Suv resurslarini boshqarish va irrigatsiya sektorini rivojlantirish dasturi qabul qilindi
Prezident Shavkat Mirziyoyev 12-avgust kuni suv resurslarini boshqarish va irrigatsiya sektorini rivojlantirishga oid takliflar taqdimoti bilan tanishdi.
Suv tanqis boʻlgan mintaqamizda uni qadrlash va tejash juda dolzarb masala. Oʻzbekistonda bunga doimiy eʼtibor qaratilib, sugʻorish tarmoqlari taʼmirlanmoqda, suv tejovchi texnologiyalar joriy qilinmoqda.
Xususan, 2020-2024-yillarda shu maqsadlarga 60 trillion soʻm byudjet mablagʻlari hamda 622 million dollar xorijiy investitsiya yoʻnaltirilgan. Natijada, 2020-yilda suv tejovchi texnologiyalar qoʻllangan maydonlar jami sugʻoriladigan maydonlarga nisbatan 4 foizni tashkil etgan boʻlsa, 2025-yilga kelib bu koʻrsatkich 50 foizga yetgan.
Endi bu ishlarning izchil davomi sifatida, suv resurslarini boshqarish va irrigatsiya sektorini rivojlantirishning 2025–2028-yillarga moʻljallangan dasturi ishlab chiqildi.
Taqdimotda mutasaddilar unda nazarda tutilgan chora-tadbirlar toʻgʻrisida axborot berdi.
Dasturda suv resurslaridan oqilona foydalanishga ustuvor ahamiyat qaratilgan. Shu maqsadda 2 ming 551 kilometr irrigatsiya tarmoqlari rekonstruksiya qilinishi belgilangan. Nasos stansiyalaridagi eski uskunalarni tejamkoriga almashtirish orqali ularning yillik elektr energiyasi isteʼmolini 6,8 milliard kVt/soatdan 6,2 milliard kVt/soatgacha kamaytirish moʻljallangan.
Yerlarning holati ham suv sarfida muhim omil hisoblanadi. Shu bois dasturda suv taʼminoti past boʻlgan sugʻoriladigan maydonlarni 424 ming gektardan 276 ming gektargacha kamaytirish koʻzda tutilgan. Turli darajada shoʻrlangan hamda yerosti suvining sathi muammoli boʻlgan maydonlar ham kamaytiriladi. Natijada foydalanishdan chiqib ketgan 460 ming gektar yer ekishga qaytariladi.
Yana 1 million 400 ming gektar yerda suv tejovchi, shu jumladan, 293 ming gektarda tomchilatib sugʻorish texnologiyasi joriy etiladi. 20 ta yirik inshootlarda nazorat-oʻlchov uskunalari modernizatsiya qilinadi.
Suv hisobini yuritishda inson omilini kamaytirish ham muhim. Bu borada 12 mingta meliorativ kuzatuv qudugʻida hamda 1 ming 750 ta nasosda zamonaviy monitoring yoʻlga qoʻyiladi. 12 ta yirik suv xoʻjaligi inshooti raqamli texnologiyalar asosida avtomatlashtirilgan boshqaruvga oʻtkaziladi.
Umuman, dastur natijasida beton qoplamali kanallar ulushi hozirgi 39 foizdan 47 foizga yetadi. Irrigatsiya tarmoqlarining sifati oshib, yoʻqotishlar kamayadi. Tejamkorlik hisobiga bu yil 10 mlrd kub metr, 2028-yilga borib 14 mlrd kub metr suv iqtisod qilinishi kutilmoqda.
Davlatimiz rahbari bu takliflarni maʼqullab, Oʻzbekiston Respublikasida suv resurslarini boshqarish va irrigatsiya sektorini rivojlantirishning 2025-2028-yillarga moʻljallangan dasturini tasdiqladi.
Taqdimotda, shuningdek, sohada samaradorlikni oshirish, raqamlashtirish, xususiy sektor ishtirokini kengaytirish borasidagi ishlar toʻgʻrisida ham axborot berildi.
Hozirgi kunda viloyatlar, tumanlar va xoʻjaliklar miqyosidagi 18 ming 755 ta gidropostni avtomatlashtirish boshlangan. Keyingi bosqich dalalarga suv taqsimlovchi nuqtalarda rejalashtirilgan.
Suv xoʻjaligini raqamlashtirish masalasiga alohida toʻxtalib oʻtildi. Sohaga daxldor idoralardagi 11 ta dasturni integratsiya qilib, yagona platforma ishlab chiqish, IT-markaz va Vaziyatlar markazi tashkil etish boʻyicha topshiriq berildi. Bunda “Oʻzbekkosmos” imkoniyatlaridan keng foydalaniladi.
5 ming 200 ta nasosni elektr va suv hisoblagichlar bilan jihozlash, yirik nasoslarni muqobil energiyaga oʻtkazish vazifasi qoʻyildi. Bunda olinadigan maʼlumotlar raqamli platformada jamlanadi, suvning iqtisodiy samaradorligi tahlil qilib boriladi.
Bugungi kunda 2 ming 612 ta suv obyekti davlat-xususiy sheriklikka berilgan. Endi yirik nasoslar ham xususiy sektorga taklif qilinadi. Ularning har biri uchun alohida jozibador shartlar ishlab chiqiladi.
Oʻtgan yili tuman irrigatsiya boʻlimlari negizida 159 ta “Suv yetkazib berish xizmatlari” davlat muassasasi tashkil qilingan edi. Ushbu quyi boʻyin faoliyatini yaxshilash maqsadida endi ularga oʻz mablagʻini mustaqil taqsimlash huquqini berish koʻzda tutilmoqda.
Sohada xizmatlarni yaxshilash va samaradorlikni taʼminlash mutaxassislar tajribasiga ham bogʻliq. Shu maqsadda 200 oʻrinli malaka oshirish markazi tashkil etish rejalashtirilmoqda.
Prezidentimiz sohaga oid meʼyoriy hujjatlarni takomillashtirish, suvdan foydalanish samaradorligini oshirish, jamiyatda suvni tejash madaniyatini kuchaytirish boʻyicha koʻrsatmalar berdi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- 21-oktyabr – Oʻzbek tili bayrami kuni
- Roʻziqul Berdiyevning matbuot anjumanidagi fikrlari yuzasidan surishtiruv oʻtkaziladi
- Oʻzbekistonda Kasbiy taʼlim agentligi tashkil etiladi
- Oʻzbekistonning yangi trayektoriyasi: Asosiy xorijiy transferlar xaritasi
- Tramp Koreya yarimorolidagi mojaroga yakun yasashga vaʼda berdi
- AQSH Rossiyaga bosim oʻtkazishning muqobil usullarini oʻrganmoqda
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring