Toshkentda Haydar Aliyev sharafiga nomlangan koʻcha ochildi
Foto: president.uz
Ozarbayjon Prezidentining davlat tashrifi Haydar Aliyev sharafiga nomlangan koʻcha va uning yodgorligi ochilishidan boshlandi.
Shu munosabat bilan oʻtkazilgan tantanali tadbirda Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev ishtirok etdi.
Yigʻilganlar oldida nutq soʻzlar ekan, Prezident Shavkat Mirziyoyev Ozarbayjonning umummilliy yetakchisi va birodar ozarbayjon xalqiga oʻz hurmat-ehtiromini bildirdi.
- Prezident Ilhom Aliyevning Oʻzbekistonga tashrifi Ozarbayjon xalqining umummilliy yetakchisi, oʻzbek xalqining yaqin doʻsti Haydar Aliyev sharafiga nomlangan koʻchaning ochilish marosimidan boshlangani katta ramziy maʼnoga ega.
U kishi XX asrning atoqli siyosiy va davlat arbobi, mustaqil Ozarbayjonning asoschisi sifatida tarixga kirdi. Haydar Aliyevning qatʼiyati, kuchli siyosiy irodasi va beqiyos yetakchilik sifatlari tufayli yosh suveren davlat barcha qiyinchilik va sinovlarni munosib yengib oʻtdi, - dedi Prezidentimiz.
Oʻzbekiston rahbari Ozarbayjon umummilliy yetakchisi mamlakatlarimiz oʻrtasidagi doʻstlik munosabatlari va qardosh xalqlarimizning tarixiy rishtalarini izchil mustahkamlashga ulkan hissa qoʻshganini alohida taʼkidladi.
Ozarbayjon Prezidenti, oʻz navbatida, ushbu tashrif uning pandemiyadan keyingi ilk xorijiy tashrifi ekanini qayd etib, davlatimiz rahbari va Oʻzbekiston xalqiga Haydar Aliyevning yorqin xotirasini asrab-avaylashga qaratilayotgan doimiy eʼtibor uchun minnatdorlik bildirdi.
- Aziz qardoshim Shavkat Miromonovichdan Toshkent markazida otam Haydar Aliyev xotirasiga bagʻishlab shunday koʻrkam goʻshani barpo etish tashabbusi uchun juda minnatdorman. Biz buni oʻzbek qardoshlarimizning buyuk yetakchimizga, umumiy tariximizga chinakam birodarona munosabati sifatida qabul qilamiz. Bu butun Ozarbayjon xalqiga hurmat ifodasi hamdir, - dedi Ozarbayjon yetakchisi.
Marosimda ziyolilar, nuroniylar, ozarbayjon yurtdoshlarimiz ham soʻzga chiqdi. Ular Haydar Aliyev nomidagi obod koʻcha va xiyobon qardosh xalqlarimiz oʻrtasidagi mustahkam doʻstlikning yorqin ramzi ekanini taʼkidladilar.
Oʻzbekistonda ozarbayjon millatiga mansub 40 ming nafarga yaqin yurtdoshlarimiz istiqomat qilmoqda. 2003-yilda Ozarbayjon madaniyat markazlari uyushmasi tashkil etilgan. 2010-yilda Ozarbayjon elchixonasi qoshida Haydar Aliyev nomidagi Ozarbayjon madaniyat markazining yangi binosi ochilgan.
Shundan soʻng Ozarbayjon Prezidenti davlatimiz rahbari hamrohligida “Yangi Oʻzbekiston” bogʻiga tashrif buyurib, Mustaqillik monumenti poyiga gul qoʻydi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- 21-oktyabr – Oʻzbek tili bayrami kuni
- Roʻziqul Berdiyevning matbuot anjumanidagi fikrlari yuzasidan surishtiruv oʻtkaziladi
- Oʻzbekistonda Kasbiy taʼlim agentligi tashkil etiladi
- Oʻzbekistonning yangi trayektoriyasi: Asosiy xorijiy transferlar xaritasi
- Oʻzbekiston tasviriy sanʼat galereyasida Samarqand maktabining yangi nafasi
- Toshkentda diplomatik vakolatxonalar va xalqaro tashkilotlar oʻrtasida XІX xalqaro mini-futbol turniri tashkil etildi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring