“S&P Global Ratings” Oʻzbekiston boʻyicha kredit reytingining prognozini “barqaror”dan “ijobiy”ga koʻtardi

11:46 24 May 2025 Iqtisodiyot
393 0

“S&P Global Ratings” xalqaro agentligi 2025-yil 23-may kuni eʼlon qilgan bayonotida Oʻzbekiston boʻyicha kredit reytingining prognozini “barqaror”dan “ijobiy”ga koʻtardi. Bu haqda agentlik veb-saytida xabar berilgan. Shuningdek, “S&P Global Ratings” mamlakatimizning uzoq va qisqa muddatli “BB-/B” darajadagi xorijiy va milliy valyutadagi suveren kredit reytinglarini tasdiqladi.

Ushbu qaror, birinchidan, iqtisodiy islohotlarning izchil amalga oshirilishi, ikkinchidan, barqaror oʻsish surʼatlari va kuchli ichki talab bilan bogʻliq boʻldi. Reytingning koʻtarilishi, shuningdek, xalqaro oltin narxlarining yuqori darajada saqlanib qolayotgani va bu orqali eksport hamda budjet tushumlarining oshayotganini ham inobatga oladi.

“S&P” ekspertlarining fikricha, Oʻzbekistonda 2017-yildan buyon olib borilayotgan iqtisodiy erkinlashtirish va boshqaruv islohotlari makroiqtisodiy barqarorlikni kuchaytirmoqda. Mamlakat real yalpi ichki mahsuloti (YAIM) 2024-yilda 6,5 foizga oʻsdi va 2025–2028-yillarda bu oʻsish oʻrtacha 5,6 foiz atrofida boʻlishi kutilyapti.

“Kuchli investitsion faollik, xorijdan pul oʻtkazmalari, hukumat sarmoyalari va isteʼmol talabi ushbu ijobiy dinamikani taʼminlab bermoqda. Mamlakatning YAIMda investitsiyalar ulushi 2024-yilda 33 foizga yetdi, bu jahon miqyosida eng yuqori koʻrsatkichlardan biri hisoblanadi”, deyiladi xabarda.

Agentlikka koʻra, pul-kredit siyosati soʻnggi yillarda kuchaygan, ayniqsa 2017-yildagi valyuta kursining erkinlashtirilishi muhim burilish boʻlgan. Shuningdek, mutaxassislar mamlakatimizdagi inflyatsiyani 2025-yilda 10,1 foiz, 2028-yilgacha esa 8,6 foizgacha pasayishini taxmin qilishgan.

“S&P Global Ratings” Oʻzbekistonning reytingiga nisbatan ijobiy qarashini mamlakatning kuchli iqtisodiy oʻsishi, izchil islohotlar, budjet muvozanatini tiklashga intilish va tashqi qarzlar bilan bogʻliq ehtiyotkor siyosat bilan asoslaydi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер