Yangi mahalla binolari foydalanishga topshirildi

10:48 24 Mart 2026 Jamiyat
224 0

Mahalla tizimi xodimlari kuni Samarqand viloyatida ham sohadagi katta yutuqlar asnosida keng nishonlandi. Bayram munosabati bilan viloyatning Kattaqoʻrgʻon tumanidagi Fayzikent va Yangi hayot, Bulungʻur tumanidagi Oʻroqli va Kaptarxona mahallalarining yangi, zamonaviy hamda barcha qulayliklarga ega binolari foydalanishga topshirildi.

Yangi binolarda mahalla yettiligining samarali ishlashi uchun zarur sharoit va qulayliklar yaratilgan. Binolar tom qismida quyosh panellari oʻrnatilgan va bu bilan elektr energiyasining uzluksizligi taʼminlangan.

— Bu yil viloyatimizdagi 1063 mahallaning 28 tasi “Yangi Oʻzbekiston qiyofasidagi mahalla” maqomini oladi, may oyiga qadar 55 ta mahalla yangi binoga koʻchib oʻtadi, yil davomida 240 ta mahalla binosi taʼmirlanadi, — deydi Oʻzbekiston mahallalari uyushmasi viloyat boshqarmasi boshligʻi Isroil Jabborov. — Zaruratga qarab boshqa mahalla fuqarolar yigʻinlarining ham moddiy-texnika bazasi mustahkamlanadi.

Hududlarda amalga oshirilayotgan bunday tadbirlar mahalla tizimining nufuzini oshirish, uning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash hamda aholiga qulay sharoitlar yaratish yoʻlidagi izchil ishlarning amaliy ifodasidir.

Endilikda ushbu maskanlar mahalla hayotining muhim markaziga aylanib, aholiga yanada qulay va sifatli yordam koʻrsatish hamda ularning murojaatlari bilan ishlash samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.

Abdulaziz YOʻLDOSHEV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?