paytga qadar hududimizda bu qadar keng koʻlamli obodonchilik, bunyodkorlik ishlarining amalga oshirilganini eslay olmayman. Bu oʻzgarishlar har bir oilaning hayotiga mazmun bagʻishlayapti. Hayotning achchiq – chuchugini totgan bir kishi sifatida “Endi yashash yanada maroqli boʻlib qoldi”, deya baralla ayta olaman.
Istam IBROHIMOV, “Xalq soʻzi”
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- “Nigilist pingvin”. Ruhan ezilgan va hayotdan maʼno izlayotganlar uchun noodatiy mem ommalashmoqda
- Prezident Oʻzbekiston bojxona sohasi xodimlariga tabrik yoʻlladi
- Toshkentda Osiyo Olimpiya kengashiga yangi rahbar saylandi (+fotoreportaj)
- Oʻzbekiston armiyasi Markaziy Osiyoda birinchi o'rinda — dunyo armiyalari reytingi eʼlon qilindi
- “Yangi Oʻzbekiston yulduzlari” milliy mukofoti xalqaro darajaga koʻtarilmoqda
- AQSH Adliya vazirligi Epshteyn ishi boʻyicha 3 millionta faylni eʼlon qildi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring