Tadbirkorlarga savob amallar yarashadi

10:03 17 Mart 2026 Jamiyat
98 0

“Kimki bir koʻngli buzugʻning xotirin shod aylagay, Oncha borkim, Kaʼba vayron boʻlsa, obod aylagay”, deya yozganlarida hazrat Navoiy ming karra haq. Dunyoda ehtiyojmand, yordamga muhtoj, nogiron kishilarga xayr-u saxovat koʻrsatish, ular ogʻirini yengil qilishning savobini oʻlchay oladigan tarozi yoʻqdir.

Ramazon ayyomi hamda Navroʻz bayrami arafasida Buxoro tumanida ana shunday savob ishlardan biri amalga oshirildi. Shu kunga qadar ijarama-ijara yurgan, boquvchisini yoʻqotgan, norasida farzandlari bilan qiynalib yashayotgan, tunlarni “Mening ham oʻz boshpanam boʻlarmikan?” degan oʻylar bilan oʻtkazgan beshta oilaga yangi uy kaliti topshirildi. Bu xayrli, unutilmas amal tashabbuskori “Jannat ishqida” masʼuliyati cheklangan jamiyati rahbari Feruz Toʻrayev boshchiligidagi saxovatpesha tadbirkorlar boʻldi. Bogʻidasht mahallasida tashlandiq yotgan yer oʻrnida qad rostlagan qoʻsh qavatli moʻjaz uyda umrguzaronlik qilish uchun barcha qulayliklar yaratilgan.Turar-joyda nafaqat yashash, balki mehnat qilib, roʻzgʻorni butlash imkoniyati ham mavjud. Gap shundaki, uy yertoʻlasida qadoqlash sexi joylashgan. Boshqacha aytganda, ayollarbop ish oʻrinlari hozirlangan.

Uy-joyni egalariga topshirishga bagʻishlangan marosimda xalqimizga xos ezgu fazilatlar davomchilari hamda boshpanali boʻlgan oilalar shaʼniga iliq soʻzlar aytildi.

Istam IBROHIMOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?