Yangi Oʻzbekiston — yangi tamaddunlar beshigi

Har yili respublikamiz mustaqilligi kuni arafasida koʻz oldimdan ajdodlar tarixi birin-ketin jonlana boradi. Shu jihatdan bugun tariximizning ayrim sahifalari xususida yozishga harakat qilindi. Aslida, hammasini bir maqola ichida tafsir qilishning iloji yoʻq.
Jahon sivilizatsiya tarixiga bir nechta rivojlanish bosqichini baxshida etgan Vatan tarixi ham shonli ham qaygʻuli jarayonlarni boshidan kechirgan. Islom sivilizatsiyasiga qadar ham dastlabki rivojlanish siklini(davr) boshlab bergan xalqimiz ikki marta yuqori darajadagi sivilizatsiya yutuqlarini jahon ommasiga taqdim eta olgan.
Birinchi Renessans yurtimizda undan bir necha yuz yil avval, yaʼni IX-XII asrlarda roʻy bergan. Ushbu ulkan yuksalishning sodir boʻlishining oʻz tarixiy sabablari bor, albatta. Chunki, mazkur davrda davlat taraqqiyoti uchun juda muhim boʻlgan yangi islohotlar va qonunlar joriy qilindi, yer-suv, qoʻshnichilik munosabatlaridan soliqlargacha tub yangilanishlar sodir boʻldi. Davlat yuritishdagi va siyosatdagi yangiliklar ilm-fan kishilarini ezgu gʻoyalar tevaragida birlashtirdi, turli-tuman fanlarga, ayniqsa, matematika, astronomiya, kimyo, tibbiyot, huquq, geodeziyaga qiziqish kuchaydi va dunyo tuzilishi haqidagi zamonaviy nazariyalarga aynan oʻsha davrda asos solindi. Muhammad Muso al-Xorazmiy, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Ahmad al-Fargʻoniy Abu Nasr Forobiy, Yusuf Xos Hojib, Mahmud Koshgʻariy, Mahmud Zamaxshariy, imom Buxoriy, imom Termiziy, imom Moturudiy, Abul Muin Nasafiy kabi buyuk ajdodlarimiz serqirra isteʼdod sohiblari boʻlishlari bilan bir qatorda, oʻz fanlari boʻyicha butun olamga ustozlik maqomiga erishdilar. Mazkur davr dunyo taraqqiyotining yuksalish tamoyillarini belgilab berdi, desak mubolagʻa boʻlmaydi. Buning yorqin isboti – Xorazmda barpo etilgan Maʼmun akademiyasidir. Daho mutafakkirlarni oʻz bagʻriga toʻplagan bu oliy dargoh nafaqat oʻz mintaqasi, balki butun dunyo uchun akselerator vazifasini oʻtagani haqiqat.
Oʻrni kelganida shuni ham taʼkidlab oʻtish kerakki, ilm-fan osmonida yulduzday yaraqlab turgan bu allomalar atrofida va ulardan keyin yana yuzlab safdoshlari, shogirdlari, davomchilari yurtimiz ilm-fani mevalarini jahonning ilgʻor ommasiga yetkazib berishda katta xizmatlar koʻrsatishdi va mamlakat shon-shuhratini, tafakkur qudratini uzoq oʻlkalarga qadar yoyishdi. Shu oʻrinda bir voqelikni eslash joizdir. Tarixchilar Yevropada birinchi universitetlar paydo boʻlganligini iddao qilishadi. Xoʻsh, ushbu universitetlarda qaysi asarlar oʻqitildi-degan savol berilsa, bizning ajdodlar merosini tilga olishga biroz qiynalishi bor holat.
Ikkinchi Renessans nafaqat mintaqamizda, balki juda katta jugʻrofiy hududlarda siyosiy-iqtisodiy va ijtimoiy islohotlarni amalga oshirgan ulugʻ bobomiz, sohibqiron Amir Temur nomi bilan chambarchas bogʻliq. U zot tufayli qudratli markaziy boshqaruvga asoslangan davlat va yangi madaniy-ilmiy yuksalish uchun qulay vaziyat yuzaga keldi. Amir Temur oʻz bepoyon saltanatining katta shaharlariga turli hududlardagi isteʼdodli olimlar, shoirlar, hunarmandlar, meʼmorlarni jamladi va ilmi-fan taraqqiyoti uchun kerakli barcha shart-sharoitlarni yaratib berdi. Bunday oqilona siyosat mamlakatning ilmiy va madaniy qudratini kuchaytirdi. Shu bilan birga ushbu davr “Islom madaniyatining oltin asri” deb atalishi bilan birga, fazo ilmi va matematika fanlarining rivojlanishi bilan yurtimizda ikkinchi Uygʻonish, yaʼni ikkinchi Renessans davrini boshlab berdi. Bu davrda Qozizoda Rumiy, Mirzo Ulugʻbek, Gʻiyosiddin Koshiy, Ali Qushchi singari benazir olimlar, Lutfiy, Sakkokiy, Hofiz Xorazmiy, Abdurahmon Jomiy, Alisher Navoiy, Bobur Mirzo kabi mumtoz shoir va mutafakkirlar maydonga chiqdi. Sharofiddin Ali Yazdiy, Mirxond, Xondamir kabi tarixchilar, Mahmud Muzahhib, Kamoliddin Behzod singari musavvirlar, koʻplab xattot va sozandalar, musiqashunos va meʼmorlarning shuhrati dunyoga yoyildi. Birinchi Renessans davrida boʻlgani kabi, bu davrda ham ilm oʻrganishni istovchilar yurtimizga butun dunyodan oqib kelgan.
Shu bilan birga oʻtgan asr boshlarida shakllanib, nafaqat Markaziy Osiyo mintaqasi, balki, butun musulmon olami va turkiy dunyo tarixida chuqur iz qoldirgan jadidchilik harakatining tarixiy ahamiyatini har tomonlama ochib berish, yanikim mushtarak tariximizning yorqin sahifalarini tashkil etadigan maʼrifatparvar ajdodlarimizning ibratli faoliyatini, ularning oʻz qimmati va ahamiyatini hamon yoʻqotmasdan kelayotgan boy merosini teran tadqiq va targʻib etish ustuvor vazifadir. Bu masalada Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev: “Boshqa davlatlar yoʻq tarixini bor qilishga harakat qiladi. Biz buyuk tariximizni, allomalarimiz merosini xalqimizga, yoshlarimizga toʻliq yetkazib berolmadik. Oʻzligimizni anglash nuqtayi nazaridan shunday joylarga eʼtibor bersak, bunga hamma eʼtibor qaratadi, — degan edi.
Oʻz mohiyat eʼtiboriga koʻra noyob ijtimoiy-siyosiy fenomen boʻlgan jadidchilik gʻoyasining shakllanishi va taraqqiyotiga doir dunyoning bir qator mamlakatlarida koʻplab tadqiqotlar yaratilgan boʻlsada, ushbu harakat namoyandalarining Markaziy Osiyo hududida milliy davlatchilik va mintaqaviy oʻziga xoslikni, fuqarolik jamiyatining rivojlanishiga qoʻshgan ulkan hissasini konseptual va tizimli asosda atroflicha oʻrganish dolzarb masala boʻlib qolmoqda.
Musulmon va turkiylarni jahon taraqqiyotidan uzilib qolganligini turkiy qrim-tatar xalqining farzandi Ismoil Gʻaspirali (1851-1914) birinchi boʻlib tushunib yetdi. Gʻaspirali butun turk dunyosidagi Jadidchilik harakatining “gʻoyaviy otasi” hisoblanadi. U Sharq va Gʻarbni taqqoslab mustamlaka boʻlgan barcha musulmon hududlardagi maorifini isloh qilish, ularda dunyoviy fanlarni oʻqitish masalasini koʻtardi va 1884-yil Qrimdagi Boqchasaroy shahrida jadid maktabiga asos soldi. Uning gʻoyalarini yoyishda “Tarjimon” gazetasining xizmati katta boʻldi.
Shunday boʻlsada, ushbu harakatni yuqori bosqichga koʻtarish bizning millat vakillari zimmasiga tushganligini taʼkidlash lozim. XX asr boshida jadidlardan Behbudiy, Ayniy, Avloniy, Fitrat, Munavvar qori, Bobooxun Salimov ziyolilarning butun bir avlodini tarbiyalash ishini boshladi. Toshkent jadidlarining otasi sifatida Munavvar qori Abdurashidxonov katta obroʻ qozondi. XX asr boshlarida Toshkent, Samarqand, Buxoro, Fargʻona vodiysi shaharlarida oʻnlab “usuli jadid” maktablari ochildi. “Usuli jadid” maktabining birinchi qaldirgʻochlari Behbudiy, Shakuriy, Azjiy, Munavvar qori, Avloniy, Zohiriy, Olimiy, Soʻfizoda, Fitrat, Ayniy, Hamza edi.
Jadid rahbarlaridan biri Abdulla Avloniy (1878-1934) oʻz tarjimayi holida “Rus-yapon urushi Rossiya ishchilari va bizning ham koʻzimizni ochdi. 1905-yil inqilobi tufayli tashkilotimiz siyosiy maslaklarga tushunib, qora xalqni oqartmoq uchun gazeta chiqarildi”,- deb aytgan. Hukumat 1906-yil “Taraqqiy”, “Xurshid” gazetalarini toʻxtatgandan soʻng Avloniy temir yoʻl ishchilari sotsial-demokrat firqasi yordami bilan 1907-yil “Shuhrat” gazetasini chiqardi.
Oʻtgan asr avvalida yurtimizda vujudga kelgan ana shu jadidchilik harakatining yirik namoyandalaridan biri, shubhasiz, Abdurauf Fitrat edi. Milliy istiqlol yillarida Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston Respublikasi davlat mukofoti bilan taqdirlangan allomaning hayoti va faoliyatini oʻrganish, tadqiq va targʻib etish oʻz davri uchun nechogʻli ahamiyat kasb etgan boʻlsa, bugungi kun uchun ham shunday muhimdir.
Sharq musulmon dunyosida keng tarqalgan islohotchilik harakati XX asr boshlariga kelib Turkistonda ham yoyila boshladi. Yangi kuchga kira boshlagan jadidchilik harakati oʻlkadagi barcha soha, jumladan, yangi adabiyot, publitsistika, siyosat ishlari kelajagini belgilab berdi. Davr ushbu yoʻnalishlarning xarakterini aniqlab bergan namoyandalarini ham oʻrtaga chiqardi. Mazkur islohotchilik, yaʼni jadidchilik nomi bilan tarixga kirgan harakat jamiyatning barcha sohalarini teng qamrab oldi. Oʻsha davr koʻzga tashlangan islohotchilaridan biri Abdurauf Fitrat (1886–1938) yigirma yildan ortiqroq vaqt mobaynida, avval, konservativ fikrga hamda mahalliy musulmon elitasi urf-odatlariga, soʻngroq esa yangi oʻrnatilgan sovet hokimiyatining qattiq dogmatizmiga qarshi kurashdi. Fitratning bu qarashlari uning shu davrlarda yaratilgan va XX asr boshi oʻzbek publitsistikasining, dramachiligining nodir namunalaridan boʻlib qolgan “Rahbari najot”, “Oila”, “Begijon”, “Mavludi sharif”, “Abo Muslim” kabi asarlarida aks etgan edi. Ayni paytda, Fitrat yangi maktablar uchun yangi darsliklar ham yozgan edi. “Muxtasar islom tarixi”, “Oʻqu” kitoblari bunga yaqqol dalildir.
1918-yili Toshkentga kelgan Fitrat oʻz atrofiga yoshlarni yigʻib “Chigʻatoy gurungi”ni tashkil qilingan. Bu jamiyat 3-yil faoliyat olib borgan boʻlishiga qaramay nafaqat oʻzbek tili va adabiyoti, balki umuman yangi oʻzbek madaniyatining shakllanishi va taraqqiyot tarixni butkul yangi, zamonaviy ilm asosida oʻrganishni boshlab berdi. “Chigʻatoy gurungi” yangi Oʻzbekiston tarixidagi mahalliy ziyolilar tarafidan tuzilgan birinchi ilmiy tadqiqot jamiyati sifatida tarixga kirdi. Ayni shu jamiyat hozirgi Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi, Oʻzbekiston Fanlar Akademiyasi Oʻzbek tili, adabiyoti va folklori institutining ham tamal toshini qoʻydi. Gurung aʼzolari tomonidan qator ilmiy risolalar, ayniqsa, til, imlo masalasiga oid nashrlar eʼlon qilindi.
Fitrat mazkur asarlarida, bir tomondan, shu yillarda roʻy bergan siyosiy-ijtimoiy masalalarga munosabatini ifodalagan boʻlsa, ikkinchi tomondan, musulmon olami uchun oʻz ahamiyatini yoʻqotmaydigan yoki muayyan tarixiy davrda saqlanib qoladigan maʼnaviy va maʼrifiy qadriyatlarni tushuntirib berdi. Fitrat bu asarlarida millatning nafaqat siyosiy-ijtimoiy, balki diniy-maʼrifiy masalalarda ham yetarli darajada bilimga ega boʻlmaganini eʼtiborga olib, har bir musulmonning bilishi lozim boʻlgan bir qator masalalarga yorqinlik bagʻishladi.
Mustaqil Turkiston orzusi Behbudiy va Avloniy, Hamza va Munavvarqori, Fitrat va Choʻlpon, Abdulla Qodiriy va Usmon Nosir kabi minglab jadid bobolarimizni uygʻotdi. Ularning xalq erkinligi va saodati yoʻlidagi ezgu fikr, ezgu soʻz va ezgu amallari uchun ulkan maʼnaviy omil boʻldi. Bu orzu maʼnaviyat va maʼrifatni odamni nafaqat komillikka, erkin va farovon turmushga yetaklovchi, balki xalqni milliy mustaqillikka eltuvchi beqiyos kuch sifatida anglab yetish imkonini berdi. Bu ulugʻ orzu asrlar davomida xalqimizni ezgu amallar gʻoyalardan, millatni turli tahdidlardan muhofaza qilib, oʻziga xos maʼnaviy qalqonga aylandi. Shu tariqa uzoq oʻtmishdan hozirgi davrgacha milliy tafakkurimiz negizida shakllanib kelgan, turli gʻoya va amaliy harakatlarda oʻz ifodasini topgan el-yurtimizning orzu-umidlari bugungi kunda Yangi Oʻzbekiston tushunchasida jamuljam boʻldi. Irodasi, shahd-u shiddati buyuk xalqimizning bunday yorugʻ va teran orzusi jamiyatimizning yangi qiyofasini yaratish uchun yuksak marralarga intilayotgan xalqimizni Uchinchi Renessans gʻoyasi atrofida yanada jipslashtirmoqda. Bunga butun dunyo guvoh boʻlmoqda.
Jadid maʼrifatparvarlarning fikricha, milliy gʻoya millatning tub, asl ehtiyojlaridan, turish-turmushidan, asriy anʼanalaridan, oʻzligidan va tabiiyki, imkoniyatlaridan kelib chiqmogʻi lozim. Milliy gʻoya oʻzlikni anglashda asosiy mezon hisoblanadi. Jadid-maʼrifatparvarlarimizning milliy ozodlik yoʻlidagi faoliyatlari fikrimizning dalilidir. Birgina jadidchilik harakatining yetuk namoyondalaridan biri M.Behbudiyning “Haq olinur, berilmas!” degan daʼvatida milliy oʻzlikni anglashning betakror ifodasini koʻrishimiz mumkin. Mustaqillik bizga bir qator imkoniyatlar uchun yoʻl ochdi, tariximizni xolisona yoritish, azaliy qadriyatlarimizni tiklash, milliy oʻzligimizni anglash kabi asriy orzularimizni amalga oshishi – shular jumlasidandir.
Bugungi kunda Yangi Oʻzbekistonda inson qadri ulugʻlanadigan adolatli, erkin va obod jamiyat, xalqparvar davlat, farovon hayot barpo etishga qaratilgan islohotlarimiz jadid bobolarimizning ezgu gʻoya va dasturlariga har jihatdan uygʻun va hamohangdir. Shu bois, xalqimiz ozodligi va Vatanimiz ravnaqi yoʻlida aziz jonlarini fido qilgan ajdodlarimiz xotirasini abadiylashtirish, ularning faoliyati va merosini yangicha tafakkur asosida oʻrganish hamda targʻib etishga alohida eʼtibor berilmoqda. Jadidlarning maʼnaviy merosi har birimizni maʼnaviy uygʻoqlik va ogohlikka chorlab, qalblarimizda ulugʻ ajdodlarimizga xos azm-u shijoat tuygʻularini yuksaltirishga, xalqlarimiz va davlatlarimiz oʻrtasida oʻzaro doʻstlik va qardoshlik ruhini, ilmiy-madaniy aloqalarimizni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Ingliz tarixchisi va sotsiologi Arnold Toynbi (1899-1975) oʻzining “Tarixni anglash” asarida shunday savolni qoʻyadi: “Nega baʼzi bir jamiyatlar oʻz rivojining ilk bosqichidayoq “harakatsiz boʻladi”, nega sivilizatsiya shakllanmaydi?”. Uning fikricha, sivilizatsiya genezisi uchun ikki shart-sharoit, birinchidan, mazkur jamiyatda ijodiy kichiklikning rolini anglash, ikkinchidan, qulay boʻlmagan, ammo qarshi boʻlmagan muhitni mavjudligi talab qilinadi. Sivilizatsiya vujudga kelishi uchun “chaqiriq-savol va javob oʻzaro hamkorligi mexanizmi” zarur. Jumladan, moʻtadil noqulay boʻlgan muhit jamiyatga chaqiriq-tahlika soladi, jamiyat esa ijodiy kichiklik yordamida tahlika-chaqiriqqa munosib va muvaffaqiyatli javob beradi va muammoni hal qiladi. Demak, jamiyat harakatda, sivilizatsiya darajasi oʻzgarmagan. Agar shu formula amalda boʻlsa, bugungi kunda Yangi Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar oʻz-oʻzidan jamiyatda yangi sivilizatsiya uchun chaqiriq eʼlon qilgan. Biz esa oʻz vaqtida unga “labbay” deb javob bera olsak, jahon hamjamiyati yangi tamaddun joyini bilib oladi. Bu esa Yangi Oʻzbekiston hududi boʻlajak, albatta.
Dilshodbek Urakov
Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universiteti
tarix.f.d., professor
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Jahon olimlari nigohi yana Oʻzbekistonga qaratildi
- Prezident Oʻzbekiston oʻqituvchi va murabbiylariga tabrik yoʻlladi
- Oʻzbekistonda dollarning rasmiy kursi oʻzgardi
- Prezident Ismoil Joʻrabekov vafoti munosabati bilan hamdardlik bildirdi
- Oʻzbekiston va Turkmaniston: barqaror rivojlanish yoʻlidan borayotgan davlatlar
- Tadbirkorlar yangicha yondashuvlar asosida qoʻllab-quvvatlanadi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring