Telegram orqali giyohvandlik moddasi sotgan shaxs qoʻlga tushdi

11:29 26 Yanvar 2026 Jamiyat
144 0

Fargʻona viloyatida internet ijtimoiy tarmoqlari orqali giyohvandlik vositalarini sotish holati aniqlandi. Bu haqida Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar berdi.

Unda aytilishicha, departamentning Qoʻqon shahri boʻlimi xodimlari tomonidan oʻtkazilgan tezkor-profilaktik tadbir davomida Telegram messenjerida kanal-bot tashkil etgan shaxslar kuchli taʼsir qiluvchi, psixotrop va giyohvandlik vositalari savdosi bilan shugʻullanib, fuqaroga tarkibida giyohvandlik moddalari boʻlgan 0,92 gramm “Aromo klubnika” nomli vositani 10,1 million soʻmga sotishga kelishgani fosh qilingan.

Qonunbuzar shaxs, kelishilgan ushbu pullar boshqa bir fuqaroning nomidagi plastik kartaga oʻtkazib berilgandan soʻng giyohvandlik vositalarini Toshkent shahri, Mirzo Ulugʻbek tumani, “Alisherobod” MFY hududidagi yerga koʻmib qoʻyganligi maʼlum boʻlgan.

Hozirda mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 273-moddasi (giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni oʻtkazish maqsadini koʻzlab qonunga xilof ravishda tayyorlash, olish, saqlash va boshqa harakatlar qilish, shuningdek ularni qonunga xilof ravishda oʻtkazish) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergovga tegishliligi boʻyicha yuborilgan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?