“Uzbekistan Airways” AJ: xizmat koʻrsatish sifati va xavfsizlik eng ustuvor masala

11:34 01 May 2025 Jamiyat
183 0

Botir MADIYOROV/“Xalq soʻzi”. Fargʻona shahrida “Uzbekistan Airways” AJ rahbariyati ishtirokida navbatdagi sayyor qabul tashkil etildi. Unda Fargʻona viloyati hokimligi, Savdo-sanoat palatasi Fargʻona viloyati hududiy boshqarmasi masʼullari, sayyohlik kompaniyalari, aviachiptalar sotuvi agentlari, eksportyor korxonalar rahbarlari hamda OAV vakillari qatnashdi.

— Fargʻona viloyati qishloq xoʻjaligi mahsulotlari eksporti borasida katta salohiyatga ega, — deydi “Uzbekistan Airways” AJ rahbari oʻrinbosari Shuhratillo Yodgorov. — Ayni jihatni inobatga olib, tadbirkorlarga qulaylik yaratish maqsadida joriy yildan yuk tashish bilan bogʻliq tariflar qayta koʻrib chiqildi. Zamonaviy mezonlar asosida ishlovchi omborxonalar faoliyati yoʻlga qoʻyildi.

Umuman olganda, xizmat koʻrsatish sifati va xavfsizlik faoliyatimizning eng muhim mezonlaridan biri sifatida belgilangan.

Ezgu saʼy-harakatlar doirasida joriy yildan Fargʻona viloyatidan Turkiyaga maʼlum sabablarga koʻra toʻxtab qolgan aviaqatnovlar parvozi qayta tiklangan boʻlsa, Xitoyning Urumchi shahriga parvozlar qatnovi boshlandi. Yaqin istiqbolda Janubiy Koreyaga muntazam ravishda aviareyslar tashkil etish koʻzda tutilmoqda.

Yuzma-yuz muloqotda xizmatlar sifati va xavfsizligini oshirish, halol raqobat muhitini yaratish orqali narxlar barqarorligini taʼminlash masalalari boʻyicha savollarga javob berishga harakat qilindi. Xalqaro miqyosda yoʻlovchi va yuk tashish bilan bogʻliq muammolar oʻrtaga tashlanib, oʻzaro fikr-mulohaza almashildi. Bir qator yangi takliflar ilgari surildi.

Shuningdek, tadbir ishtirokchilariga “Uzbekistan Airways” AJ guruhiga kiruvchi “Silk Avia” aviakompaniyasi negizida aviatashuvlar ichki bozorini rivojlantirish borasida olib borilayotgan ishlar xususida batafsil maʼlumot berildi. Mamlakat boʻylab ichki reyslarni koʻpaytirish, qulay va arzon xizmatlarni taklif etish turizm rivojida muhim omil ekanligi taʼkidlandi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер