Uchqoʻrgʻonda xalqaro musobaqa

22:30 30 Mart 2026 Jamiyat
233 0

Dunyo mamlakatlarining oʻzaro hamkorlik, doʻstlik aloqalari mustahkamlanishida xalqaro sport musobaqalarining ham ahamiyati beqiyos. Bugun nafaqat respublikamiz poytaxti, balki viloyatlar ham sportning koʻplab turlari boʻyicha nufuzli turnirlar, chempionatlarga mezbon boʻlayotgani esa bu ezgu maqsadlar yoʻlida samaralari omillardan biri boʻlib xizmat qilmoqda.

Uchqoʻrgʻon tumanida karting poygasi boʻyicha Namangan viloyati hokimi Kubogi uchun boʻlib oʻtgan xalqaro musobaqa ham shunday tadbirlar sirasidandir.

Oʻzbekiston Respublikasi mudofaasiga koʻmaklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti tomonidan oʻtkazilgan ochiq turdagi xalqaro musobaqaning 1-bosqichida Rossiya Federatsiyasi, Tojikiston va Qirgʻiz Respublikalari, shuningdek, Sirdaryo, Toshkent, Namangan viloyatlari, Toshkent shahridan ishtirok etgan sportchilar mazkur shiddatli sportning “Mikro”, “Mini”, “Supermini”, “Ok-Junior”, “Patriot”, “KF”, “KZ” sinflari va “T-4 Patriot oʻsmirlar” sinfi boʻyicha bahslashdilar.

— Uchqoʻrgʻon tumani Oʻquv sport texnika markaziga tasarrufidagi kartodrom mintaqamizda xalqaro andozalar talabiga javob beradigan yagona sport inshooti hisoblanadi, — deydi “Vatanparvar” tashkiloti Namangan viloyati kengashi raisi Axmadjon Aʼloxoʻjayev. — Bu viloyatimiz yoshlari oʻrtasida mazkur sport turiga boʻlgan qiziqishni ortishi va bu yoʻnalishda koʻplab muvaffaqiyatlarga erishishida muhim omil boʻlmoqda. Shu bilan bir qatorda karting boʻyicha koʻplab xalqaro musobaqalarining shu yerda oʻtkazilayotgani ham viloyatimiz uchun katta sharaf. Bugungi kunda bu yerda 4-5-aprel kunlari karting boʻyicha oʻtkaziladigan Oʻzbekiston chempionatiga tayyorgarlik koʻrilmoqda.

Oʻziga xos jasorat talab etiladigan ushbu sport turi boʻyicha xalqaro ochiq turnir ishtirokchilari orasida sportchi qizlarning borligi, xususan, opa-singil Milena va Sabrina Kleynlarning “Supermini” hamda “T-4 oʻsmir” sinflarida gʻolib boʻlganliklari diqqatga sazovor.

— Tezlik va keskinlikni bolaligimdan yoqtiraman, deydi, — musobaqaning eng yosh qatnashchisi Milena Kleyn. — Shu bois hozirda Toʻraqoʻrgʻon tumanidagi 1-umumtaʼlim maktabida 3-sinfda oʻqish bilan birga 2022-yildan buyon tuman Oʻquv sport texnika markazi seksiyasida karting sporti bilan muntazam shugʻullanib kelayapman. Bugungi musobaqada gʻolib boʻlganim meni yana yangi gʻalabalar sari undaydi. Kelajakda dunyo miqyosidagi sport tadbirlarida Oʻzbekistonimiz bayrogʻini baland hilpiratish.

Qizgʻin va murosasiz kechgan musobaqaning 1-bosqich natijalariga koʻra umumjamoa hisobida gʻoliblik shohsupasining yuqori pogʻonasini Namangan tuman Oʻquv sport texnika markazi jamoasi egalladi. Toʻraqoʻrgʻon tumani vakillari 2-oʻrin, Namangan viloyati sportning texnik va amaliy turlari markazi jamoasi 3-oʻringa sazovor boʻldi.

Akramjon Sattorov, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?