Tejamkor “aqlli” issiqxona

Bugungi kunda qishloq xoʻjaligida aqlli texnologiyalar kirib kelmoqda. Mamlakatimizda tomchilatib sugʻorish, avtomatlashtirilgan harorat va namlik nazorati, yuqori hosildor navlardan foydalanish orqali hosildorlikni bir necha barobar oshirishga allaqachon erishilgan. Iqlim oʻzgarishi va resurslarni tejash talablari qishloq xoʻjaligini raqamlashtirishni mustahkamlashga undamoqda. Bu yoʻnalishdagi islohotlar doirasida Xalqaro tiklanish va taraqqiyot banki hamda Xalqaro taraqqiyot uyushmasi ishtirokida “Oʻzbekiston Respublikasi qishloq xoʻjaligini modernizatsiya qilish” loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi. Ushbu qaror asosida Oʻzbekiston qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Qishloq xoʻjaligi ekinlari navlarini sinash markazining moddiy texnik bazasini mustahkamlash vazifasi belgilandi.
Surxondaryoda “Termiz nav sinash stansiyasi” toʻliq modernizatsiya qilindi. Natijada viloyatdagi birinchi “aqlli” issiqxona barpo etildi. Bu issiqxona faqatgina qishloq xoʻjaligidagi innovatsiya emas, balki tabiiy resurslardan tejamkorlik bilan foydalanish hamda hosildorlikni sezilarli oshirishga xizmat qiladigan mukammal tizimdir.
“Termiz nav sinash stansiyasi”dagi aqlli issiqxona hozirgi zamon texnologiyalari asosida qurilgan. Ushbu issiqxonada harorat va yer namligi avtomatik tartibda nazorat qilinadi. Yer namligi yetarsiz boʻlganda tomchilatib sugʻorish tizimi kerakli miqdorda ishga tushadi. Issiqxonada ishlatilayotgan asosiy uch turdagi oʻgʻitlar aniq miqdorda aralashtirilib, avtomatik ravishda dalaga yoʻnaltiriladi. Masofadan turib nazorat qilish imkoniyati mavjud. Elektr energiyasining asosiy manbai sifatida quyosh panellari faoliyat koʻrsatmoqda. Issiqxonaga oʻrnatilgan 5 kilovattlik quyosh panellari tabiiy energiyadan foydalanishni taʼminlamoqda.
– “Aqlli” issiqxonaning qurilishiga Jahon banki tomonidan 180 ming dollar mablagʻ ajratildi, – deydi laboratoriya boshligʻi Otabek Abdullayev. – Issiqxonada barcha jarayonlar — haroratni boshqarishdan tortib, barcha agrotexnik tadbirlar avtomatlashtirilgan tarzda amalga oshiriladi. Muhim jihati, oʻsimliklar kasalligi ham texnologik jarayon orqali koʻrsatiladi. Bu inson mehnatini kamaytiradi, resurslarni tejashga imkon beradi. Quyosh energiyasidan foydalanish esa nafaqat iqtisodiy, balki ekologik jihatdan ham katta afzallik beradi.
Bu issiqxona orqali yangi va duragay navlar sinovdan oʻtkaziladi. Tadqiqotlar yakunlangach, eksportbop, serhosil, kasalliklarga chidamli bu navlar rasmiy roʻyxatga kiritiladi. Mahalliylashtirish uchun tavsiyalar beriladi. Surxondaryoga kirib kelayotgan innovatsion navlar dastlab shu aqlli issiqxonada sinovdan oʻtkaziladi. Bu loyiha nafaqat qishloq xoʻjaligini modernizatsiya qilishga xizmat qiladi, balki mamlakatimizda zamonaviy agrotexnologiyalarni keng joriy etishga ham zamin yaratadi. Hozirgi kunda “Termiz nav sinash stansiyasi”dagi “aqlli” issiqxona innovatsiya va samaradorlikning uygʻunligi sifatida mamlakat uchun namuna boʻlib xizmat qilmoqda. Bu jarayon qishloq xoʻjaligida yangi bosqich, yaʼni yuqori texnologiyali, resurs tejamkor va ekologik barqaror ishlab chiqarishning boshlanishi ekanini koʻrsatadi.
Farhod ESONOV,
“Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Jahon olimlari nigohi yana Oʻzbekistonga qaratildi
- Prezident Oʻzbekiston oʻqituvchi va murabbiylariga tabrik yoʻlladi
- Oʻzbekistonda dollarning rasmiy kursi oʻzgardi
- Prezident Ismoil Joʻrabekov vafoti munosabati bilan hamdardlik bildirdi
- Oʻzbekiston va Turkmaniston: barqaror rivojlanish yoʻlidan borayotgan davlatlar
- Tadbirkorlar yangicha yondashuvlar asosida qoʻllab-quvvatlanadi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring