“Til imkoniyatga aylansin” ijtimoiy loyihasi nima?

14:40 11 Mart 2026 Jamiyat
213 0

Navoiy shahridagi “Nurli maskan” maktab-internatida alohida taʼlim ehtiyojlariga ega boʻlgan bolalarni qoʻllab-quvvatlash, ularning bilim olish imkoniyatlarini kengaytirish hamda jamiyatga faol integratsiyasini taʼminlash maqsadida “Til imkoniyatga aylansin” ijtimoiy loyihasi yoʻlga qoʻyildi.

Mazkur loyiha 26 yoshli tashabbuskor pedagog Hayotjon Ismoilov tomonidan ishlab chiqilgan boʻlib, uning doirasida alohida taʼlim ehtiyojlariga ega boʻlgan oʻquvchilarga ingliz tili zamonaviy metodlar asosida oʻqitiladi. Shuning barobarida ularning nutq koʻnikmalari rivojlantirilib, xalqaro taʼlim standartlariga mos bilim olishga erishiladi.

Ustozning fidokorona mehnati samarasi oʻlaroq oʻquvchilar ingliz tilini puxta oʻzlashtirib, muhim natijalarga erishmoqda.

— Xususan, loyiha ishtirokchilaridan 10 nafar oʻquvchi ingliz tili boʻyicha milliy sertifikatni qoʻlga kiritdi, — deydi H. Ismoilov. — Bu esa nafaqat oʻquvchilarning bilim salohiyatini, balki ularning kelajakda taʼlim va kasb tanlash imkoniyatlarini ham bir qadar kengaytiradi.

Mazkur tashabbus va uning natijalari Ijtimoiy himoya milliy agentligi Navoiy viloyati boshqarmasi tomonidan olqishlanib, yosh avlodga sifatli taʼlim berish, ayniqsa alohida taʼlim ehtiyojiga ega bolalarning bilim olishiga yordam berayotgani uchun bir guruh pedagoglarga minnatdorlik bildirilib, agentlikning sovgʻalari topshirildi.

Temur ESHBOYEV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?