Toshkentda xalqaro ekologik markaz ochiladi
Samarqandda boʻlib oʻtayotgan CITES CoP20 Konvensiyasiga aʼzo tomonlarning 20-sessiyasi mazmunli muloqotlar va keng qamrovli muhokamalar bilan davom etmoqda. Sessiya doirasida migratsiya qiluvchi turlarni saqlashdan tortib, chiqindilarni boshqarish, ilmiy dasturlarni rivojlantirish va 2026-yilga moʻljallangan global ekologik tadbirlarga tayyorgarlikkacha boʻlgan muhim masalalar koʻrib chiqilmoqda.
Tadbirda Qirgʻiziston va Tojikiston uchun Ekologik oʻzgarishlar atlasini yaratish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar alohida eʼtirof etildi. Shu munosabat bilan Oʻzbekiston Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun milliy va mintaqaviy ekologik atlas ishlab chiqish tashabbusini ilgari surdi. U atrof-muhitning barqarorlik parametrlari, ekotizimlar holati va asosiy ekologik koʻrsatkichlarni oʻz ichiga oladi. Shuningdek, tomonlar atmosfera havosi sifati boʻyicha tadqiqotlarni chuqurlashtirish, birgalikda tahliliy hisobotlar va tavsiyalar tayyorlashni davom ettirishga kelishib oldilar.
Sessiyada muhim kelishuvga erishildi: dunyo boʻyicha rejalashtirilayotgan 18 ta mintaqaviy texnik va ilmiy koʻmak markazlaridan biri 2026-yildan Toshkentdagi “Green University” bazasida tashkil etiladi. Markaz milliy va mintaqaviy treninglar, tajriba almashish dasturlari va CITES standartlariga mos texnik yechimlarni joriy etish bilan shugʻullanadi.
CITES CoP20 doirasida koʻchib yuruvchi turlarning qonun doirasida olinishini tartibga solishga qaratilgan yangi Global tashabbus ham taqdim etildi.
Ushbu tashabbus — Yovvoyi hayvonlarning koʻchib yuruvchi turlari toʻgʻrisidagi Konvensiya (CMS), Buyuk Britaniya, Oʻzbekiston va Yovvoyi tabiatni muhofaza qilish jamiyatining qoʻshma loyihasidir. Tashabbusni amaliy jihatdan ishga tushirish 2026-yil mart oyida CMSga aʼzo tomonlarning 15-sessiyasida rejalashtirilgan.
Loyiha mamlakatlarga milliy tabiatni muhofaza qilish siyosatini CMS majburiyatlari va bioxilma-xillikni saqlash boʻyicha global maqsadlar bilan uygʻunlashtirishda koʻmaklashishga qaratilgan. Yangi platforma CMS, CITES, Bioxilma-xillik boʻyicha global doiraviy dastur va boshqa xalqaro mexanizmlar asosida shakllantirilgan boʻlib, soha va sektorlar oʻrtasida bilim almashish, harakatlarni muvofiqlashtirish va migratsiya qiluvchi turlarni asrash boʻyicha amaliy choralarni kengaytirish imkonini beradi.
Bu esa hukumatlar, mutaxassislar va xalqaro tashkilotlar oʻrtasidagi hamkorlikni mustahkamlash, migratsiya qiluvchi turlardan noqonuniy foydalanishning oldini olishda yagona yondashuvni shakllantirish va tabiatni muhofaza qilish siyosatini yanada kuchaytirishga xizmat qiladi.
Abdulaziz YOʻLDOSHEV, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- “Matonatli Maryam” filmi keng jamoatchilikka taqdim etildi
- FIDE jahon kubogi chempioni Javohir Sindarovni kutib olish marosimi boʻlib oʻtdi (+fotoreportaj)
- Oʻzbekistonda xotin-qizlarga nisbatan raqamli zoʻravonlikka barham berish boʻyicha 16 kunlik kampaniya boshlandi
- “Barselona” La Ligada navbatdagi gʻalabasini qoʻlga kiritdi
- Bugun 2026-yilgi Jahon chempionatiga qurʼa tashlanadi
- Prezident poytaxtda transport tizimini yangilashga doir muhim qarorni imzoladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring