Surxondaryoda MIB mansabdori, Toshkentda esa advokatlar qoʻlga olindi

12:52 19 Oktyabr 2025 Jamiyat
301 0

Videodan kadr

Surxondaryo viloyatida MIB mansabdori, Toshkent shahrida esa advokatlar pora bilan qoʻlga olindi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.

Maʼlum qilinishicha, Surxondaryo viloyati Jarqoʻrgʻon tumani Majburiy ijro boʻlimi boshligʻining oʻrinbosari va davlat ijrochisi oʻz xizmat mavqeilaridan noqonuniy maqsadlarda foydalangan vaqtida ushlangan.

Ular boʻlim ish yurituvida boʻlgan ijro ishi doirasida 1993-yilda tugʻilgan fuqaroga nisbatan xorijga chiqishga qoʻyilgan taqiqni bekor qilib berish uchun 600 dollar, shuningdek, paxta va gʻalla yetishtirishga ixtisoslashgan fermer xoʻjalikka nisbatan yuritilgan ijro ishi doirasida xoʻjalikning yer maydonlarini auksion savdolarga chiqarmaslik evaziga 10 mln soʻm olgan vaqtlarida DXX xodimlari tomonidan ashyoviy dalillar bilan qoʻlga tushgan.

Qayd etilishicha, hozirda mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat Kodeksining 168-moddasi 3-qismi “v” bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Shu kabi qonunbuzilishi Toshkent shahrida ham aniqlanib, unda xizmat mavqeilaridan foydalangan holda moʻmaygina daromad topishni reja qilgan advokatlik byurosi advokati hamda advokatlik hayʼati advokatining noqonuniy harakatlari fosh etilgan.

Xususan, ular Uchtepa tuman ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasining Tergov boʻlimi tomonidan Olmazor tumanida yashovchi, 1989-yilda tugʻilgan fuqaroga nisbatan Jinoyat Kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a” bandi bilan qoʻzgʻatilgan jinoyat ishi doirasida unga qoʻllanilgan qamoqqa ehtiyot chorasini tanishlari orqali uy qamogʻi ehtiyot chorasiga oʻzgartirib berish evaziga 14 ming dollar talab qilgan.

DXX va Bosh prokuratura huzuridagi Departament xodimlari hamkorligida Olmazor tumanida oʻtkazilgan tezkor tadbirda, ular soʻralgan pul mablagʻini olgan vaqtlarida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Bildirilishicha, hozirda ushbu ikki advokatga nisbatan Jinoyat Kodeksining 168-moddasi 3-qismi “a,v” bandlari va 28 orqali 211-moddasi 2-qismi “b” bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, qamoq ehtiyot chorasi qoʻllanilgan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер