Shri-Lanka investitsiyasi: korxonada qariyb 2 mingta ish oʻrni yaratiladi

11:38 22 Avgust 2025 Jamiyat
120 0

Qoʻshtepa tumanida Shri-Lanka mamlakati investitsiyasi hisobiga trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarish korxonasi ish boshladi.

Toʻgʻridan-toʻgʻri xorij investitsiyasi asosida tashkil etilgan “Innovative Apparel” MCHJ mahsulotlari asosan jahon bozori uchun eksport qilinadi. Loyiha qiymati 15 million dollar, korxona toʻliq quvvatda ishga tushganidan soʻng yiliga 10 million dona trikotaj mahsulotlari tayyorlanadi hamda yuz foiz eksportga yoʻnaltiriladi.

— Birinchi bosqich doirasida 400 nafar hamyurtlarimiz yuqori daromadli ish oʻrniga ega boʻldi. Istiqbolli loyihaning ikkinchi bosqichida qariyb 2 mingta doimiy ish oʻrni yaratish maqsad qilingan, — deydi Qoʻshtepa tumani hokimining birinchi oʻrinbosari Ahrorjon Yunusov. — Zamonaviy korxona tumanimizning sanoat va eksport salohiyatini oshirib, kambagʻallikni qisqartirish hamda aholi farovonligini yuksaltirishga xizmat qiladi.

Korxonada “Ustoz-shogird” anʼanasi asosida qisqa muddatli oʻquv kurslari tashkil etish ham rejalashtirilgan. Ayni paytda xodimlarning ishga kelib-ketishi uchun 14 ta maxsus avtobus qatnovi, bepul tushlik yoʻlga qoʻyilgan.

Odinaxon Egamberdiyeva qoʻshni Oltiariq tumanida istiqomat qiladi. U mahalladosh ayollar bilan birga ishlab, oilasi farovonligiga hissa qoʻshayotganidan behad mamnun.

— Ishga shinam avtobusda qatnaymiz, tushlik va yoʻlkira bepul, — deydi O.Egamberdiyeva. — Korxonada eng soʻnggi rusumdagi texnologiyalar oʻrnatilgan. Chang, shovqin yoʻq. Ish haqi ham yaxshi. Shu bois xotirjam va xush kayfiyatda ishlayapmiz.

Botir MADIYOROV

“Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?