Vatan... ikki dunyo sendan kechmayman!

15:40 22 Fevral 2022 Madaniyat
2453 0

Arxiv surat

Sogʻinch

Taniqli shoir Azim Suyun 1948-yil 22-fevralda Samarqand viloyatidagi Nakurt qishlogʻida tugʻilgan.

Ijodkorning “Mening osmonim”, “Zarb”, “Zamin taqdiri”, “Xayolot”, “Javzo”, “Kuyganim — suyganim”, “Qora koʻzing sening”, “Saylanma”, “Sharq hikmati”, “Ey doʻst” kitoblari, koʻplab dostonlari adabiyot ixlosmandlari tomonidan sevib mutolaa qilib kelinmoqda.

Shoir sheʼrlari oʻziga xos ohangi, uslubi, baxshiyona ruhi bilan ajralib turadi. Qalbdan otilib chiqqan hayajonli, quyma satrlar oʻquvchi yodiga tez oʻrnashadi, dil toʻridan joy oladi.

Azim Suyun 2020-yilning 9-marti kuni vafot etgan.

VATAH

Oʻzimni tanidim, koʻklarda uchdim,

Momiq bulutlarning havosin ichdim —

Koʻzlarim toʻymadi, koʻzlardan kechdim.

Vatan! Ont ichmayman, qasam ichmayman,

Lekin ikki dunyo sendan kechmayman!

Olis dengizlarda suzdim baliqday,

Ofatijon sohil, yurdim xoliqday,

Dengizim yoʻq garchi, bezdim, toliqdim,

Vatan! Ont ichmayman, qasam ichmayman,

Lekin ikki dunyo sendan kechmayman!

Men kezmagan jannat bogʻlar qoldimi?

Oyogʻim yetmagan togʻlar qoldimi?

Ular jodusiga jon boylandimi?

Vatan! Ont ichmayman, qasam ichmayman,

Lekin ikki dunyo sendan kechmayman!

Aytib boʻlmas ekan dunyolar sirin,

Qalbda bir yapon qiz ismi yashirin.

Tojmahalda koʻzyosh toʻkkanlarim chin.

Vatan! Ont ichmayman, qasam ichmayman,

Lekin ikki dunyo sendan kechmayman!

Oh-oh, aylanayin boʻyingdan oʻzim,

Yuzim oʻzingdirsan, oʻzingsan koʻzim.

Senga qoʻshiqlarim koʻp erur mening.

Oʻlsam, quchogʻingda oʻlurman sening!

Vatan! Ont ichmayman, qasam ichmayman,

Lekin ikki dunyo sendan kechmayman!

ANGʻIZ OʻSGAN YERLARDA

Angʻiz oʻsgan yerlarda otlar bevaqt oʻlmagay,

Yaxshi boʻlsa ayollar erlar yuzi soʻlmagay.

Qaysi yurtda chinakam botir boʻlsa yigitlar,

Oʻshal yurtning ellari yovlarga qul boʻlmagay.

Ot minmagan ot minsa, chopa-chopa oʻldirar,

Bogʻ koʻrmagan bogʻ koʻrsa, payhon qilar, soʻldirar.

Hushyor boʻlgil, jon elim, elday saqla elingni,

Yovlaringga yoʻl bersang, poymonangni toʻldirar.

Bosh kesilsa, yoronlar, sochga motam tutilmas,

Qon qusilsa, yoronlar, ichga suvdek yutilmas.

Qay bir millat tuprogʻin toptar ekan makkor yov,

Oʻzligin bilganlarning baxti aslo butunmas!

Argʻumogʻlarga mining,

Gʻolib qilich yor boʻlsin!

Bu dunyoda har kimning

oʻz Vatani bor boʻlsin!

Azim SUYUN

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?