Tojinor muallimning gullari

10:26 14 Oktyabr 2025 Jamiyat
163 0

Samarqand viloyatining chekka hududlaridan biri Kattaqoʻrgʻon tumanidagi Yangiravot mahallasida istiqomat qiluvchi Tojinor Norova asli muallim. Uzoq yillar maktabda dastlab boshlangʻich sinf oʻqituvchisi, keyinchalik informatika va matematika fani oʻqituvchisi boʻlib ishlagan. Hozir nafaqada boʻlishiga qaramay, oʻzining moʻjazgina hovlisida anvoyi gullar yetishtirib, odamlarga goʻzallik ulashib kelmoqda. Yoshligidan gullarga mehr qoʻygan Tojinor opa 10-yildan buyon 4 sotix issiqxonada 200 turdan ortiq gullarni parvarishlamoqda.

– Hayotimdagi eng sevimli mashgʻulot gulchilikdir. Ular meni doim mahliyo etgan: uyda, koʻchada, ishda, – deydi Tojinor muallim. – Gullar xilma-xilligi va ifori bilan hayratda qoldiradi: oddiy dala gullaridan tortib, nafis bogʻlardagi atirgullargacha. Avval boshlanishiga oddiy gullardan ekib koʻpaytirdim. Keyin boshqa mamlakatlarda oʻsadigan noyob gullarni oʻstirishga kirishdim. Hozirda issiqxonamizda Italiya, Hindiston, Xitoy, Turkiya, Ozarbayjonda oʻsadigan 200 dan ortiq turdagi gullar mavjud. Gullar parvarishi bilan shugʻullanib tinimsiz harakatda boʻlaman. Bu sogʻligim uchun ham foyda.

Oʻtgan yili gulchilikdan 120 million soʻm daromad topgan Tojinor Norova joriy yilda 150 million soʻmga yaqin foyda olishni koʻzlayapti. Darvoqe, gulchilik daromadi hisobidan Labo avtomobilini xarid qildi. U gullarni xaridorlarga yetkazib berish, boshqa yumushlarda beminnat dastyor.

Tojinor Norova faoliyati orqali nafaqat oʻzining yoshlik orzusini roʻyobga chiqardi, balki mahalladagi koʻplab xotin-qizlarni ham ishli qildi. Bugun mahallada Tojinor opaga havas qilib gul yetishtirayotgan sohibkorlar soni ortib bormoqda. Bu ularning oilaviy byudjetiga ham foyda keltirmoqda.

Yurtimizda gulchilikni rivojlantirishga berilayotgan imtiyozlar ushbu yoʻnalishda faoliyat koʻrsatib kelayotgan vatandoshlarimizga yanada keng imkoniyatlar yaratmoqda. Turfa gul koʻchatlari yetishtirib kelayotgan Tojinor Norova ham bu imkoniyatlardan samarali foydalanib, kelgusida oʻz tadbirkorligini yanada kengaytirish niyatida. Oʻz tajribasini boshqalarga ham oʻrgatib, yangi ish oʻrinlarini yaratishga bel bogʻlagan. Muallima uchun bir parcha yerni ham gulzorga aylantirish oddiy yumushga aylangan: tuproqni tayyorlaydi, koʻchatlarni ekadi, suvni oʻz vaqtida quyadi, boʻshatadi, begona oʻtlarni olib tashlaydi. Bu kundalik mashaqqatli mehnatdan soʻng oʻz ishining natijasini koʻrganidan xursand.

Abdulaziz YOʻLDOSHEV

«Xalq soʻzi».

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?