Yangi Qonun: investitsiyalar va investitsiya faoliyati sohasidagi munosabatlarni tartibga solishga xizmat qiladi

20:11 26 Dekabr 2019 Iqtisodiyot
1817 0

Oliy Majlis Senatining yigirma beshinchi yalpi majlisida “Investitsiyalar va investitsiya faoliyati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni maʼqullangan edi. Davlatimiz rahbari mazkur Qonunni imzoladi.

Qonunda investitsiyalar belgilangan maqsadga koʻra kapital, moliyaviy va ijtimoiy turlarga boʻlinadi.

Investitsiyalarni amalga oshirish shakllari quyidagilardan iborat:

*yuridik shaxslarni tashkil etish yoki ularning ustav fondlarida (ustav kapitallarida) ulushli tarzda, shu jumladan mol-mulk va aksiyalar olish yoʻli bilan ishtirok etish;

*Oʻzbekiston Respublikasida rezidentlari tomonidan emitentlangan qimmatli qogʻozlarni, jumladan qarz majburiyatlarini olish;

*konsessiyalarni olish, shu jumladan tabiiy resurslarni qidirish, oʻzlashtirish, qazib olish yoki ulardan foydalanishga doir konsessiyalarni olish, shuningdek mahsulot taqsimotiga oid bitimlarda ishtirok etish;

*mulk huquqi, shu jumladan intellektual mulk obyektlariga boʻlgan huquq, mualliflik huquqlari, patentlar, tovar belgilari, foydali modellar, sanoat namunalari, firma nomlari va nou-xau, ishchanlik obroʻsi (gudvill), shuningdek savdo va xizmat koʻrsatish sohasi obyektlarini ular joylashgan yer bilan birgalikda olish;

*yer uchastkalariga egalik qilish va ulardan foydalanish (shu jumladan ijara asosida egalik qilish va foydalanish) hamda boshqa tabiiy resurslarga egalik qilish va ulardan foydalanish huquqini olish.

Qonunda investitsiya faoliyatining obyektlari va subyektlari batafsil yoritib oʻtilgan, shuningdek, hujjatda investorning, investitsiya faoliyati ishtirokchisining huquqlari, majburiyatlari, investitsiya faoliyati subyektlarining huquqiy kafolatlari mustahkamlangan.

Soha qonun hujjatlarining investor uchun noqulay oʻzgarishlariga qarshi kafolatlari yanada mustahkamlangan.

Xususan, Oʻzbekiston Respublikasining keyingi qonun hujjatlari investitsiyalash shartlarini yomonlashtirsa, investitsiya kiritgan sanada amalda boʻlgan qonun hujjatlari investorlarga nisbatan oʻsha sanadan boshlab oʻn yil mobaynida qoʻllanilishi belgilab oʻtilgan.

Investitsiyalarni va investitsiya faoliyatini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash:

*imtiyozlar va preferensiyalar qoʻllash;

*investitsiya loyihasini birgalikda moliyalashtirish uchun markazlashtirilgan investitsiyalar ajratish;

*maslahat berish va axborot jihatidan qoʻllab-quvvatlash yoʻllari bilan amalga oshiriladi.

Qonunda belgilanganidek, investitsiyalarni va investitsiya faoliyatini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash uchun qoʻllaniladigan imtiyoz hamda preferensiyalar quyidagilarni oʻz ichiga olishi mumkin:

*davlat mulki boʻlgan obyektlarni yoki ularga boʻlgan mulkiy huquqlarni imtiyozli yoki nolga teng xarid qiymati boʻyicha investorga berish;

*soliqlar va yigʻimlar boʻyicha, shuningdek bojxona toʻlovlari boʻyicha imtiyozlar berish;

*investitsiya loyihasini amalga oshirish uchun investor tomonidan olinadigan kreditlar boʻyicha foiz stavkalarini subsidiyalash.

Shu bilan birga, ushbu yangi Qonunda xalqaro amaliyotda keng foydalanib kelinayotgan “investitsiya vizasi” va uni rasmiylashtirish tartibi boʻyicha norma ham kiritilgan.

Bundan tashqari, Qonunda Oʻzbekiston Respublikasi hukumati bilan investitsiya shartnomasi tuzish, Oʻzbekiston Respublikasi hududidan tashqarida investitsiya faoliyatini amalga oshirish tartibi, shuningdek xorijiy investitsiyalar huquqiy rejimi ochib berilgan.

Investitsiya faoliyatini davlat tomonidan tartibga solish davlat boshqaruvi organlari va mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan amalga oshirilishi belgilangan.

Mahallliy davlat hokimiyati organlarining investitsiyalarni va investitsiya faoliyatini tartibga solish boʻyicha vakolatlari yanada kengaytirilgan.

Oʻzbekiston Respublikasining Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi investitsiyalarni va investitsiya faoliyatini davlat tomonidan tartibga solish sohasidagi vakolatli davlat organidir.

Muxtasar qilib aytganda, mazkur Qonun chet el hamda mamlakatimiz investorlari tomonidan amalga oshiriladigan investitsiyalar va investitsiya faoliyati sohasidagi munosabatlarni batafsil tartibga solishga qaratilgan, keng qamrovli toʻgʻridan toʻgʻri amal qiluvchi yagona norma boʻlib xizmat qiladi.

Alisher KURMANOV,

Oliy Majlis Senati

Xalqaro munosabatlar, tashqi

iqtisodiy aloqalar, xorijiy

investitsiyalar va turizm

masalalari qoʻmitasi raisi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер