Til ─ millat koʻzgusi

20:38 20 Oktyabr 2023 Madaniyat
276 0

Buyuk maʼrifatparvar bobomiz Abdulla Avloniy “Har bir millatning dunyoda borligʻini koʻrsatadurgan oyinai hayoti til va adabiyotidur. Milliy tilni yoʻqotmak millatning ruhini yoʻqotmakdur” degan soʻzlaridan chuqur hikmat bor desak mubolagʻa boʻlmaydi.

Darhaqiqat, oʻzlikni anglash, milliy ong va tafakkurning ifodasi, avlodlar oʻrtasidagi ruhiy-maʼnaviy bogʻliqlik til orqali namoyon boʻladi. Jamiki ezgu fazilatlar inson qalbiga, avvalo, ona allasi, ona tilining betakror jozibasi bilan singadi. Ona tili bu millatning ruhidir.

Yangi Oʻzbekistonda muhtaram Prezidentimiz tashabbuslari bilan oʻzbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish, ona tilimizning qadr-qimmatini joyiga qoʻyish borasida samarali ishlar amalga oshirilmoqda.

Ayniqsa, davlatimiz rahbarining 2023-yil 19-sentyabr kuni Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 78-sessiyasida oʻzbek tilida soʻzlagan nutqi bu boradagi saʼy-harakatlarga keng yoʻl ochib, oʻzbek tilining nafaqat respublikamizdagi, balki jahondagi nufuzini yanada mustahkamladi.

Barchamizga maʼlumki, mustaqil diyorimizda 21-oktyabr sanasi Oʻzbek tili bayrami kuni sifatida keng nishonlanib kelinmoqda. Ana shunday tadbirlardan biri, 2023-yilning 18-oktyabr kuni Favqulodda vaziyatlar vazirligi Akademiyasida Oʻzbek tili bayrami kuniga bagʻishlangan “Til-millat koʻzgusi” mavzuida maʼnaviy-maʼrifiy tadbir boʻlib oʻtdi.

Tadbirda Respublika “Maʼnaviyat-maʼrifat” markazi Ekspertlar komissiyasi aʼzosi, jamoatchi maslahatchi, xalqaro toifadagi spiker, falsafa fanlari doktori, professor Jamila Shermuhamedova, Xalq deputatlari Yangihayot tumani kengashi deputati Umida Nishanbekova, Respublika maʼnaviyat-maʼrifat markazi Yangihayot tumani boʻlinmasi masʼuli Umida Boʻronova, Jamoat xavfsizligi universiteti “Maʼrifat” markazi boshligʻi Shuhratxon Muhammadxonov, Akademiya professor-oʻqituvchilari, harbiy xizmatchilari va kursantlar hamda OAV vakillari ishtirok etdi.

Tadbirda soʻzga chiqqanlar, ona tilimizning oʻziga xosligi, bugungi kunda davlat tilining nufuzi va maqomini oshirish borasidagi islohotlarga toʻxtalib, har bir vatan farzandi oʻz ona tilini sevishi, uning qadr-qimmatini joyiga qoʻyishda faol ishtirok etishi zarurligini, davlat idoralarida davlat tilini rivojlantirish, davlat tilida ish yuritishni tashkil qilish ishlarining izchil davom ettirilayotganligini alohida taʼkidladilar.

Shundan soʻng, ijodkor mehmonlarimiz Ona tilini ulugʻlovchi bir qator sheʼrlaridan tadbir qatnashchilarini bahramand etdilar.

Uchrashuvda kursantlar ham soʻz olib, el ardogʻidagi shoirlarning ijod namunalaridan yod aytib, ustoz shoirlardan esdalik sheʼriy toʻplamlari bilan birga oʻzlarini qiziqtirgan savollariga atroflicha javoblar oldilar. Tadbir haqiqiy til bayrami va sheʼriy kecha boʻlganligi, shuningdek, Ona Vatanni madh etuvchi kuy-qoʻshiqqa ulanib ketganligi bilan tadbir ishtirokchilarida iliq taassurotlar qoldirdi.

Alisher OBIDJONOV,

Akademiya boshligʻining oʻrinbosari, podpolkovnik.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?