Yangi Qonun qanday imkoniyatlar beradi?

12:21 25 Dekabr 2019 Jamiyat
1328 0

Oliy Majlis Senatining yigirma beshinchi yalpi majlisida “Oʻsimliklar karantini va himoyasi boʻyicha xalqaro konvensiyaga (Rim, 1951-yil 6-dekabr) Oʻzbekiston Respublikasining qoʻshilishi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni maʼqullangan edi. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti mazkur Qonunni imzoladi.

Ushbu Qonun Oʻsimliklar karantini boʻyicha davlat xizmati faoliyati samaradorligini oshirish va milliy fitosanitariya tizimini xalqaro talablarga muvofiqlashtirish maqsadlariga yoʻnaltirilgan.

Oʻzbekiston Respublikasining mazkur Konvensiyaga qoʻshilishi mamlakatda fitosanitariya xavfsizligini mustahkamlash va respublikaning eksport salohiyatini kuchaytirishga xizmat qiladi. Shu bilan birga:

* Oʻzbekiston qishloq xoʻjaligi mahsuloti eksporti uchun chet el bozorlariga chiqish tartib-taomilini osonlashtiradi;

* Oʻzbekistonning fitosanitariya tizimini yaxshilash va xalqaro standartlarni implementatsiya qilish uchun maslahatlar va moliyaviy mablagʻlar shaklida xalqaro tashkilotlardan olinadigan texnik yordam hajmini oshiradi;

* milliy standartlarni xalqaro standartlar bilan uygʻunlashtiradi, natijada mamlakatlarda fitosanitariya sohasidagi barcha hujjatlar tan olinadi va Oʻzbekistondan mahsulot eksport qilishda qoʻshimcha shart-sharoitlar oʻrnatilishining oldini oladi.

Shuningdek, Qonun qabul qilinishi Konvensiya aʼzolari bilan hamkorlik uchun quyidagi imkoniyatlarni beradi:

* Fitosanitariya chora-tadbirlari komissiyasi tomonidan belgilab beriladigan oʻsimliklar uchun xavfli organizmlar, xususan, bunday tartib-taomillarga muvofiq bevosita yoki potensial xavf tugʻdirishi mumkin boʻlgan zararli organizmlar mavjudligi, ularning namoyon boʻlishi yoki tarqalishi haqidagi axborot almashish sohasida hamkorlik qilish;

* qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini ishlab chiqarish uchun jiddiy xavf tugʻdirishi mumkin boʻlgan va favqulodda vaziyatlarda xalqaro harakatlarni talab qiladigan zararli organizmlarga qarshi kurashish boʻyicha istalgan maxsus kampaniyalarda ishtirok etish;

* fitosanitariya xavfini tahlil qilish uchun zarur boʻlgan texnik va biologik axborot taqdim etish yuzasidan hamkorlik qilish.

Bahodir TOJIYEV,

Oliy Majlis Senati

Agrar, suv xoʻjaligi masalalari va

ekologiya qoʻmitasi raisi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?