Sirdaryoda murojaatlar: raqamlar ortidagi haqiqat

15:34 17 Mart 2026 Jamiyat
160 0

Bugun Sirdaryo viloyati hokimi Erkinjon Turdimov raisligida joriy yil boshidan buyon Prezidentning virtual va Xalq qabulxonalariga kelib tushgan murojaatlar muhokamasi boʻyicha yigʻilish boʻlib oʻtdi. Unda raqamlar shunchaki oʻqib eshittirilmadi, balki, har bir murojaat ortida turgan holat, sabab va yechimlar alohida koʻrib chiqildi. Chunki bu raqamlar ortida odamlar hayoti, dardi va kutgan umidi turibdi.

Joriy yilning oʻtgan davrida viloyat boʻyicha 8 mingdan ortiq murojaat kelib tushgan. Bu — har kuni yuzlab odamlar oʻz muammosi bilan murojaat qilishga majbur boʻlyapti degani.

Tahlil shuni koʻrsatdiki, ayrim hududlarda murojaatlar soni boshqalarga nisbatan ancha yuqori. Xususan, Guliston shahri, Sirdaryo va Boyovut tumanlari murojaatlar soni boʻyicha yetakchi hududlardan. Ayrim mahallalarda esa odamlar bir marta emas, qayta-qayta murojaat qilishga majbur boʻlyapti.Bu esa joylardagi muammolarga tizimli yondashuv zarurligini koʻrsatadi.

Murojaatlar mazmuniga qarasak, aholini qiynayotgan masalalar barchamizga tanish: ichimlik suvi, elektr taʼminoti, yoʻllar, uy-joy, ish bilan taʼminlash. Yaʼni odamlar eng oddiy, lekin eng zarur masalalar yuzasidan murojaat qilmoqda.

Ayrim holatlarda esa bu muammolar yillar davomida yechim topmagan. Masalan, Sardoba tumanidagi ayrim koʻp qavatli uylarda kanalizatsiya tizimi 30-yildan beri ishlamaydi .

Sayxunobod va Guliston tumanlarida yoʻllar taʼmirtalab holatda qolmoqda.

Bu holatlar oddiy muammo emas, bular aholining kundalik hayotiga taʼsir qilayotgan jiddiy masalalardir.

Tahlillarda maʼlum boʻlgan yana bir jihat ayrim fuqarolarning qayta-qayta murojaat qilish holatlaridir. Kimdir oʻnlab marta, kimdir yuzlab marta murojaat qilgan. Hatto bir fuqaro 2018-yildan buyon 2 ming marotabadan ortiq murojaat yuborgan holat ham qayd etilgan . Bu esa bitta xulosani anglatadi: muammo hal etilmagan. Yoki yechim boʻlsa ham, u odamga yetib bormayapti.

Muhokama davomida Erkinjon Turdimov: Odamlar bekorga murojaat qilmaydi. Agar bir masala qayta-qayta koʻtarilayotgan boʻlsa, demak u joyida hal boʻlmagan deya taʼkidlab murojaatlarni qabul qilish emas, balki ularni amalda hal etish boʻyicha rahbarlar oldidagi muhim vazifalarni belgilab berdi.

Ahmadali ShERNAZAROV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?