Temir panjara ortidagi tarix haqiqati

19:54 02 May 2025 Jamiyat
645 0

Foto: Akmal Muhammadov / “Xalq soʻzi”

Xotira — muqaddas, saboq — abadiy

9-may mamlakatimizda Xotira va Qadrlash kuni sifatida keng nishonlanadi. Biz shu kuni Ikkinchi jahon urushida qurbon boʻlgan yuz minglab vatandoshlarimizni xotirlab, janggohlardan omon qaytgan qahramonlarga ehtirom koʻrsatamiz. Mustabid tuzumning shafqatsiz qatagʻonlarida nohaq ayblanib azob-uqubatlarga mahkum etilgan, uzoq oʻlkalarda ona yurt sogʻinchida jon taslim qilgan insonlar xotirasini yod etamiz.

 

Foto: Akmal Muhammadov / “Xalq soʻzi”

Sobiq ittifoq davrida mustamlakachilik siyosati natijasida birlashtirilgan hamma respublikalarda turli qatagʻonlar, inson qadrini toptash, erk va ozodlik uchun har qanday intilishni kuch bilan bostirish tinmadi. Oʻzbekistonda ham minglab ziyolilar, atoqli davlat va siyosat arboblari, ilm-fan namoyandalari, ijodkorlar, diniy ulamolar, harbiy soha va sud-huquq tizimi xodimlari hamda ularning oila aʼzolari siyosiy taʼqiblar qurboni boʻldi.

Foto: Akmal Muhammadov / “Xalq soʻzi”

Mahkumlar soni shu qadar koʻp ediki, jazolash muassasalari dislokatsiyasi uzoq Sibirdan tortib Qozogʻiston choʻllarigacha boʻlgan ulkan mintaqani qamrab olgan edi. Qoʻshni respublika hududida joylashgan Karlag (Karagandinskiy lager) va ALJIR (Akmolinskiy lager jyon izmennikov Rodinы) kabi jazoni oʻtash muassasalari ham ana shunday begunohlar taqdirini parchalagan, ularni misli koʻrilmagan azobu uqubatlarga duchor etgan joylar boʻlgan. Bu lagerlardagi jazoga nohaq tortilib, insoniy huquqlaridan mahrum qilinganlar orasida koʻplab oʻzbek ziyolilari va ularning oila aʼzolari, yaqinlari ham bor edi.

Foto: Akmal Muhammadov / “Xalq soʻzi”

Biz bu tarixni unutmasligimiz kerak. Yosh avlod uni bilishi, oʻrganishi va toʻgʻri xulosa chiqarishi shart. Shu maʼnoda, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2024-yil 19-iyuldagi “Siyosiy qatagʻon qurboni boʻlgan yurtdoshlarimiz hayoti va faoliyatini oʻrganish, targʻib etish hamda ularning xotirasini abadiylashtirish borasidagi ishlarni kengaytirish toʻgʻrisida”gi qarori mustaqilligimizni har tomonlama mustahkamlash, tariximizning nomaʼlum sahifalarini tiklash va ilmiy nuqtayi nazardan chuqur oʻrganish, shu asosda yurtdoshlarimiz, ayniqsa, yosh avlodning Vatan taqdiri va kelajagiga daxldorlik tuygʻusini, fuqarolik pozitsiyasini kuchaytirish, ularni bugungi tinch, erkin va ozod hayotning qadriga yetish ruhida tarbiyalashga xizmat qilmoqda.

Foto: Akmal Muhammadov / “Xalq soʻzi”

Xotira — bu faqat oʻtmish emas, balki kelajakni adolatli va ogohlik bilan qurishga xizmat qiluvchi maʼnaviy ustun. Tahririyatimiz xodimlarining Qozogʻistondagi “Karlag” va “ALJIR” muzeylariga qilgan xizmat safari davomida nafaqat oʻtmishga yana bir bor nazar tashlandi, balki tarixiy xotira va undan olinajak saboqning ahamiyatini ochib berishga ham eʼtibor qaratildi.

Hujjatlar tilga kirganda

Ostonaning zamonaviy qiyofasi, osmonoʻpar binolari va tinch muhiti qarshisida Qozogʻiston zaminida tarixdan guvoh beruvchi ayrim ogʻriqli xotiralar yanada teran his qilinadi. “Karlag” va “ALJIR” muzeylari ana shunday qaygʻuli xotiralarni oʻzida aks ettirgan maskanlar boʻlgan.

Foto: Akmal Muhammadov / “Xalq soʻzi”

Karlag — Qaragʻanda shahri atrofida joylashgan, yer maydoni boʻyicha zamonaviy Fransiya hududiga teng keladigan yirik lagerlar tizimi boʻlib, tarixda oʻzining mudhish nomi bilan eslanadi. Markaziy Osiyodagi eng katta repressiyalar koʻzgusi sifatida tanilgan. Sobiq ittifoq davrida ozodlikdan mahrum etilgan minglab begunoh insonlar shu yerda qiynoqqa solingan, hatto jonidan ayrilgan. ALJIR esa faqat xotin-qizlar uchun moʻljallangan qamoqxona boʻlib, u yerda “xalq dushmani” tamgʻasi bosilgan erkaklarning rafiqalari va onalari tutqunlikda ushlangan, farzandlaridan ajratilgan.

Foto: Akmal Muhammadov / “Xalq soʻzi”

Y. A. Buketov nomidagi Qaragʻanda universiteti rektori, Qozogʻiston Respublikasi Milliy fanlar akademiyasining muxbir aʼzosi, yuridik fanlar doktori, professor Nurlan Dulatbekovning taʼkidlashicha, bu muzeylar tarixni nafaqat hujjatlarda, balki inson qalbida saqlashga xizmat qiladi. Ular hayot haqiqatini gapiradi. Qora kunlar, kechirilmas xato va insoniy fojialarni esga soladi. Bu muzeylar hozirgi avlodni oʻtmishni unutmaslikka, xatolarni takrorlamaslikka daʼvat etadi. Ular xotira va iztirob orqali adolat va maʼrifat sari olib boradigan koʻprikdir.

Foto: Akmal Muhammadov / “Xalq soʻzi”

— XX asrning birinchi yarmidagi ommaviy siyosiy qatagʻonlar insoniyat tarixiga totalitar rejimning oʻz xalqini qirib, yakson etishi sifatida kirgan, — deya taʼkidlaydi Nurlan Dulatbekov. — Sobiq ittifoq parchalanganidan soʻng davlatlar va millatlar oʻz oʻtmishlariga murojaat qilib, qonli terrorning oqibatlarini tahlil etishga intildi. Karlag haqidagi hujjatlar koʻp yillar davomida maxfiylik belgisi ostida saqlab kelingan. Arxivlar ochilgach koʻplab shohidlar oʻz xotiralarini xalqqa taqdim qilishga kirishdi. Bu tarixiy jarayonlar faqat mustabid tuzum davridagi siyosiy qatagʻonlarning fojiali sahifalarini yoritib qoʻyish bilan chegaralanmay, yangi ilmiy tamoyillar va konsepsiyalarning paydo boʻlishiga ham yordam berdi. Karlag mahbuslari nafaqat Qozogʻiston, balki butun sobiq ittifoq respublikalari madaniyati va iqtisodiyotida muhim rol oʻynagan ziyolilardan tortib mashhur shaxslargacha boʻlgan kishilardir.

Har bir eksponat — begunoh qurbonning achchiq taqdiri

“Karlag” va “ALJIR” muzeylariga tashrif — bu shunchaki sayohat emas, balki qalbni titratuvchi, tarixga yuzlanuvchi ruhiy safar. Qamoqxonalar, soxta sudlar, iztirobga toʻla maktublar, temir panjara ortida qolgan taqdirlar… Har bir eksponat begunoh qurbonning achchiq taqdiri haqida soʻzlaydi.

Foto: Akmal Muhammadov / “Xalq soʻzi”

“Karlag”dagi qora devorlar, sovuq kameralar, ogʻir mehnatga mahkum boʻlgan insonlarning ish qurollari — bularning har biri inson qadri, erkinlik va adolat poymol boʻlishini yanada teran anglashga yordam beradi.

Foto: Akmal Muhammadov / “Xalq soʻzi”

— Dolinka qishlogʻidagi siyosiy qatagʻon qurbonlari xotirasi muzeyi (“Karlag” muzeyi) 2001-yilda Karlag tarixiy yodgorliklarini tadqiq qilish va saqlash, Qozogʻiston hududida joylashgan majburiy mehnat lagerlari qurbonlari xotirasini abadiylashtirish maqsadida tashkil etilgan, — deydi muzey xodimasi Yelena Pistina. — Hozirgi kunda muzey Karlagning sobiq boshqaruv binosida joylashgan boʻlib, u 1933 — 1935-yillarda minglab mahbuslar tomonidan qurilgan. Binolarning umumiy maydoni — 3326,6 kvadrat metr. Mehmonlar eʼtiboriga ikki qavatda joylashgan “Qozogʻistonda ocharchilik”, “Karlagning tashkil topish tarixi”, “Karlagning xoʻjalik faoliyati”, “Ayollar va bolalar”, “Xalqlarni deportatsiya qilish” va boshqa mavzularni qamrab olgan 20 ta ekspozitsiya zali taqdim etilgan.

Foto: Akmal Muhammadov / “Xalq soʻzi”

Muzeyning doimiy ekspozitsiyalaridan siyosiy taʼqiblar tarixi boʻyicha arxiv materiallari, xatlar, fotosuratlar, mahbuslarning shaxsiy ishlari hamda ekspeditsiya davomida topilgan ish qurollari, maishiy buyumlar joy olgan. Kolleksiya tarkibida lager mahbuslari tomonidan yaratilgan sanʼat asarlari ham bor.

Foto: Akmal Muhammadov / “Xalq soʻzi”

Muzeyning yertoʻla qismidan tergov izolyatori installyatsiyasi — qamoqxona, erkaklar va ayollar kamerasi, tergovchi xonalari, qiynoqxona va boshqalar kishini mahzun oʻyga toldiradi, tarixdan saboq chiqarishga undaydi. Bu yerda mahbuslarni saqlash sharoitlari, soʻroq oʻtkazish jarayonlari va shaxsiy ishlarni rasmiylashtirish tartibi ham aks ettirilgan. Tergov izolyatori installyatsiyasi qatagʻon qurbonlari, nazoratchilar va tergovchilarning haykallari bilan toʻldirilgan.

Foto: Akmal Muhammadov / “Xalq soʻzi”

Muzey ilmiy-maʼrifiy faoliyat bilan ham shugʻullanadi. Bu yerdagi Siyosiy taʼqiblar tarixi boʻyicha ilmiy-tadqiqot markazida olimlarning arxiv materiallari asosida tayyorlagan ishlari taqdim etilgan.

Foto: Akmal Muhammadov / “Xalq soʻzi”

Muzeyda Karlagning sobiq mahbuslari va qatagʻonga uchraganlarning avlodlari bilan uchrashuvlar muntazam uyushtiriladi. Siyosiy taʼqiblar va ocharchilik qurbonlarini yod etish kunida konferensiyalar, uchrashuvlar, seminarlar oʻtkaziladi. Ekspozitsiya zallarida Karlag mahbuslari hayotidan lavhalar “jonlanadi”. Yil davomida muzey fondi va shaxsiy kolleksiyalardan olingan eksponatlardan iborat davriy koʻrgazmalar oʻtkaziladi. Muzey fondida taxminan 15 mingta eksponat mavjud boʻlib, shularning 6 mingdan ziyodi asl tarixiy buyumlardir. Asosiy fond uchun yetarlicha boy va turli materiallar toʻplangan.

Foto: Akmal Muhammadov / “Xalq soʻzi”

Fotosuratlar va hujjatlar muzey ekspozitsiyasi va fondlarida alohida oʻrin egallaydi. Chunki ular lager hayotidan guvohlik beradi. Masalan, 1931-yildagi “Putyovka” gazetasi, 1932-yilda lotin alifbosida qozoq tilida nashr etilgan “Jana Jol” gazetasi hamda mahbuslarning kundaliklari muzeyning nodir eksponatlaridir.

Foto: Akmal Muhammadov / “Xalq soʻzi”

Bundan tashqari, muzey fondida deportatsiya qilingan rassomlar — P. I. Rechenskiy, L. P. Andreyuk va L. E. Gamburgerning noyob asarlari, 1920 — 1930-yillardagi qozoq xalqining maishiy buyumlari, mahbuslar tomonidan tikilgan chevarlik mahsulotlari, oʻsha davrga tegishli musiqa asboblari, taʼmirlash-mexanika zavodida mahbuslar tomonidan ishlab chiqarilgan uskunalar, deportatsiyaga uchragan xalqlarning shaxsiy buyumlari va boshqa koʻplab nodir eksponatlar saqlanadi.

Foto: Akmal Muhammadov / “Xalq soʻzi”

Muzeyga tashrif buyuruvchilar soni yildan-yilga oshib bormoqda. Nafaqat qozogʻistonliklar, balki yaqin va uzoq xorij fuqarolari ham muzeyga katta qiziqish bildirmoqda.

Qismati parchalangan ayollar

“ALJIR” muzeyida muhabbatdan, onalikdan, hayotdan mahrum etilgan ayollarning achchiq qismati namoyon. Bu mashʼum maskanda turli yillarda 18 mingdan ortiq ayollar qamoqda saqlangan. Ular aybsiz edi. Bu mushfiqalarning bor-yoʻq “aybi” ular turmushga chiqqan insonlar yoki farzandlari “xalq dushmani” deb eʼlon qilingani edi, xolos.

Foto: Akmal Muhammadov / “Xalq soʻzi”

Bu yerda qamoqda oʻtirganlar orasida oʻsha davrdagi koʻplab davlat va siyosat arboblarining oila aʼzolari bor edi. Masalan, xoinlikda ayblanib otib tashlangan marshal Mixail Tuxachevskiy oilasiga mansub ayollar, yozuvchi Boris Pilnyakning rafiqasi Kira Andronikashvili, yozuvchi Yuriy Trifonovning onasi Yevgeniya Lurye, davlat arbobi Turar Riskulovning umr yoʻldoshi Aziza Riskulova-Isengulova, yozuvchi Beyimbet Maylinning rafiqasi Guljamol Maylina, shuningdek, Bulat Okudjava va Mayya Pliseskayaning onalari “ALJIR” azoblarini boshdan kechirishgan.

Foto: Akmal Muhammadov / “Xalq soʻzi”

Bu qamoqxonada hali hech narsani anglab yetmagan norasida bolalar ham tutqunlikda ushlangan. Muzeyda saqlanayotgan bolalar oyoq kiyimlari, norasida mahbuslarni tasvirlovchi haykalchalar va ular haqidagi yozuvlarni koʻrgan odam koʻz yoshlarini tiyishi juda qiyin.

Muzey xodimasi Gauxar Rizaliyevaning taʼkidlashicha, “ALJIR” muzey-memorial majmuasi — totalitar tuzum davridagi siyosiy qatagʻon qurbonlari xotirasiga bagʻishlangan tarixiy maskan boʻlib, u koʻr-koʻrona olib borilgan zulm siyosati nimaga olib kelishi mumkinligini aniq namoyish etadi.

Foto: Akmal Muhammadov / “Xalq soʻzi”

Muzey kesilgan konus shaklidagi bino boʻlib, u gʻam-anduhni saqlovchi oʻziga xos qutiga oʻxshaydi. Binoning oynalari yoʻq, yorugʻlik eksponatlarga yuqoridan tushadi, goʻyo sirli pardani koʻtargandek. Muzeyga kirish yer osti yoʻlagi orqali amalga oshiriladi, uning devorlarida siyosiy taʼqiblar davridagi tarixiy voqealar tasvirlangan.

Foto: Akmal Muhammadov / “Xalq soʻzi”

Muzey-memorial majmuasi bir nechta obyektlardan iborat. “Stalin vagoni” yoki “qizil vagon” — hibsga olingan va surgun qilinganlarni tashish uchun moʻljallangan. “Qaygʻu arkasi” haykali ramzlarga boy. Arkada aks etgan siymo halok boʻlgan eri va yoʻqotilgan farzandlari uchun motam tutayotgan ayol timsolidir. Bu yerga keluvchilar arkadan oʻtish barobarida bosh egishi — fojia yillarida halok boʻlganlarning xotirasiga hurmat bildirishi, demakdir.

Foto: Akmal Muhammadov / “Xalq soʻzi”

Majmua atrofida ALJIRda tutqunlikda boʻlgan 62 millatga mansub ayollarning xotirasini abadiylashtirish maqsadida xorijiy davlatlar elchixonalari tomonidan oʻrnatilgan yodnomalar mavjud.

