Suv havzalarida choʻmilish qoidasini bilasizmi?

Choʻmilish kishiga gʻayrat va shijoat baxsh etadi yoz mavsumi kelgach, kunning issiq harorati kishining choʻmilishga boʻlgan ehtiyojini oshiradi. Shu sababli nafaqat kichik yoshdagilar, balki yoshi katta kishilarni ham suzish havzalarida uchratamiz. Choʻmilish masalasida doimo hushyor boʻlish choʻkish bilan bogʻliq mudhish holatlarning oldini oladi.
Ayni damda choʻkish bilan bogʻliq favqulodda holatlarning oldini olish borasida nimalarga eʼtibor berish kerakligi, shuningdek, bu borada foydali boʻlgan ayrim maslahatlarga toʻxtalsak. Demak, bolalar yoki birinchi marotaba suvga tushgan katta yoshdagilarni suzishga oʻrgatish joyi 60-90 santimetrgacha chuqurlikda boʻlishi kerak. Bunday chuqurlikda odam suvdan choʻchimaydi, chunki oyogʻi tayanch nuqtaga ega boʻladi.
Ochiq suv havzalarida suzishga oʻrganishda, albatta, suvning chuqurligi bilan birga, oqim tezligini ham eʼtiborga olish lozim. Oqim tezligi daqiqasiga 10-metrdan oshmasligi zarur. Yoz oylarida farzandlarimizni suzishga oʻrgatish vaqtini toʻgʻri tanlash kerak. Ayrim ota-onalar kunning issiq paytidagina (soat 13:00-15:00) suzishga oʻrgatishga yoki choʻmilishga ruxsat berishadi. Aslida esa ertalab soat 10:00 dan 12:00 gacha va kechqurun soat 17:00 dan 19:00 gacha quyoshning ultrabinafsha nurlari koʻp boʻladi va ana shu soatlarda choʻmilish juda foydali. Choʻmilish muddati 5 daqiqadan 25-30 daqiqagacha davom etishi mumkin.
Unda bolaning yoshi, suzishga tayyorgarligi, suvning haroratiga eʼtibor berib, suzish muddati asta-sekin oshirib boriladi. Yoz paytlari katta yoshdagi bolalar suv harorati +18 boʻlganda, kechik yoshlardagilar +20 +28 dan kam boʻlmaganda ochiq suv havzalarida choʻmilishlari mumkin.Agar suvning harorati +16 dan past boʻlsa, choʻmilmaslik kerak. Suvga tushishdan oldin bosh, koʻkrakni qoʻllab, soʻng shoʻngʻib olish darkor.
Taʼkidlash joizki, ayni yoz mavsumida choʻkish bilan bogʻliq mudhish hodisalar uchrab turadi. Bunday fojeaga asosan ota-onalar, kattalar tomonidan nazorat boʻshashtirilgani, mahalla, maktab, kollej, akademik litsey va boshqa xizmat xodimlarining yoshlar orasida tushuntirish ishlari qoniqarsiz olib borilayotgani, shuningdek, bolalarning suza olmasliklari ham sabab boʻladi.
Shuni eslatib oʻtish zarurki, faqat qutqaruv xizmati boʻlgan joylardagina choʻmilishga ruxsat etiladi. Shunda baxtsiz hodisa yuz bersa, yaʼni biror bir odam choʻksa, qutqaruv xizmati tezda yordamga keladi. Choʻmilish joyini cheklaydigan, koʻpirib oqayotgan suvga shoʻngʻish mumkin emas.
Choʻkish nafas yoʻllarining suv va boshqa suyuqliklar bilan toʻlib qolishi oqibatida yuzaga keladigan holatdir.
Agar, nihoyatdan charchagan, suvda uzoq vaqt qolib ketgan yoki qorni och boʻlsa, shuningdek, spirtli ichimlik isteʼmol qilingan, chanqoq, kasallik sizni bezovta qilayotgan vaqtlarda choʻmilmaganingiz maʼqul.
Choʻkayotgan odamni suvdan olib chiqish ham katta mahorat talab etadi. Bunda bir necha qutqarish usullari mavjud. Ulardan biri – choʻkayotgan kishiga orqa tomonidan suzib yaqinlashish, sochi va qoʻltigʻi ostidan ushlab, yuzini tepaga qaratib, oʻzingizni ushlab olishga yoʻl qoʻymagan holda qirgʻoqqa qarab suzish kerak. Harakat usullaridan biri jabrlanuvchining changak quchogʻidan ushlab olishdir.
Birinchi tibbiy yordam koʻrsatish esa jabrlanuvchining ahvoliga bogʻliq. Agar u hushida boʻlib, yurak faoliyati va nafas olishi saqlangan boʻlsa, uning boshini pastga eggan holda quruq qiya joyga yotqizish va shundan keyin yechintirib hoʻl yoki quruq sochiq bilan artish kerak. Imkoniyati bilan unga issiq ichimlik (choy, qahva, yoshi kattalarga 1-2 osh qoshiq spirtli ichimlik ham berish mumkin) ichirib, issiq koʻrpa bilan oʻrash va dam oldirish talab qilinadi.
Agar jabrlanuvchining mustaqil nafas olishi yoʻqolib, yurak faoliyati saqlanib qolsa, uning nafas yoʻllari tozalanib, iloji boricha tezroq sunʼiy nafas oldirishga kirishiladi. Vaqtida va malakali koʻrsatiladigan birinchi tibbiy yordam jabrlanuvchining hayotini asrab qoladi.
Aytib oʻtish kerak, ayrim insonlar suv havzalariga spirtli ichimliklar ichib kelishadi. Maʼlumki, spirtli ichimliklarni meʼyoridan ortiq isteʼmol qilish natijasida inson tanasini boshqara olmay qoladi. Xulosa qiladigan boʻlsak, mast holatda choʻmilishning oqibati esa oʻzingizga maʼlum.
Ekspertiza xulosalari va tahlillariga qaraganda, suvda choʻkish kabi baxtsizlik yuz berishiga sabab, avvalo, taʼqiqlangan joylarda choʻmilish, suzishni bilmaslik yoki spirtli ichimlik isteʼmol qilish tufaylidir.
Yuqorida taʼkidlab oʻtilganidek, choʻmilish borasida hushyor boʻlish kishi salomatligi va xavfsizligining garovidir. Shunday ekan, yurtimizda mavjud choʻmilish havzalaridan foydalanganda hushyor boʻlish, bu borada maʼlum qoidalarga amal qilish hamda farzandlarimizning taqiqlangan joylarda choʻmilmasligini nazorat qilish orqali ularning xavfsizligini taʼminlash har birimizning burchimizdir.
X. SHEROV,
Toshkent viloyati FVB OYOXTTEB PvaNB inspektori.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Jahon olimlari nigohi yana Oʻzbekistonga qaratildi
- Prezident Oʻzbekiston oʻqituvchi va murabbiylariga tabrik yoʻlladi
- Oʻzbekistonda dollarning rasmiy kursi oʻzgardi
- Prezident Ismoil Joʻrabekov vafoti munosabati bilan hamdardlik bildirdi
- Oʻzbekiston va Turkmaniston: barqaror rivojlanish yoʻlidan borayotgan davlatlar
- Tadbirkorlar yangicha yondashuvlar asosida qoʻllab-quvvatlanadi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring