Urgut, Yangiyoʻl va Popda giyohvandlik moddalari savdosi bilan shugʻullangan jinoiy guruhlar qoʻlga olindi

11:53 30 May 2024 Jamiyat
369 0

Foto: Videodan kadr

Davlat xavfsizlik xizmati giyohvandlik moddalar savdosi bilan bogʻliq 3 ta holatni aniqlab, jinoyatchilarni qoʻlga olganini maʼlum qildi. Tezkor tadbir davomida Samarqand, Yangiyoʻl va Popda jami 78 kilogrammdan koʻproq narkotik mahsulotlari musodara qilingan.

Xususan, Tojikiston Respublikasining Panjikent tumani bilan chegaradosh boʻlgan Samarqand viloyatining Urgut tumanida giyohvandlik vositalari kontrabandasi bilan shugʻullanuvchi 1 nafar Tojikiston va 6 nafar Oʻzbekiston fuqarolaridan iborat jinoiy guruh faoliyatiga chek qoʻyildi. Tezkor tadbir davomida guruh aʼzolaridan qoʻshni davlatdan aylanma yoʻllar orqali olib kelingan 11 kilogramm 502 gramm «opiy» moddasi protsessual tartibda rasmiylashtirib olingan. Shuningdek, ulardan 2600 AQSH dollari, 12 million 690 ming soʻm va 850 somoni ham ashyoviy dalil sifatida hujjatlashtirib olingan.

Ikkinchi holatda Toshkent viloyatining Yangiyoʻl tumanida Qozogʻiston Respublikasi fuqarosi toʻxtatilib, uning yuk sumkasi koʻzdan kechirilganda 46 kilogramm 738 gramm «gashish» moddasi borligi aniqlangan. Tezkor tadbir davomida qozogʻistonlik fuqaroning jinoiy sherigi boʻlgan bir nafar Tojikiston fuqarosi va uning sherigi boʻlgan yurtdoshimiz ham qoʻlga olingan. Aniqlanishicha, mazkur giyohvandlik vositasi Afgʻonistondan kontrabanda yoʻli bilan olib kelingan.

Yana bir jinoyat Namangan viloyatining Pop tumanida aniqlangan. Toshkent — Fargʻona yoʻnalishida harakatlanayotgan «Jentra» rusumli avtomashina Pop tumani hududida joylashgan YPX maskanida toʻxtatilib, koʻzdan kechirilgan. Natijada Margʻilon shahrida yashovchi, 1996 va 2001-yillarda tugʻilgan aka-uka ketayotgan avtomashina salonida 19 kilogramm 885 gramm «gashish» moddasi borligi maʼlum boʻldi. Xavfsizlik xizmatining axborotiga koʻra, aka-ukaning jinoiy sherigi boʻlgan va boshqa avtomashinada ularni kuzatib borayotgan Margʻilon shahrida yashovchi shaxs ham qoʻlga olingan.

Mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, qamoq ehtiyot chorasi qoʻllanilgan. Shuningdek, tergov harakatlari ham olib borilmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?