Sirdaryoda yangi telemarkaz qurildi

16:41 04 Iyun 2025 Jamiyat
221 0

Ahmadali SHERNAZAROV/“Xalq soʻzi”. Sirdaryo viloyati teleradio kanali yaqinda yangi binoda ish boshladi. Aytish lozimki, ushbu ommaviy axborot vositasi tashkil topganidan buyon moslashtirilgan binoda faoliyat yuritib kelayotgan edi.

— Yangi ofisimizning meʼmoriy yechimi-yu bichimida teleradio media materiallarini tayyorlash hamda efirga uzatishni har jihatdan sifatli amalga oshirishda zarur boʻladigan barcha talab va imkoniyatlar hisobga olingan, — deydi “Sirdaryo” teleradiokanali direktori Zafar Darxonov. — Ijodiy va texnik xodimlar uchun yaratilgan sharoitlar ham aʼlo. Qolaversa, binoning hali davom etayotgan texnik-texnologik jihozlanishi ham zamonaviy talablarga mos boʻlmoqda.

Maʼlum qilinishcha, yangi bino tufayli eshittirish va koʻrsatuvlar olib boriladigan studiyalar maydoni bir necha barobarga kengaydi. Xususan, radiostudiya 50 kvadrat-metr boʻlsa informatsion dasturlarning ijodiy maydoni 150 metr-kvadratga yetdi. Tok-shoular uchun 450 metr-kvadratlik keng — moʻl studiya tashkil qilindi. Ovoz yozish, eshittirish va koʻrsatuvlarni montaj qilish xonalari ham bir necha baravarga koʻpaydi. Eʼtiborlisi, toʻgʻridan toʻgʻri efirga uzatiladigan koʻrsatuv va eshittirishlarni olib borish imkoniyati kengaydi.

— Kuni kecha “Sirdaryo” teleradio kanalida turli yillarda rahbar, ijodiy xodim boʻlib ishlagan jurnalistlar, jamoaning mehnat faxriylari sobiq ishxonamizning yangi binosi bilan tanishib, hayratda qoldik, — deydi Sirdaryo viloyati teleradio kanaliga 90-yillarda rahbarlik qilgan faxriy jurnalist Turgʻun Norqulov. — Ijodiy-texnik jarayonlarning tez va soz bajarilishi uchun yaratilgan sharoitlar tahsinga loyiq. Ushbu telemarkaz mamlakatimiz hududiy teleradio kanallari binolari oʻrtasida eng namunalisi hamda boshqa shunday ofislar qurishda andoza olsa arziydigan, taʼbir joiz boʻlsa, haqiqiy media koshonasi boʻlibdi.

Eʼtiborlisi, telejurnalistlar yangi binoda yangi-yangi ijodiy loyihalarni amalga oshirmoqda. Xususan, yaqinda Sirdaryo viloyati maktab va maktabgacha taʼlim boshqarmasi bilan hamkorlikda oʻquvchilarning yozgi taʼtiliga moʻljallangan 2 ta koʻrsatuv tashkil etildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер