Uchinchi Renessansning yangi jadidi

14:40 23 May 2024 Jamiyat
855 0

Siyosatshunos Qudratilla Rafiqovning «Ishonch» hamda «Xalq soʻzi» gazetalarida eʼlon qilingan
«Shavkat Mirziyoyev: Men umrimni shu xalqqa tikkanman» sarlavhali maqolasiga munosabat.

Mamlakatning bir boʻlagi, ziyo ahlining vakili sifatida milliy matbuotimizni muntazam kuzatib borar ekanman, ustozimiz siyosatshunos Qudratilla Rafiqovning «Ishonch» hamda «Xalq soʻzi» gazetalarida eʼlon qilingan «Shavkat Mirziyoyev: Men umrimni shu xalqqa tikkanman» sarlavhali maqolasini oʻqib, qalb hayajonga toʻldi va dengiz kabi toʻlqinlandi. Ushbu samimiyatga yoʻgʻrilgan haqiqatlar ifodasi shunday soʻzlar bilan boshlanadi:

«Prezidentning yaqinda Jizzaxda viloyat faollari bilan uchrashuvdagi nutqida bir nuqta koʻpchilikning eʼtiborini tortdi. Unda davlatimiz rahbari shunday degan edi: «Xudo menga sogʻliq berib, umr bersa, bizda kambagʻallik va ishsizlik boʻlmaydi. Nimaga desangiz, bunga men yetti yil umrimni tikdim. Tizim yaratdim, qonun yaratdim, dunyoni ochib berdim. Xalqim yaxshi yashasin, niyatlari amalga oshsin, bolalari baxtli boʻlsin, nevaralari sogʻlom tugʻilsin, maktabi ishlasin, yoʻllari ravon boʻlsin deb ishga keldim…». Yozilgan nutqdan tashqariga chiqib aytilgan ushbu mulohazalar odamlarni favqulodda sergaklantirdi. Ehtimol,shundandir ayni iqtibos matbuot va ijtimoiy tarmoqlarda koʻp «aylandi». Nega? Chunki bu soʻzlar samimiy va chin yurakdan aytilgan edi.

Barchamizni munosabatga, nuqtai nazarga chorlagan ushbu maqola aynan ushbu savolga batafsil va asosli ravishda javob bera olgan.

Mamlakatimizda sodir boʻlayotgan yangilanishlarni chuqur mushohada qilar ekanmiz, xalqimiz kutgan oʻzgarishlarning harakat markazida turgan buyuk reformator – Muhtaram Prezidentimiz tashabbuslari xususida eʼtirof etish albatta joizdir.

Xalq dardini oʻzi taqdiri deb bilib, vijdon amri bilan unga fidokorona xizmat qilayotgan, borini shu el rizoligiga baxshida qilgan jonkuyar rahbar, Yangi Oʻzbekiston tarixida oʻchmas iz qoldirgan millat yetakchisi – Shavkat Mirziyoyev Miromonovich chindanda oʻzgacha shiddatkor kuchga, fidoyilikka ega boʻlgan haqiqiy innovatordir. Biz mamlakat yetakchisini mamlakatda kechayotgan «yangi davrning bunyodkori» deb atasak, kelajak avlodga haqiqatni aytgan boʻlamiz. Butun dunyo nigohi yurtimizga qaratilgan pallalarda esimda, Ispaniya matbuotida, Amerika bosma nashrlarida «Oʻzbekistonda tadrijiy inqilob boshlanmoqda», «Oʻzbekistonda yangi davr boshlanmoqda» degan xabarlar jahon boʻylab tarqala boshladi. Qachon shunday boʻlgan? Yurakni entiktirib yuborgan bu kunlar har bir vatandoshimizning xotirasidan oʻchmasa kerak.

Tarix jonli guvohki, Sharqda Uygʻonish davriga beshik boʻlgan, ilm-fan taraqqiyotiga asos boʻlgan bu makonda Yangi Renessans toʻlqinlari mavj urishi kutilgan haqiqat edi. Dunyo ahliga Amir Temur, Beruniy, Xorazmiy, Fargʻoniy, Imom Buxoriy, Termiziy, Forobiy, Abu Ali ibn Sino, Mirzo Ulugʻbek, Alisher Navoiy, Mirzo Boburlarni yetishtirib bergan ona diyorimiz tanlovda adashmadi, oʻz xohish irodasini munosib insonga ishondi. Bu azmi iroda, ishonchga yarasha salohiyat esa xalqning yetakchisida mujassam edi, va u yaratuvchanlikka qodir qatʼiyati bilan marrani katta oldi. Xalq ichida «suyagi qotgan» yoʻlboshchimiz odamlarga shonli tariximizdan soʻzlab oʻtirmadi, nurli kelajak toʻgʻrisida bashoratlar keltirmadi, zero, Shavkat Miromonovich bugunning farzandi edi. Tik va adl nigohi toʻgʻridan-toʻgʻri xalqning qalbini koʻra oldi, holbuki, barchasi bugundan boshlanishini haqiqiy lider yaxshi tushunardi. Hazrati Mavlono Jaloliddin Rumiyning «Sham boʻlmoq oson emas! Nur sochmoq uchun avval yonmoq kerak» deya keltirgan hikmatli soʻzlari bizning millat sardori toʻgʻrisidagi qarashlarimizga hamohangdir. U jonini qiynab ishladi, xalq uchun kuydi, yonish kerak boʻlsa, avval oʻzi quyosh boʻlib, elimiz yoʻlini yorita boshlagach, hammaning yuragida «Yangi Oʻzbekiston» olovini gurkiratib yubordi.

Mana shu olov taftida yurtimiz milliy rivojlanishning yangi davriga dadil qadam qoʻydi. Eng katta voqelik esa – jamiyatning milliylashuvi boʻldi. Qadr-qimmat, urfu-odat, milliyat, oʻz gʻoya va mafkuramiz egasiga, oʻzimizga qaytdi. Yopishmagan yamoqdek, tomoqdan oʻtmagan luqmadek boʻlib turgan siyosiy mafkura oramizdan koʻtarilib ketdi. Bugun hayotimizning barcha jabhasi oʻzgarishlar ichida, 40 millionga yaqinlashayotgan xalqimiz esa bu islohotlarni qoʻllab-quvvatlamoqda. Vatan toʻgʻrisida eng chiroyli, osmoniy soʻzlarni yozish mumkin, hech kim bitmagan sheʼrlar yozish mumkin, dil ketadigan qoʻshiqlar aytish mumkin. Lekin mamlakatda yangilanishlar toʻlqinini yaratgan, Yangi Renessans davrining elparvar jadidi – maʼrifatparvar ajdodlarimizning yetuk davomchisi boʻlgan Davlat rahbari eng mashaqqatli ishlarni shovqin-suronsiz, madhlaru qarsaklarsiz, xokisorlik va kamtarlik bilan bajardiki, bu kabi buyuk islohotlar, evrilishlarni amalga oshirish, Navoiy hazratlari aytganlaridek «onson ermasdir.» Zero, mehnatkash yurak, pok vijdon, yuksak maʼnaviyat, uzoqni koʻzlaguvchi donolik, puxta tajriba, oʻtkir mushohada, favqulodda hassoslik, chin insoniylik bilan kamtar turib davrni, odamlar taqdirini oʻzgartirib yuborgan Yangi Oʻzbekiston meʼmori – Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyev – xalqimiz ardogʻiga chindan munosibdir. Mana shu jadid inson koʻmagida millat avval oʻzini hurmat qilishni, soʻng qadriyatlarini avaylashni oʻrgandi, asta qad rostladi, soʻng qadam tashladi, odimladi, koʻp yurdi, yoʻllari moʻl boʻldi. Endi butun el qanot qoqib uchmoq darkorligini angladi.

Darhaqiqat, bu oʻzgarishlarning kechagi tarixi asotirlarda yoki osori atiqalarda qolgan yodnomalar emaski, bir hikoyadek tez yakunga ega boʻlsa, manzili kaftdek koʻrinsa. Tariximiz vujudida millat va el boʻlmoqlik, jamiyat taraqqiyoti va kuchli davlatchilikning ming-ming yillar avval bunyod etilgan poydevori aks etadi.

«Millat manglaida kulgan quyosh bu,

Egilmay qilichga tik kelgan bosh bu,

Haqiqat zamini — Oʻzbekiston bu

Yangi davr eli – jadidiston bu»

Darhaqiqat, hur va erkin hayot, adolatli jamiyat barpo etishdek ulkan maqsadni oʻz oldiga qoʻygan xalqimiz Muhtaram Prezidentimiz jonkuyarligi va daldasi bilan har qanday mashaqqatli va murakkab taraqqiyot yoʻlini matonat bilan bosib oʻtdi. Shu asnoda odamlarning oʻz kelajagiga, ertangi kuniga munosabati oʻzgardi, hayotga, unib-oʻsgan zaminiga muhabbati, jamiyatga eʼtibori oshdi. Inson va uning manfaatlari oliy qadriyat ekanligini qalban his etdilar. Demakki, Yangi Renessans ostonasida davr va makon, maqsad va burch, islohotlar va samara, yetakchi va yelkadoshlar birligi — Yangi Oʻzbekiston mafkurasida jamuljam boʻldi. Mana endi xalqimiz Choʻlpon izlagan «Kecha»ning «Kunduz»ida — yorugʻ kunlar ichra yashamoqda va yashnamoqda.

Buning mevasi sifatida dunyoda Yangi Oʻzbekistonga nisbatan ishonch ruhi va mamlakatimiz bilan hamkorlikka intilish tamoyillari kuchaydi.

Fikrlarimizni muxtasarida aytish kerakki, ushbu munosabat misolida Fargʻona davlat universiteti jamoasi, koʻp ming sonli talabalari oliygoh uzra targʻibot-tashviqot ishlarini jadal boshlab yubordi va barcha fakultetlarda, kafedralarda, professor-oʻqituvchilar davralarida «Ishonch» gazetasining 21-may kungi hamda «Xalq soʻzi» gazetasining 2024-yil 22-maydagi 99-sonida nashr etilgan siyosatshunos, Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi prezidenti Qudratilla Rafiqovning «Men umrimni shu xalqqa tikkanman» sarlavhali maqolasi chuqur oʻrganilmoqda, shuningdek, yoshlarga maʼnaviy ibrat qilib oʻrgatilmoqda. Endilikda ushbu maqolani professor-oʻqituvchilarimiz boshchiligida «Bir ziyoli bir mahallaga maʼnaviy homiy» tamoyili asosida mahallalarda, quyi taʼlim boʻgʻinlarida mohiyatan oʻrgatish ishlarini boshlamoqdamiz.

Zero, biz ziyo ahli jamiyatda ming qadam oldinda yurishimiz, islohotlarimizning jonli targʻibotchisi boʻlishimiz har kuni kerak kerak va bu vijdon amri boʻlishi zarur!

Shu bois, barcha vatandoshlarimizni, millatdoshlarimizni va yoshlarimizni Muhtaram Prezidentimiz yetaklayotgan eng birinchi safga – Yangi Oʻzbekiston bunyodkorlari qatorida boʻlishga daʼvat etib qolamiz.

Bahodirjon SHERMUHAMMADOV, Fargʻona davlat universiteti rektori.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?