Yangi Oʻzbekistonni yangilangan Konstitutsiyasi — insonparvar, demokratik huquqiy davlat qurishning mustahkam asosi

22:59 30 Aprel 2025 Jamiyat
209 0

Arxiv surat

30-aprel – Xalq irodasi namoyon boʻlgan kun

Kishilik jamiyati paydo boʻlgandan buyon, oʻzining uzoq yillik taraqqiyot yoʻlini bosib oʻtdi. Insonlar oʻrtasidagi munosabatlar ibtidoiy jamoa tuzumi davrida urf-odatlarga asoslangan boʻlsa, keyinchalik, davlatni paydo boʻlishi bilan oʻzaro munosabatlar maʼlum bir qonunlar asosida tartibga solinadigan boʻldi.

Farangistonlik faylasuf Sharl-lui Monteskyo — erkinlik xohlagancha ish tutish degani emas. Erkinlik qonun yoʻl qoʻygan har qanday ishni bajarish huquqi bilan belgilanadi. Agar fuqaro qonunda taqiqlangan ishga qoʻl ursa, erkinlikdan marhum boʻladi» deganda, bundan olti yuz yil avval jamiyatni ilgʻor kishilari tomonidan, na faqat davlat boshqaruvi, balki, insonlarning erkinligi, oʻzaro munosabatlari ham qonunlar asosiga qurilishi kerak, degan gʻoya ilgari surilganligini koʻrsatadi. Yuqoridagilardan xulosa qilish mumkinki, insoniyat taraqqiyot davri yakunida uning eng muhim yutugʻi jamiyat va davlat ishlarini qonunlar bilan boshqarish kerak degan xulosaga kelinganligidadir. Demak, Konstitutsiya (lotincha “constitutio” – “tuzilish”, “oʻrnatish”) hujjatini yaratilishi aynan jamiyat taraqqiyotining mahsuli va insoniyat tomonidan davlat boshqaruvida qonun ustuvorligini taʼminlashga boʻlgan ehtiyoj samarasidir.

Darhaqiqat, fikrimizni dalili sifatida bugungi kunda koʻpchilik davlatlar tomonidan oʻz Konstitutsiyasiga andoza qilib olgan Amerika Qoʻshma Shtatlari Konstitutsiyasini misol qilib koʻrsatish mumkin. Chunki, AQSH Konstitutsiyasi dastlab qabul qilinganda uning vazifasi davlat hokimiyati vakolatlarini taqsimlash, yaʼni, hokimiyatlar boʻlinishi prinsipini joriy qilish, va shu asosda, davlat hokimiyatini maʼlum bir maʼnoda cheklash orqali inson huquq va erkinliklarini taʼminlashdan iborat boʻlgan. Yaʼni, Amerika Konstitutsiyasi dastlab qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud hokimiyati boʻlinishi prinsipini tatbiq etish, shuningdek, federatsiya va uning subyektlarining vakolatlarini belgilashdan iborat boʻlgan. Eʼtibor bering, bugun dunyoda klassik konstitutsionalizmga asos boʻlgan AQSH Konstitutsiyasida inson huquq va erkinliklarini taʼminlash, demokratik jamiyat barpo etish haqida deyarli soʻz yuritilmagan. Amerika Konstitutsiyasi inson huquqlariga zid boʻlgan qonunlarni qabul qilish mumkin emasligi haqida mamlakat vakillik organi — Kongressga qatʼiy vazifa yuklagan. Biroq, inson huquq va erkinliklarini himoya qilishga qaratilgan normalar, AQSH Konstitutsiyasiga kiritilgan oʻzgartish va qoʻshimchalarga asosan kiritilgan. Dunyodagi “eng kichik va oʻzgarmas” Konstitutsiya nomini olgan Amerika Konstitutsiyasiga 27 marotaba tuzatishlar kiritilgan. Bundan koʻrinadiki, Konstitutsiya hujjati bu oʻzgarmas, qotib qolgan hujjat emas, unga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritilishi bu mamlakat taraqqiyoti, uning tarixiy rivojlanish bosqichlari bilan uzviy bogʻliqdir. Aynan shuning uchun ham AQSH Konstitutsiyasida unga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish tartibi alohida qoidada belgilab qoʻyilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi davlat mustaqilligiga erishgandan soʻng, 1992-yil 8-dekabr kuni oʻzining mustaqil Konstitutsiyasini qabul qildi. Qariyb, 30-yil davomida mustaqil davlatning ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy asoslarini mustahkamlab bergan Bosh Qomusimiz Muqaddima, 6 boʻlim, 26 bob, 128 moddadan iborat boʻlgan edi.

Mazkur Konstitutsiya 2023-yil 30-aprel kuni umumxalq referendumi asosida yangi tahrirda qabul qilingunga qadar milliy davlatchiligimizning asosiy tamal toshi — yagona Qonun hujjati sifatida mamlakatimiz taraqqiyotida muhim rol oʻynadi.

Keyingi yillarda Yangi Oʻzbekistonning dunyo tamaddunida mustahkam oʻrin egallashi va mamlakat taraqqiyotini yangi bosqichga chiqish ehtiyoji Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini yangi tahrirda qabul qilish zaruratini kun tartibiga olib chiqdi.

Mamlakatimiz Prezidenti Sh.M.Mirziyoyev taʼkidlaganlaridek, “Mamlakatimiz taraqqiyotini yangi pogʻonaga olib chiqish uchun boshqaruv ham, qonunchilik ham, jamiyatimiz ham oʻzgarishi kerak. Agar shunday qilmasak, muammolarni koʻrib, koʻrmaslikka olsak, zamondan orqada qolamiz. Xalqimiz, yosh avlodimiz bizdan rozi boʻlmaydi. Shu bois, «Avval – inson, keyin – jamiyat va davlat” degan gʻoyani Konstitutsiyamiz va qonunlarimizga ham, kundalik hayotimizga ham chuqur singdirishimiz kerak. Hozirgi kundagi jiddiy sinovlar va bashorat qilib boʻlmaydigan xavf-xatarlarni yengib oʻtishga qodir boʻlgan milliy davlatchiligimiz asoslarini mustahkamlashimiz zarur» edi. Zamonning oʻzi oldimizga qoʻygan ushbu vazifa Yangi Oʻzbekistonning yangilagan Konstitutsiyasini ishlab chiqish va qabul qilishni taqozo etdi. Eng muhimi, xalqimiz ham Yangi Oʻzbekistonning kelgusidagi taraqqiyotini taʼminlashga qodir boʻlgan — Konstitutsiyasini yangi tahrirda qabul qilish zarurligini qalbdan his etayotgan edi.

Mamlakatimizda 2023-yil 30-aprel kuni oʻtkazilgan referendumda ishtirok etgan fuqarolarning 90,21 foizi yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizni yoqlab ovoz bergani ham yuqoridagi fikrimizni yaqqol tasdiqlaydi. Yangilangan Konstitutsiyamizdagi moddalar 128 tadan 155 taga, uning normalari esa, 275 tadan 434 taga oshdi. Asosiy Qonun 65 foizga yangilanib, 6 boʻlim, 27 bob, 155 ta moddadan iborat boʻldi. Eng muhimi, yangilangan Konstitutsiyada xalqimizning Yangi Oʻzbekistonni barpo etish yoʻlida orzu-umidlari va intilishlari oʻz aksini topdi.

Shu oʻrinda, yangilangan Konstitutsiyani eng muhim jihatlariga eʼtiboringizni qaratmoqchimiz.

Eʼtirof etish joizki, yangi tahrirdagi Konstitutsiyada huquqiy davlat prinsipini amalga oshirishga qaratilgan mexanizmlar hamda ularning kafolatlari mustahkamlandi.

Birinchidan, avvalgidan farqli oʻlaroq, Konstitutsiya mamlakatning butun hududida oliy yuridik kuchga ega ekanligi va toʻgʻridan-toʻgʻri amal qilishi hamda yagona huquqiy makonning asosini tashkil etishiga taalluqli konstitutsiyaviy normalar mustahkamlab qoʻyildi. Natijada davlat organlari, xususan, sudlar oʻz faoliyatini amalga oshirish davomida Konstitutsiya moddalariga toʻgʻridan toʻgʻri murojaat qilgan holda qarorlar qabul qilish huquqi konstitutsiyaviy darajada mustahkamlandi.

Ikkinchidan, inson huquq va erkinliklari xalqaro huquq va Konstitutsiya normalariga asoslangan holda mustahkamlanib, ular qonunchilik va davlat organlari faoliyati amalga oshirilishining mazmun-mohiyatini belgilashi kafolatlandi. Shunday qilib, davlatning insonga nisbatan huquqiy taʼsir doirasi qonunlarda belgilab qoʻyilgan vazifalarni amalga oshirish uchun yetarli va ularga muvofiq boʻlishi shartligi hamda fuqarolar va davlat organlarining oʻzaro munosabatlarida yuzaga keladigan qonunchilikdagi barcha muammolar va tushunmovchiliklarni fuqarolar foydasiga talqin qilinishi mustahkamlandi.

Xulosa oʻrnida taʼkidlash joizki, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan Konstitutsiyamizni yangi tahrirda qabul qilinishi bilan mamlakatimizda, avvalo, siyosiy barqarorlik hamda osoyishtalikni mustahkamlashga, fuqarolik jamiyatini barpo etishga, inson huquqlari va erkinliklarini toʻlaqonli himoya qilishga, jamiyatimiz rivoji va xalqimiz farovonligini taʼminlashga mustahkam huquqiy asos yaratildi.

Yangilangan Konstitutsiyaning yana bir muhim nuqtasiga eʼtibor qaratsak. Bizning fikrimizcha, avvalgi Bosh qomus (1992-yil 8-dekabrdagi tahriri 93-moddasi) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti zimmasiga – fuqarolarning huquqlari va erkinliklariga, Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlariga rioya etilishining kafili, vazifasini yuklagan boʻlsa, yangi tahrirdagi Konstitutsiya bilan esa, mamlakat Prezidenti – “fuqarolarning huquqlari va erkinliklariga, Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlariga rioya etilishining, Oʻzbekiston Respublikasi suvereniteti, xavfsizligi va hududiy yaxlitligining kafilidir, milliy-davlat tuzilishi masalalariga doir qarorlarni amalga oshirish yuzasidan zarur chora-tadbirlar koʻradi” degan mazmundagi masʼuliyatni shaxsan oʻz zimmasiga oldi.

Hech mubolagʻasiz aytish mumkin, yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning qabul qilinishi “Inson qadri uchun” tamoyili asosida xalqimiz farovonligini yanada oshirishga hamda davlat va fuqarolik jamiyatining rivojlanishi uchun mustahkam asos boʻlib yana uzoq yillar xizmat qiladi.

2023-yil 30-aprel kuni boʻlib oʻtgan umumxalq referendumida Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini yangi tahrirda qabul qilinishi esa, xalqimiz tafakkuri va huquqiy ongi rivoj topganligi, eng muhimi ertangi kunga boʻlgan qatʼiy ishonchining amaldagi tantanasi boʻldi.

ABDUMANNOB RAXIMOV, 
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi sudyasi, 
yuridik fanlar nomzodi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?