Tomda pilla yetishtirgan ayol
Ha, ishonavering, shunday boʻlgan. Qoʻshqayragʻoch mahallasida yashovchi Gulnora Xudoyberdiyeva zamonamizning oddiy, shukronalikdan boshqasini bilmaydigan fidoyi ayollaridan. U xalqimiz suyib “kumush tola” deb ardoqlaydigan pilla yetishtirishning hadisini olgan. Toʻraqoʻrgʻon tuman hokimligining axborot xizmati rahbari Zohida Kenjayeva oʻzaro suhbatlardan birida pillakor oʻtgan yili qurtni hatto oʻzi yashaydigan uyning chordogʻida ham parvarishlaganini aytib qoldi.
-15 yildan beri qurt boqaman. Bu yumush onamdan meros qolgan. Allohning moʻjizasida bu jonivor. Qarang, mitti qurtchalar avval qop-qora, keyin oppoq tus oladi, yetilib ipak toʻqiydi. Oʻtgan yili shunday holat boʻldi. 38 gramm urugʻ olganman. Uyimda xonalar yetishmagani sabab nima qilishni bilmay qoldim. Keyin tomda boqsam-chi, degan fikr xayolimga keldi. Narvonda koʻtarilib, chordoqni shinam qilib tozaladimda, soʻkichak yasadim. Keyin qurtning bir qismini olib chiqdim. “Azbaroyi yaxshi koʻrganimdan sizlarni uyimning ikkinchi qavatida boqmoqchiman” deya Xudoga tavakkal qilib ishga kirishdim. Tom havo yaxshi aylanib turadigan joy ekan. Shunaqa pilla yetishdiki. Ammo, to hosilni yigʻishtirguncha oʻzim ham tomda yashadim,-deydi kulib Gulnora.
Uydagi alohida xona, unga qoʻshimcha tomda boqilgan ipak qurtlari yaxshigina hosil berdi. Qabul punktiga 138 kilo pilla topshirgan oila bir oylik samarali mehnati evaziga 3 million soʻmga yaqin daromad oldi.
Xudoyberdiyevlar xonadoni asosan oilaviy biznes hisobiga turmush kechiradiganlardan. 12 sotixli hovlida yoʻq mevaning oʻzi yoʻq, yerga kartoshkadan tortib, koʻkatlar, rezavorlargacha ekiladi. Tomorqa, pillachilik, chorva boqishdan topilayotgan millionlab daromad roʻzgʻor xarajatlaridan ortib orzu-havaslar ushalishigacha bemalol yetib turibdi. Saranjom-sarishta ayol hashamatli boʻlmagan uyida juda baxtli. Negaki, yilning toʻrt faslida ham tinib-tinchimagan Gulnoraning toʻrt farzandi boʻlib, barchasi oliygohlarda oʻqishadi. Kattasi Dilmurod Andijon tibbiyot oliygohi bitiruvchisi, qizi Risligʻoy Namangan muhandislik-texnologiya institutida talaba. Egizaklari Hasan-Husan Koreya davlatidagi nufuzli institutga kirishdi.
Bugun xonadon sohibasi mehnati qisqa vaqt davom etsa-da roʻzgʻorga yaxshigina baraka kiritadigan ipak qurti parvarishi bilan band. Tomorqa yumushlari, qoramollar qarovi ham joyida. Bu singari omilkorlik muhiti shakllangan oila aslo birovning koʻmagiga qarab qolmaydi.
Qudratilla NAJMIDDINOV,
“Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga kirish narxlari eʼlon qilindi
- Prezident raisligida videoselektor yigʻilishi boshlandi
- AQSH Hoʻrmuz boʻgʻozida kemalarni kuzatib borishni boshlashi mumkin
- 14-mart kuni kuzatiladigan ob-havo prognozi eʼlon qilindi
- Qiyinchiliklarda toblangan, ichki kuch va ogʻriqlarni jilovlay olgan — “Inson”
- Toshkent viloyatida Abdulla Oripov uy-muzeyi ochildi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring