Yangi bino hamma xizmatlarni bir joyga jamladi

17:07 18 Iyul 2025 Jamiyat
177 0

Guliston shahar adliya boʻlimining yangi binosi foydalanishga topshirildi. Ushbu muhtasham imorat fuqarolar, tadbirkorlar hamda ijtimoiy soha vakillariga bir joyda va bir vaqtda keng koʻlamdagi huquqiy va davlat xizmatlarini taqdim etish imkonini beradi. Unda adliya boʻlimi, Yuridik xizmat koʻrsatish markazi, Fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish boʻlimi, Davlat xizmatlari markazi, shuningdek, notarial va FHDYO arxivlari faoliyat yuritadi.

— Yangi binoda fuqarolar va tadbirkorlar uchun barcha sharoitlar yaratilgan, — deydi Guliston shahar adliya boʻlimi boshligʻi Safarboy Togʻayev. — Xizmat koʻrsatish zalida bir vaqtning oʻzida 17 ta qabul oynasi orqali 400 dan ortiq davlat xizmatlari koʻrsatiladi. Shuningdek, elektron navbat tizimi, axborot kioskasi, mini-kutubxona va Wi-Fi hududi, maslahat xizmatlari va huquqiy axborot stendlari, nogironligi boʻlgan shaxslar uchun moslashtirilgan yoʻlaklar, kutish zallari va mobil qurilmalar uchun quvvatlagich joylari, bolalar maydonchasi ham mavjud.

Binoda kelin-kuyovlar uchun maxsus fotosuratga tushish maydoni — fotohudud tashkil etilganini yangicha yondashuv sifatida eʼtirof qilish mumkin. Milliy anʼanalar va zamonaviy dizayn uygʻunlashgan fotohududda xalqimizning milliy qadriyatlari, urf-odatlari, boy tariximiz, haqqoniy oʻtmishimizni ifoda etgan yaxlit kompozitsiya hosil qilingan.

Ahmadali SHERNAZAROV

“Xalq soʻzi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?