Foto: Akmal Muhammadov / “Xalq soʻzi”

Bundan tashqari, “Umidsizlik va ojizlik” kompozitsiyasi — ozodlik yoʻllarining yoʻqolishi, ilojsizlik va umidsizlikni ifodalaydi. “Kurash va umid” kompozitsiyasi — ozodlikni orzu qiluvchi, qafasni parchalashni istayotgan ayol timsoli. U bu maqsadda sheʼriyat, goʻzallik, ijodga murojaat etgan. “Koʻz yoshlar” stelasi — lagerlar dahshatini boshidan kechirgan barcha insonlarga bagʻishlangan. Unda GULAG xaritasi va Qozogʻiston hududidagi 11 ta Karlag tizimiga kiruvchi lager nomlari tasvirlangan. Sim toʻsiq ortidagi ayol va bolalarning koʻz yoshlari — ALJIR mahbuslari va ularning avlodlari taqdirining fojiali ramzidir.

Foto: Akmal Muhammadov / “Xalq soʻzi”

Barak — “ijtimoiy jihatdan xavfli va antisovet harakatlarga moyil” deb baholangan ayollar yashagan bino. Unda ALJIR mahbuslaridan bolalarining olib qoʻyilishi sahnasi aks etgan diorama namoyon qilingan. “Alash bogʻi” 1,5 gektar maydonni egallaydi. Ushbu hududda lager mahbuslari tomonidan mevali bogʻ yaratilgan boʻlib, u bugungi kunda qayta tiklanmoqda. Xotira devorida esa ALJIRda jazo muddatini oʻtagan 7 mingdan ortiq ayollarning ismlari yozilgan.

Bu muzeyga kirgan inson tarixni faqat koʻribgina qolmaydi — uni bor vujudi bilan his qiladi. Bu joy inson vijdonini uygʻotadi.

Oʻtmish bilan suhbat va kelajak oldidagi masʼuliyat

“Karlag” va “ALJIR” muzeylaridagi har bir qadam — oʻtmish bilan suhbat, har bir koʻz yoshi — kelajak uchun saboq. Bu joylar bizga tinchlik va erkinlik osongina kelmagani, bugungi baxtli hayot uchun qancha insonlarning taqdiri qurbon boʻlganini eslatadi.

Foto: Akmal Muhammadov / “Xalq soʻzi”

Bugun Oʻzbekistonda tarixga yuzlanib, totalitarizmning qora sahifalari ochib tashlanmoqda. Vatanimiz istiqloli, bugungi ozod, tinch va farovon hayot uchun kurashib, aziz jonlarini fido etgan, sobiq ittifoq davrida qatagʻon qilingan ajdodlarimiz xotirasini abadiylashtirish, ularning faoliyati va merosini oʻrganish hamda targʻib etishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

2021 — 2024-yillar davomida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi tomonidan 1 ming 200 dan ziyod siyosiy qatagʻon qurbonlarining nomlari oqlanganini alohida qayd etish lozim.

Qatagʻon qurbonlari xotirasi davlat muzeyi, uning hududlardagi boʻlimlari hamda Jadidlar merosi davlat muzeyi mavzuga doir maʼlumotlar, ashyoviy dalil va hujjatlar, boshqa tegishli eksponatlar bilan muntazam ravishda boyitib borilyapti.

Mahmudxoʻja Behbudiy, Abdulla Avloniy, Isʼhoqxon Ibrat, Abdurauf Fitrat, Abdulhamid Choʻlpon, Abdulla Qodiriy kabi ulugʻ maʼrifatparvar ajdodlarimiz xotirasiga bagʻishlangan muhtasham haykallar, muzeylar bunyod etildi, ijod maktablari faoliyati yoʻlga qoʻyildi. Siyosiy qatagʻon yillarida nohaq qurbon boʻlgan yurtdoshlarimizning nomlarini aniqlash, ular qoldirgan merosini oʻrganish va keng jamoatchilikka yetkazishga qaratilgan ilmiy tadqiqot ishlari, badiiy va hujjatli asarlar yaratilmoqda.

Zotan, istibdod davri tarixini bilishimiz juda muhim. Totalitar tuzumning mashʼum jinoyatlari, butun xalqlar boshiga solgan kulfatlarni bilgan, tarixdan zarur xulosa chiqargan avlod esa erkinlik va tinchlik qadrini teran anglaydi. Oʻtmishga yuz burib, kerakli saboq olgan xalq bugungi kunini, kelajak yoʻlini toʻgʻri belgilab oladi. Tinchlik-totuvlik, mustaqillik, Vatan or-nomusi, hurligi uchun kurashadi, farovon va baxtli hayot yoʻlida ishonch bilan odimlaydi.

Nurlan USMONOV

(“Xalq soʻzi”).

Toshkent — Ostona — Qaragʻanda — Toshkent.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер