Yangi davr eshigin ochgan rassom

10:33 12 Yanvar 2026 Jamiyat
452 0

Oʻzbek tasviriy sanʼatida shunday ijodkorlar borki, ular alohida asarlari bilan emas, balki butun boshli badiiy yoʻnalishga asos solgani bilan nom qozonadi. Andijonlik rassom Murod Umar (Murodjon Umarov) ana shunday noyob ijodkorlar sirasiga kiradi. Uning 3D shakldagi tasvirlari shunchaki vizual tajriba emas, balki Oʻzbekiston rassomchiligida mutlaqo yangi yoʻnalishning paydo boʻlishiga sabab boʻlgan badiiy hodisadir. Ilgari devor va polotno ikki oʻlcham bilan cheklanar edi, Murod Umar esa ularga hajm, chuqurlik va harakat tuygʻusini olib kirdi.

— Bir kuni hamkasbimiz ishxonaga oʻgʻlini olib kelgan edi, — deydi rassom suhbatda. — Quyosh nuri taʼsirida bolaning soyasi gʻayrioddiy darajada katta koʻrinish hosil qildi. Shu manzara menda beixtiyor uni tasvirga koʻchirish istagini uygʻotdi. Yangi yoʻnalishdagi ijodim aynan shu lahzadan boshlangan.

Uning ilk 3D asari 2009-yilda Andijon shahridagi “Istiqlol” koʻchasida ommaga namoyish etildi. Eni 6 metr, boʻyi 55 metrni tashkil etgan ulkan tasvir butun bir badiiy makon sifatida koʻpchilikda katta qiziqish uygʻotdi. Tomoshabin asarga qarabgina qolmas, balki u bilan birga harakatlanayotgandek his qilardi. Ana shu ishdan soʻng 3D tasvirlar sanʼat olamida oddiy yangilik emas, balki alohida badiiy yoʻnalish sifatida qabul qilindi. Murod Umar nomi esa ushbu yoʻnalishning asoschisi sifatida tilga olina boshladi. Zero, u nafaqat mamlakatimizda, balki butun Markaziy Osiyoda hali hech kim qoʻl urmagan badiiy tajribaga asos solgan edi.

2011-yilda Andijon shahridagi “Oʻzbekiston” koʻchasining ochilish marosimida rassomning navbatdagi ijod mahsuli ommaga taqdim etildi. Katta yoʻl sathiga boʻyoq orqali chizilgan bu tasvir goʻyo haqiqiy buyumdek koʻzga tashlanib, keng jamoatchilikda qiziqish uygʻotdi. 2013-yilda esa Qoʻqon shahrida oʻtkazilgan hunarmandlar festivalida yaratilgan asari uni xalqaro sanʼat muhitiga ham tanitdi.

Sanʼat rivoji yangilik bilan chambarchas bogʻliq. Har bir yangi uslub eski shakllarni takrorlash emas, balki dunyoga boshqacha qarashni taklif etadi. Murod Umarning 3D asarlari ham aynan shu vazifani bajardi. Ular oʻzbek rassomchiligini ikki oʻlchamli tasvir doirasidan chiqarib, uni fazo va harakat bilan uygʻunlashtirdi. Bu esa nafaqat texnik, balki falsafiy yangilik edi. Endi sanʼat faqat koʻrish uchun emas, balki his etish uchun ham yaratila boshladi.

— Shu bilan birga, moyboʻyoq orqali tabiat manzaralarini tasvirlashni ham juda yoqtiraman, — deydi ijodkor. — Togʻlar, keng vodiylar, tarix nafasi saqlanib qolgan qishloq manzaralari menga alohida ilhom bagʻishlaydi. Ayniqsa, Qirgʻizistonning Aravon qishlogʻi atrofidagi togʻlar hamda Toshkent viloyatining Ohangaron tumanidagi qishloqlardan ruhiy ozuqa olaman. Bu makonlarda oʻtmish bilan bugun bir-biriga singib ketgandek tuyuladi.

Murod Umar shu kunga qadar Toshkent shahrida olti marta shaxsiy koʻrgazmasini namoyish etgan. U Qirgʻiziston Respublikasida oʻtkaziladigan koʻplab xalqaro tadbirlarning doimiy ishtirokchisidir. Uning asarlari Rossiya, Vengriya, Ruminiya, Turkiya, Qozogʻiston, Qirgʻiziston va Germaniya muzeylaridan joy olgan.

Murod Umar ijodiga alohida rassom faoliyati sifatida emas, balki Oʻzbekistonda 3D tasviriy sanʼatga asos solgan badiiy maktab sifatida qarash toʻgʻriroq boʻladi. Uning ishlari yakka asarlar majmuasi emas, balki yangi tafakkurni, yangi vizual tilni va yangi badiiy muhitni shakllantirgan hodisadir. Ana shu jihati bilan u oʻzbek tasviriy sanʼatida yangi davr eshigini ochgan ijodkor sifatida tarixda qoladi.

Saminjon HUSANOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?