Superligadagi legionerlar oʻziga bildirilgan ishonchni oqlay oldimi?
2025-yilgi mavsumda Oʻzbekiston klublari umumiy hisobda 24 mamlakatdan 85 nafar legioner futbolchini Superliga liga roʻyxatidan oʻtkazdi. Mazkur klublar tomonidan tanlangan legionerlarning 13 nafari serbiyalik futbolchilar boʻldi. Bu ushbu mavsumdagi eng yuqori natija sifatida qayd etildi.
Shuningdek, Braziliya va Gruziya davlatlaridan 8 tadan, Chernogoriya mamlakatidan 7 nafar, Rossiyadan 6 nafar, Tojikiston, Ukraina va Nigeriyadan 5 tadan hamda Xorvatiyadan 4 nafar legioner futbolchi jalb etildi. Yana bir eʼtiborga molik holat sifatida aytish mumkinki, bu mavsum Oʻzbekiston Superligasida birinchi marotaba Kolumbiya fuqaroligiga ega futbolchi maydonga tushdi.
“Transfermarkt” portali maʼlumotiga koʻra, 2025-yil Oʻzbekiston Superligasida oʻynagan eng qimmat futbolchi sifatida “Soʻgʻdiyona” klubining shimoliy makedoniyalik hujumchisi Lyupcho Doriyev qayd etildi. Ushbu futbolchiga portal tomonidan 1 million 200 ming yevro narx qoʻyilgandi. Doriyev bunday narxga loyiq futbolchi ekanini mavsum davomida koʻrsata oldi. Yil yakunida Professional futbol ligasi tomonidan Lyupchoni “Yilning eng yaxshi legioner futbolchisi” deb topilishi yuqoridagi fikrga dalil boʻla oladi.
Shuningdek, “Transfermarkt”ga koʻra, qimmat futbolchilar haqida gap borsa, “Paxtakor”ning iroqlik futbolchisi Bashar Resan (800 ming yevro), “Neftchi”ning chernogoriyalik hujumchisi Vladimir Yovovich hamda Fargʻona klubining asli afrikalik boʻlgan, ammo Qirgʻiz Respublikasi fuqaroligiga ega futbolchisi Joel Kojolarni eslab oʻtishimiz mumkin.
Legionerlarga alohida toʻxtalishdan oldin, ularga klublar kesimida baho bersak. “Andijon” va “Nasaf” klublari bu mavsumda xorijlik futbolchilar tanlovi boʻyicha yaxshi koʻrsatkich qayd eta olishmadi.
Andijonda bunga maʼlum darajada klubda murabbiylar almashib ketgani ham sabab boʻldi. Aleksandr Xomyakov davrida klubga jalb etilgan Miomir Yurichkovich, Mirzad Mehanovich kabi bolqonlik futbolchilar Maksim Shaskix bosh murabbiylikka kelganidan keyin jamoadan ketkazildi. Islom Mashukovning transferi omadsiz chiqqanini esa Xomyakov jamoani boshqargan davrdayoq maʼlum boʻlib qolgandi. Ammo ular oʻrniga Shaskix tomonidan jamoaga olib kelingan Kristian Novak va Ismoil Akinadelarni ham omadli transfer deb aytib boʻlmasdi.
Solishtirish uchun, 2025-yilgi mavsum boshida “Andijon” jamoaga keraksiz deb bilinib, “Xorazm” klubiga ijaraga berilgan tojikistonlik hujumchi Shahrom Samiyev mavsum davomida 6 ta gol kiritdi. “Andijon” jamoaga katta maqsadlar bilan olib kelingan Islom Mashukov va Ismoil Akinade esa bu mavsum Superligada umumiy hisobda 2 ta gol kiritishdi.
Faqatgina Erjan Tokotayevni muvaffaqiyatliroq transfer deb baholash mumkin edi. Ammo u ham koʻp vaziyatlarda jamoasini qutqara olmadi.
Qarshining “Nasaf” klubi ham mavsum uchun legionerlar tanlashda omadsizlikka duch keldi. Faqatgina Dragan Cheran masalasida omadsizlik degan fikr ayta olmaymiz. Har qalay bir mavsumda 8 ta gol kiritish 38 yoshli futbolchi uchun yomon natija emas.
Lekin Neʼmatovga umuman raqobat taqdim eta olmagan ukrainalik darvozabon Aleksandr Vorobey, Nigeriya terma jamoasida oʻynagani koʻp piar qilingan, ammo amalda Superliga doirasidagi birorta uchrashuvda maydonga tushmagan Kingsli Sokari, shuningdek Yusuf Otubanjo va Adenis Shala kabi nomlar klubni kuchaytira olmadilar.
Legionerlar masalasida omadli yurishni amalga oshirgan klublar qatorida “Paxtakor”, “Buxoro”, “Bunyodkor” jamoalarini eʼtirof etishimiz mumkin.
“Paxtakor”ga qoʻshilgan iroqlik Bashar Resan va Zayd Tahsin klub oʻyiniga yaxshi tomondan taʼsir oʻtkaza oldilar. Flamarion va Brayan Riaskoslar jamoa oʻyinini buzib qoʻyishmadi. Toʻgʻri, yil boshida elita Chempionlar ligasida boʻlib oʻtgan bahslardan soʻng ulardan yanada koʻproq natija kutilgandi. Biroq, baribir Oʻzbekiston saviyasida yaxshi oʻyin namoyish eta olishdi.
“Buxoro” klubi ham legionerlar masalasida yaxshi tanlovlarni amalga oshirdi. Himoyaga javob beruvchi legioner futbolchilar Marko Kolakovich, Frane Ikich, Franye Chiryak va Yosip Tomashevichlarning har biri bu mavsumda 25 tadan ortiq oʻyinda maydonga tushdilar.
Mavsum boshida jamoaga qoʻshilgan Dominik Begich Superligada 7 ta gol urdi. Ikkinchi davra boshida “Neftchi”dan koʻchib oʻtgan Toma Tabatadze esa “Buxoro” uchun ligada 4 ta gol urib berdi.
Shuningdek, “Buxoro” klubining Oʻzbekiston kubogi finaliga chiqishida ham Frane Ikich, Toma Tabatadze, Dominik Begich kabi futbolchilarning muhim oʻyinlardagi qator gollari sabab boʻldi.
“Bunyodkor” ham sifatli legionerlar masalasida bemalol maqtana oladi. Oʻtgan yili klubga kelgan va birinchi davrada 8 ta gol kiritgan Luis Kachorrini xalqaro musobaqada oʻynaydigan jamoa olib ketgani ham bu legioner masalasida yaxshi tanlov qilinganini anglatadi. Shuningdek, Marko Bugarin, Imeda Ashortiya, Nikolaz Mali, Itsuki Urata kabi legionerlar ham jamoa oʻyinida muhim ahamiyat kasb etishdi.
Oʻz navbatida musobaqada ajoyib oʻyin koʻrsatib, muxlislar koʻnglidan joy olgan legioner futbolchilar ham talaygina. Lyupcho Doriyev, Imeda Ashortiya, Vladimir Bubanya, Dmitriy Pletnyov, Bashar Resan, Ratinyo va Zoran Marushich shular jumlasidan.
“Sofascore” tahliliy portali versiyasiga koʻra, “Soʻgʻdiyona” futbolchisi Lyupcho Doriyev bu mavsum nafaqat legionerlar orasida, balki mahalliy futbolchilar ham qoʻshib hisoblanganda ham liganing eng yaxshi futbolchisi boʻldi.
Oʻtgan yili “Sofascore” maʼlumotiga koʻra, Vladimir Yovovich Superliganing eng yaxshi futbolchisi deb topilgandi. Bu yil esa “Soʻgʻdiyona”ning boshqa aʼzosi bu nomga loyiq koʻrildi. “Soʻgʻdiyona” klubining legionerlar tanlovi boʻyicha ishlari joyida. Har qalay ketma-ket 2 mavsum ushbu jamoaning xorijlik futbolchilari Oʻzbekiston Superligasining eng yaxshi futbolchisi deb topilayotgani koʻp narsadan darak beradi.
Soʻnggi soʻz oʻrnida taʼkidlash kerakki, Oʻzbekiston Superligasida legioner futbolchilarning umumiy saviyasi oshdi. Har qalay holat 4–5-yil oldingidek emas. Lekin bu maqtov emas. Klublarimiz legionerlar masalasida yanada sifatliroq tanlovlarni amalga oshirishlari mumkin. 2026-yilda Superliga klublaridan mana shunday yorqin transferlarni kutib qolamiz.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Sakkizta gol urilgan oʻyinda “Barselona” gʻalaba qozondi
- “Bashakshehir” Turkiyaning grand klubi bilan durang oʻynadi
- Oʻzbekiston milliy terma jamoasi uchun Jahon chempionati qurʼasi omadli oʻtdimi?
- Ўзбекистон терма жамосининг Жаҳон чемпионатидаги ўйин саналари эълон қилинди
- AQSH Yevropadan NATO majburiyatlarining asosiy qismini oʻz zimmasiga olishni talab qildi
- Germaniyada oʻquvchilar harbiy chaqiruvga qarshi namoyishga chiqdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring