Uchqoraliklar muammolari hal etiladi

10:21 03 Oktyabr 2025 Jamiyat
88 0

Xatirchi tumanidagi Uchqora qishlogʻi oʻzining taʼmi ogʻizda qoladigan mayizi bilan mashhur. Uchqoraliklar yetishtirgan mazkur neʼmat hatto, kosmonavtlar menyusidan oʻrin olgan edi, degan gap-soʻzlar ham yuradi. Boʻlsa bordir, biroq uchqoraliklarning ham oʻz tashvish va muammolari yoʻq emas.

Bugun mahallada 4 ming nafardan ortiq aholi istiqomat qiladi, bu oʻrta hisobda mingta oila degani. Ularning 100 tasi kambagʻallik reyestriga kiritilgan. Bu esa oʻz-oʻzidan har oʻn oiladan biri demakdir. Bundan tashqari, yillar davomida aholi salomatligi, nogironlikni belgilash va bandlik bilan bogʻliq muammolar ham yigʻilib qolgan.

Ushbu muammolarni bartaraf etish maqsadida Ijtimoiy himoya milliy agentligi Navoiy viloyati boshqarmasi rahbari boshchiligidagi ishchi guruh mahallada boʻlib, fuqarolar bilan yuzma-yuz muloqot qildi.

— Ushbu muloqotdan asosiy maqsad kambagʻal oilalarga davlat tomonidan koʻrsatiladigan ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash choralari koʻlamini kengaytirish va ijtimoiy himoyaga muhtoj aholining takliflarini tinglashdan iborat boʻlib, muammolar aholi xonadonlariga borgan holda oʻrganildi, — deydi boshqarma boshligʻi Qahramon Rajabov. — Xususan, uning doirasida moddiy yordam, nogironlik guruhini tayinlash, davolanish uchun yordam, kambagʻallik reyestriga kiritish bilan bogʻliq 14 nafar fuqaroning 27 ta murojaatlari joyida hal etildi.

Taʼkidlash joiz, Uchqoraga ichimlik suvi chetdan keltiriladi. Yer osti suvlarining tortilib ketgani sababli ekin suvi ham keyingi yillarda muammoga aylanib bormoqda. Tabiiyki, bu dunyoga mashhur Uchqora uzumchiligiga ham tahdid soladi. Oʻzaro muloqotlarda mahalla faollari bilan mazkur muammo muhokama qilinib, beshta hududda yer osti quduqlarini rekonstruksiya qilishga kelishib olindi. Ushbu va boshqa muammolarni bartaraf etish boʻyicha boshqarma “yoʻl xaritasi” ishlab chiqildi.

Temur ESHBOYEV

“Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер