Prezident Shavkat Mirziyoyev Mirzo Ulugʻbek tumanida joylashgan IT-parkga tashrif buyurib, loyihaning ikkinchi bosqichiga tamal toshi qoʻyish marosimida ishtirok etdi

13:04 21 Oktyabr 2025 Siyosat
156 0

Prezident Shavkat Mirziyoyev 21-oktyabr kuni poytaxtimizning Mirzo Ulugʻbek tumanida joylashgan IT-parkka tashrif buyurib, loyihaning ikkinchi bosqichiga tamal toshi qoʻyish marosimida ishtirok etdi.

Ikki yil oldin 200 million dollar investitsiya hisobiga ushbu loyihaning birinchi bosqichi amalga oshirilgan edi. Qariyb 4 gektar maydonda 20-25 qavatli 6 ta ofis binosi va zamonaviy kongress-xoll barpo etildi.

Bu yerda mutaxassislar uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgan, istiqbolli startap loyihalarni qoʻllab-quvvatlash maqsadida inkubatsiya va akseleratsiya dasturlari tashkil etilgan. Axborot texnologiyalari, fintex, logistika, elektron tijorat, elektron taʼlim, biotexnologiya va boshqa yoʻnalishlardagi loyihalar muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda.

Hozirgi kunda IT-park rezidentlari soni 3 ming 200 ta kompaniyaga yetdi, ularda 14 mingdan ortiq mutaxassis faoliyat yuritmoqda. Oʻtgan yili rezidentlar tomonidan 1 milliard 600 million dollarlik xizmat koʻrsatilgan boʻlsa, joriy yil yakuni bilan mazkur koʻrsatkich 2,5 milliard dollardan ortishi kutilmoqda.

Eksport hajmi esa ilk bor 1 milliard dollarlik marradan oshishi rejalashtirilgan.

“Oʻzbekiston – 2030” strategiyasiga muvofiq, 300 mingdan ziyod yoshlarni axborot texnologiyalari sohasida yuqori daromadli ish bilan taʼminlash maqsad qilingan. Xorijiy ekspertlar faqatgina sunʼiy intellekt yoʻnalishining oʻzida Oʻzbekistonning salohiyatini 10 milliard dollarga baholamoqda.

– Ishonchim komilki, bugun tamal toshi qoʻyilayotgan ushbu yirik majmua oldimizga qoʻygan ulkan marralarni zabt etishda, shuningdek, investorlar bilan Oʻzbekiston oʻrtasida manfaatli hamkorlikni yanada kuchaytirishda muhim oʻrin tutadi, – dedi davlatimiz rahbari.

Loyihaga koʻra, IT-park hududi 1,5 barobar kengaytiriladi. Bu yerda Saudiya Arabistonining “DataVolt” kompaniyasi bilan hamkorlikda quvvati 12 megavatt boʻlgan, 150 million dollarlik data-markaz barpo etiladi. Keyingi bosqichlarda yana 3 milliard dollar investitsiya kiritilib, quvvat 500 megavattga yetkaziladi.

Bundan tashqari, ushbu hududda jami 6 ta bino – Sunʼiy intellekt markazi, Kosmos va kelajak texnologiyalari markazlari, 2 ta 20 qavatli ofis binosi, shuningdek, servis va savdo markazlari quriladi.

Bir soʻz bilan aytganda, mazkur majmua eng zamonaviy texnologiyalar, innovatsiyalar va bilimlarga asoslangan “Sunʼiy intellekt xabi”ga aylanadi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev kapsula qoʻyib, “IT-Park” loyihasining ikkinchi bosqichi qurilishiga rasman start berdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер