Soyadagi yashirin daromad
Jahon iqtisodiyotida turizm eng tez rivojlanayotgan tarmoqlardan biri hisoblanadi. U nafaqat sayyohlarni qiziqtiribgina qolmay, millionlab odamlarni ish bilan taʼminlaydi. Mamlakatimizda ham soʻnggi yillarda turizmni rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Joriy yilda Samarqand viloyatiga 3 milliondan ortiq xorijlik sayyoh tashrif buyurgan. Keyingi yillarda bu raqamni kamida ikki barobar oshirish imkoniyati bor.
Oʻtgan davrda viloyatda 200 ga yaqin joylashtirish vositalari faoliyati yoʻlga qoʻyilgan, jumladan 13 ta mehmonxona, 37 ta xostel va 144 ta oilaviy mehmon uylari. Hozirda joylashtirish vositalari soni 821 taga, ularning oʻrinlari esa 22 680 taga yetgan.
– Prezidentimiz tashabbusi bilan 2026-yildan oilaviy mehmon – uylariga belgilangan 4 foizlik oʻrniga 1 foizlik soliq stavkasi qoʻllaniladi, — deydi “Optimist” mehmonxonasi mulkdori Iskandar Saydaliyev. — Bu tadbirkorlar uchun juda katta ragʻbatdir. Raqamlarga qaraganda, 2016-yilda oilaviy mehmon-uylari soni 500 taga ham yetmagan boʻlsa, hozirda bu sohaga 6 mingdan ortiq tadbirkor kirib faoliyat yuritmoqda. Men turizm sohasida qariyb 40-yildan beri mehnat qilaman. Davlat tomonidan koʻrsatilayotgan yordam tufayli kundan kunga soha subyektlari soni ortib bormoqda.
Ammo turizm sohasida yashirin iqtisodiyot bilan bogʻliq holatlar ham uchrab turgani bu tarmoq salohiyatiga jiddiy tahdid solmoqda.
– Viloyatda mehmonxona va turizm xizmatlari faoliyati boʻyicha jami 615 ta tadbirkorlik subyekti mavjud. Shundan 133 tasi mehmonxona, 112 tasi xostel va 370 tasi oilaviy uy mehmonxonalaridir, — deydi viloyat soliq boshqarmasi boshligʻining birinchi oʻrinbosari Akmal Valiyev. — Mehmonxonalar 24 soat va 24/7 rejimda faoliyat koʻrsatadi. Resepshn, oshpaz, farrosh va qorovul bilan taʼminlanadi. Odatda esa kamida 2-3 smenada xodimlar ishlaydi. Lekin rasmiy hisobotlarda koʻp mehmonxonalarda bor-yoʻgʻi 1-3 kishi ishlaydi, deb koʻrsatilgan. Tahlillarimiz shuni koʻrsatdiki, 17 ta mehmonxonada xodimlar umuman qayd etilmagan. Transport xizmatlarida ham “soya”dagi aylanma ulkan miqyosda uchrab turibdi. Xususiy avtobuslar, mikroavtobuslar va komfortli yengil avtomashinalar katta oqimdagi turistlarni tushyapti, lekin bundan tushgan daromad soliq bazasida aks etmayapti. Viloyatda 202 ta tadbirkorlik subyekti umumiy ovqatlanish sohasida faoliyat koʻrsatmoqda. Ularning aksariyati olingan daromadlarni soliq hisobotlarida yashirib koʻrsatish holatlariga yoʻl qoʻyyapti. Samarqand shahridagi restoran va umumiy ovqatlanish korxonalarining bir kunlik savdo tushumi kamida 30–40 million soʻmdan kam emasligi hammaga maʼlum. Biroq ayrim korxonalar mazkur tushumni toʻliq hisobotlarda aks ettirmaydi. Bu esa soliq tushumini kamaytirish va soha rivojiga salbiy taʼsir koʻrsatmoqda.

Yana bir ogʻriqli masala — turizmdagi turoperatorlar, gidlar va transport xizmatlari. Masalan, sayyohlardan “tur paket” uchun olingan toʻlovlarning hammasi rasmiy hisobotlarda aks etmaydi. Mehmonxonalar, oshxonalar, tarixiy obidalar va ziyoratgohlar direksiyalari hamda transport korxonalari bilan tuzilgan shartnomalar koʻp hollarda nomigagina amal qiladi. Gidlar ham rasman tadbirkor yoki oʻzini-oʻzi band qilgan sifatida roʻyxatdan oʻtmagan. Qolaversa, viloyatda 2223 ta tadbirkorlik subyekti chakana savdo faoliyati bilan shugʻullanadi. Bugungi kunda Samarqand shahrida chakana savdo nuqtalarida bir kunlik savdo tushumining eng kam miqdori 1-3 million soʻmdan kam emas. Ulgurji savdo faoliyati bilan jami 1917 ta tadbirkorlik subyektlari shugʻullanib kelmoqda.
– Tovar-moddiy boyliklarning haqiqiy holatini aniqlash maqsadida oʻtkazilgan sayyor soliq tekshiruvlarida jiddiy kamchiliklar aniqlandi, — deydi viloyat soliq boshqarmasi boshligʻi Farrux Boboyev. — 265 holatda 189,1 milliard soʻmlik tovarlar omborda yoki sotuvda mavjud emasligi, 124,3 milliard soʻmlik tovarlar esa kirimi koʻrsatilmagan holda topildi. Bu orqali 41,3 milliard soʻm qoʻshimcha soliq hisoblandi. 62,7 milliard soʻm moliyaviy jarima qoʻllandi. Masalan, Samarqand shahridagi “Oazis” restoranida oʻtkazilgan tekshiruvda, jamiyatga tegishli omborxonada umumiy qiymati 140,9 million soʻmlik tovar-moddiy boyliklar mavjud emasligi, shuningdek 13,2 million soʻmlik moddiy boyliklar rasmiy hisobotda koʻrsatilmaganligi aniqlandi. Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 31-dekabrdagi 833-son qarori talablari boʻyicha shoxobchada 16 turdagi 49 dona tamaki mahsulotlarini muomalaga kiritish hamda onlayn nazorat-kassa mashinasidan foydalanmaslik holatlari ham kuzatildi. Keyinchalik korxonaga kameral soliq tekshiruvi oʻtkazilib, 841,6 million soʻm qoʻshimcha soliq hisoblandi.
Bunday nomuvofiqliklar va yashirin daromad holatlari turizm sohasining salohiyatini toʻsiqqa uchratib, rivojlanishini sekinlashtirmoqda. Lekin imkoniyatlar yetarli. Turizmning toʻliq salohiyatidan foydalanish uchun nomuvofiqliklarni bartaraf etib, shaffoflikni taʼminlash turizm kelajagini belgilaydi.
Abdulaziz YOʻLDOSHEV
(«Xalq soʻzi»).
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Sogʻliqni saqlash vazirligi “Elektron retsept” tizimi boʻyicha rasmiy bayonot berdi
- Oʻzbekistonda naqd pulga uy-joy va mashina oldi-sotdisi bekor qilinadi
- Nilufardan Qobiljongacha... Qobuljon Rossiyada etnik nafrat tufayli vahshiylarcha oʻldirilgan birinchi bola emas
- Avstraliyada 16 yoshgacha boʻlgan oʻsmirlarga ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish taqiqlandi
- Uchinchi Renessansga eltuvchi maʼrifat koʻprigi: Oʻzbekiston—Pokiston hamkorligining yangi bosqichi
- Muhammad Saloh faoliyatini Saudiyada davom ettirishi mumkin
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring