Termiz hayvonot bogʻidagi hayvonlarga elektron chiplar oʻrnatildi

12:37 14 May 2024 Jamiyat
536 0

Farhod ESONOV/“Xalq soʻzi”. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 31-maydagi “Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi faoliyatini samarali tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori bilan Toshkent, Fargʻona va Termiz hayvonot bogʻlari Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi tasarrufiga oʻtkazilgan edi. Hayvonot bogʻlarining moddiy-texnik bazasini yaxshilash, saqlanayotgan hayvonlarni asrab-avaylash, ularning sonini koʻpaytirish maqsadida vazirlik tomonidan bir qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Jumladan, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirining tegishli buyrugʻiga asosan Termiz hayvonot bogʻida saqlanayotgan Oʻzbekiston Qizil kitobi hamda Yoʻqolib ketish xavfi ostida turgan yovvoyi hayvonlar va oʻsimliklar turlari bilan xalqaro savdo qilish toʻgʻrisidagi konvensiya (CITES) ilovalariga kiritilgan hayvonlar chiplashtirilib, ular uchun elektron pasport tizimi yoʻlga qoʻyilmoqda.

— Hayvonlarning kurak qismidagi teri ostiga, baʼzilarining toʻsh orasiga, quloq orqasiga chiplar oʻrnatilmoqda, — deydi Termiz hayvonot bogʻi xodimi Bahodir Jumayev. — Bu bilan ularning qanday ozuqa bilan oziqlanayotgani, ularga qanday veterinariya tadbirlari oʻtkazilayotgani, umuman, ular haqidagi maʼlumotlar yagona elektron bazaga kelib turadi. Shu bilan birga, hayvonlar elektron roʻyxatga olinmoqda, yaʼni ularning elektron pasporti yaratilmoqda. Pasport tizimi yoʻlga qoʻyilishi jarayonida jonivorlar haqidagi barcha maʼlumotlar — qachon tugʻilgani, qayerdan olib kelinganigacha barcha maʼlumotlar yagona elektron bazaga kiritiladi. Bu esa ushbu hayvonlarning muhofaza etilishini muntazam nazorat qilishga imkon beradi.

Dastlabki chiplash tadbirlarida 4 bosh yirtqich hayvon, qushlardan 2 bosh Oʻzbekiston Qizil kitobiga kiritilgan oq boshli qumoy, choʻl burguti hamda tuyoqlilardan 2 bosh jonivor — morxoʻr, Buxoro togʻ qoʻyiga chiplar oʻrnatildi.

Maʼlumot uchun, bugungi kunda Termiz hayvonot bogʻida jami 488 bosh noyob hayvon saqlanmoqda. Shundan yirtqichlar 40 bosh, sudralib yuruvchilar 84 bosh, tuyoqlilar 47 bosh hamda qushlar 317 boshni tashkil etadi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?