Tarbiya hammamiz uchun muhim fanga aylanishi kerak
Bugun hayotning oʻzi oldimizga yangidan-yangi vazifalarni qoʻymoqda. Hozirgi shiddatli davrda bu vazifalarga befarq qarashga haqqimiz yoʻq. Prezidentimiz mamlakatimiz mustaqilligining yigirma toʻqqiz yilligiga bagʻishlangan tantanali marosimdagi nutqida Oʻzbekistonda yangi bir uygʻonish — Uchinchi Renessans davriga poydevor yaratilayotganini alohida taʼkidlab oʻtdi. Ushbu fikr asosida ulkan tarixiy maqsad mujassam ekanini barchamiz anglab yetishimiz kerak.
Prezidentimiz Oʻzbekistonni buyuk davlatlar qatoriga koʻtarish uchun xalqni safarbar qildi. Ushbu maqsadni amalga oshirish uchun fikrlashi, hayotga munosabati butunlay oʻzgacha boʻlgan yangi avlodni tarbiyalash, taʼlim-tarbiya berish vazifasi yuzaga chiqdi. Mamlakatimizda qisqa davr ichida amalga oshirilgan ishlar, xususan, maktabgacha taʼlim, umumiy oʻrta-taʼlim, oliy taʼlimdagi islohotlar yangi avlodni tarbiyalash asoslarini mustahkamlamoqda.
Tarixiy davrda jamiyatda ijtimoiy birdamlik hissini mustahkamlash, xalqimiz turmushini har tomonlama yuksaltirishga xizmat qiladigan ezgu gʻoyalar atrofida yosh avlodni birlashtirish taʼlim tizimi oldida turgan eng dolzarb masalalardan biri, deb oʻylayman. Albatta, bu oʻz-oʻzidan amalga oshib qolmaydi, tizim kerak.
Shuning uchun “Uzluksiz maʼnaviy tarbiya konsepsiyasi” doirasida umumtaʼlim maktablarida birinchi marta Tarbiya fani joriy etilmoqda. Avvalo aytish kerak, bu fan boshqa fanlardan koʻp jihatdan farq qiladi. Butun mamlakat maktablarida mazkur fan boʻyicha samarali natijalarga erishish oson emas, albatta. Oldimizda hali juda katta tashkiliy, uslubiy ishlarni amalga oshirish vazifasi turibdi.
Birinchidan, yangi renessansga mos avlod boʻlish uchun yoshlar qanday xislatlarga ega boʻlishi kerakligi haqida chuqur oʻylashimiz, undan keyin taʼlim-tarbiyani shunga yoʻnaltirishimiz lozim.
Ikkinchidan, bugun zamon shunday oʻzgaryaptiki, taraqqiyotning yuqori darajasiga chiqish uchun ilgʻor texnologiyalar, nanotexnologiyalar bilan shugʻullanadigan, dunyoga tatiydigan kashfiyotlar qiloladigan avlodni voyaga yetkazish talab etiladi. Buning uchun, oʻylashimcha, biz nafaqat yoshlarga, shu bilan birga, oʻzimizga boʻlgan munosabatni ham oʻzgartirishimiz, eski koʻnikmalar taʼsiridan chiqib, yangi qadriyatlarga, yangi chaqiruvlarga moslashishimiz zarur. Bunga juda sharafli va buyuk masala, deb qarashimiz kerak.
Uchinchidan, yangi avlodni voya yetkazishda, taʼlim-tarbiya berishda eng masʼuliyatli vazifa oʻqituvchi va pedagoglarimiz zimmasida turibdi, deb oʻylayman. Qanday taʼlim-tarbiya usuli tanlanadi? “Tarbiya” fani qaysi fanlar bilan uzviylashadi, qaysi mavzularga koʻproq eʼtibor qaratish kerak? Bugungi zamonni rivojlantiradigan fanlar, qanday qadriyatlar bilan uygʻun boʻlishi lozim, degan muhim savollarga eʼtiborni qaratish maqsadga muvofiq boʻlardi. Agar oʻqituvchi va pedagoglarning yangi tarbiya fanini oʻqitishga malaka va koʻnikmalarini oshirmasak, ularni ruhan tayyorlamasak, fan dasturi oʻz samarasini berishi qiyin kechadi.
Yangi oʻquv yili boshlanishi arafasida turibmiz. Taʼlim-tarbiya hamjihatlikda, hamkorlikda olib boriladigan jarayon. Bu yerda oʻqituvchi-murabbiyning alohida, ota-onaning alohida oʻrni va albatta, jamoatchilikning alohida hamkorlikdagi vazifalari bor. Shu jihatdan qarasak, demak, “Tarbiya” fanining oʻqitilishi, samaradorligi masalasi umumxalq ishi darajasiga koʻtarilishi zarur. Oʻzbekiston kelajagi boʻlgan aziz farzandlarimiz istiqboli uchun astoydil va hamkorlikda ishlashimiz kerak, degan maʼnaviy talabni hammamiz oʻzimizga qatʼiy vazifa sifatida belgilasak, ezgu maqsadlarimizga erishamiz.
Ulugʻbek INOYATOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri oʻrinbosari,
OʻzXDP fraksiyasi rahbari
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Nodirbek Abdusattorov Pragadagi shaxmat festivalida chempionlikni qoʻlga kiritdi
- Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi Prix Versailles talqiniga koʻra 2026-yilning dunyodagi eng goʻzal muzeylari roʻyxatiga kiritildi
- Matchanov Umirzak Seitjanovichning iqtisodiyot fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD) dissertatsiya himoyasi eʼloni
- Endilikda yoʻlovchi bojxona deklaratsiyasini mobil ilova orqali elektron shaklda topshirish mumkin
- Yaqin Sharqdagi keskinlikning narxi: AQSH, Isroil hamda Eron urush uchun qancha sarflayapti?
- Eronning hujum salohiyati 50 foizga qisqardi – AQSH senatori
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring