Tilga e’tibor – elga e’tibor

20:54 19 Oktyabr 2024 Jamiyat
1009 0

Odamzot qalbidagi jamiki olijanob fazilatlar ona tilining betakror mo‘jizasidir. Ona tili umummillat mulkidir, demak, til oldidagi mas’uliyat ham umummilliydir. O‘zbek tilini shu Vatan tuprog‘ini bosayotgan, o‘zbekman deya faxr bilan yashayotgan har bir shaxs qadrlamog‘i, hurmat qilmog‘i lozim.

So‘ngi yillarda Prezidentimizning tashabbuslari bilan millat barhayotligining, davlat suverenitetining garovi bo‘lgan o‘zbek tilini rivojlantirish, uning imkoniyatlari va jozibadorligini xalqaro miqyosda ham targ‘ib etishga qaratilgan keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Bugun Bosh prokuraturada “Tilga e’tibor – elga e’tibor” shiori ostida ko‘tarinki ruhda o‘tkazilgan tadbir ham ayni shu masalalarga bag‘ishlandi.

Videoselektor shaklida o‘tkazilgan ushbu tantanali tadbirda prokuratura organlari, Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti va Majburiy ijro byurosi, Huquqni muhofaza qilish akademiyasi mas’ul xodimlari ishtirok etishdi.

Shuningdek, Bosh vazir o‘rinbosari Zulayho Mahkamova, Yozuvchilar uyushmasi raisining birinchi o‘rinbosari Minhojiddin Hojimatov, O‘zbekiston xalq shoirlari, Parlament a’zolari Iqboljon Mirzaaliyev, Mahmudjon Toirov, Vazirlar Mahkamasining Ma’naviyat va davlat tilini rivojlantirish masalalari departamenti mudiri Nodirjon Xolbo‘tayev, Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari Otabek Hasanov, Fanlar Akademiyasi o‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti direktori Nizomiddin Mahmudov va boshqa taniqli madaniyat, san’at va adabiyot namoyandalari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ham qatnashishdi.

Bayram tadbiri ishtirokchilar tomonidan Davlat madhiyasi baralla aytish bilan boshlandi. So‘ng, Bosh prokuror Nig‘matilla Yo‘ldoshev kirish so‘zi bilan ochib, 21-oktyabr – O‘zbek tili bayrami kuni bilan barchani muborakbod etdi hamda yurtimizda o‘zbek tiliga berilayotgan e’tibor va amalga oshirilayotgan muhim islohotlar, shuningdek, bu boradagi kamchiliklarga to‘xtalib o‘tdi.

Jumladan, 2019-yilda “Davlat tili haqida”gi Qonun qabul qilingan kun munosabati bilan o‘tkazilgan tantanali yig‘ilishda Prezidentimizning tahliliy ma’ruza bilan chiqish qilganlari o‘zbek tili rivojidagi mutlaqo yangi va tarixiy bosqichni boshlab berganligi ta’kidlab o‘tildi. Ayniqsa, Birlashgan Millatlar Tashkiloti va boshqa nufuzli minbarlarda davlatimiz rahbarining o‘zbek tilida ma’ruza bilan chiqqanlari nafaqat o‘zbek xalqi, balki butun turkiy xalqlar hayotidagi ulkan voqea bo‘lganligiga alohida urg‘u berildi. Zotan, shu tariqa dunyo ahli bir necha o‘n yillar, hatto asrlar o‘tib, muzaffar millatning ovozini uning o‘z tilida yana eshitdi.

Zero, davlatimiz rahbari ta’biri bilan aytganda, bugungi kunda biz yangi O‘zbekistonni, yangi Renessans poydevorini barpo etishdek ezgu maqsadlarimizga erishishda, hech shubhasiz, ona tilimizning hayotbaxsh qudratiga tayanamiz.

Shu bilan birga, Bosh prokuror prokuratura organlari tomonidan Davlat tiliga doir qonunchilik hujjatlar ijrosi muntazam o‘rganilib, aniqlangan qonun buzilishi holatlari yuzasidan qat’iy choralar ko‘rilayotganligini bayon qildi.

Shuningdek, tadbirda bayram munosabati bilan prokuratura xodimlari o‘rtasida tahliliy ish, savodxonlik va she’rxonlik yo‘nalishlarida o‘tkazilgan tanlov g‘olib va sovrindorlari diplom va sertifikatlar hamda esdalik sovg‘alar bilan taqdirlandi.

Tadbirda so‘z olgan taniqli san’atkor, olim, yozuvchi va shoirlar ham davlat tilining o‘rni va ahamiyati haqida o‘z fikrlarini bildirishdi hamda bayram munosabati bilan barchani tabriklab, tegishli tavsiya va takliflari bilan o‘rtoqlashishdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?