Shaharsozlikka oid qonunchilik talablarini buzganlik uchun maʼmuriy va jinoiy javobgarlik choralari kuchaytirilmoqda

Foto: Akmal Muhammadov / “Xalq soʻzi”
Joriy yil 23-iyul kuni Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qoʻmitasining majlisi boʻlib oʻtdi.
Unda Senat aʼzolari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari doimiy komissiyalari raislari, Qoʻmita huzuridagi ekspertlar guruhi aʼzolari, tegishli vazirlik va idoralar mutasaddilari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Majlisda Senatning navbatdagi yalpi majlisi kun tartibiga kiritilishi rejalashtirilayotgan masalalar dastlabki tarzda koʻrib chiqildi.
Xususan, “Seysmik xavfsizlikni taʼminlash tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonun muhokama qilindi.
Taʼkidlanganidek, mamlakatimizda shaharsozlik sohasini takomillashtirish va shaharsozlik faoliyati obyektlarining seysmik xavfsizligini taʼminlashda tizimli chora-tadbirlar qabul qilinganiga qaramasdan, shaharsozlikka oid qonunchilik talablari buzib kelinmoqda.
Jumladan, Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasi tomonidan 2021-yilda 30,5 mingta, 2022-yilda 32,5 mingta va 2023-yilda 36,2 mingta obyekt qurilishi ishlari ustidan davlat nazorati oʻrnatilgan.
Mazkur obyektlarda Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning tegishli moddasi (Shaharsozlik toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzish) boʻyicha 2021-yilda 3,1 ming, 2022-yilda 6,1 ming va 2023-yilda 7,6 ming nafar huquqbuzarga nisbatan maʼmuriy jarimalar qoʻllanilgan.
Yuqoridagilar inobatga olingan holda “Seysmik xavfsizlikni taʼminlash tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonun ishlab chiqildi.
Qonun bilan Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat, Jinoyat-protsessual va Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodekslari hamda “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari toʻgʻrisida”gi Qonuniga tegishli oʻzgartirishlar kiritilmoqda.
Jumladan, Qonun bilan Jinoyat kodeksning 2293-moddasiga qurilishi tugallangan binolar va inshootlardan foydalanishga hamda ularni foydalanishga qabul qilib olish qoidalarini buzganlik, obyektlarni qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyalarining ruxsatnomasiz qurish, koʻp kvartirali uylardagi tayanch konstruksiyalarni qonunchilikni hamda texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarni buzgan holda oʻzgartirish va (yoki) rekonstruksiya qilganlik hamda boshqa yana bir qator harakatlar uchun jinoiy javobgarlik yuzaga kelishini nazarda tutuvchi oʻzgartirishlar kiritilmoqda.
Bundan tashqari, shaharsozlik toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzilishi odam oʻlimi yoki boshqa ogʻir oqibatlarga sabab boʻlsa bu uchun alohida jinoiy javobgarlik belgilashi nazarda tutilmoqda.
Bu borada qonun normalarini buzib, koʻp kvartirali uylardagi tayanch konstruksiyalarni oʻzgartirish va (yoki) rekonstruksiya qilish bilan bogʻliq jinoyatni birinchi marta sodir etgan hamda amalga oshirilgan oʻzgartirish yoki buzilishlarni, shuningdek ularning oqibatlarini ixtiyoriy ravishda bartaraf etgan shaxs javobgarlikdan ozod etilishi mumkin.
Loyihalash, qurilish-montaj ishlari bajarilayotganda talablarni buzish, shuningdek qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi sohasida nazorat qilish hamda yoʻl-qurilish ishlari sifatini nazorat qilish inspeksiyalarining koʻrsatmalarini bajarishdan qasddan boʻyin tovlash yoki oʻz vaqtida bajarmaganlik uchun jarima jazosi belgilanmoqda.
Shuningdek, shaharsozlikka oid qonunchilik talablarini buzganlik uchun amalda belgilangan jarima jazolari kuchaytirilmoqda.
Senatorlar Qonunning maʼqullanishi mamlakatimizda qurilishlar sifatini oshirishga, binolar va inshootlar qonunga xilof ravishda qurilishining oldini olishga hamda shaharsozlik toʻgʻrisidagi qonunchilik talablariga qatʼiy rioya etilishini taʼminlashga xizmat qilishini taʼkidlab oʻtdilar.
Muhokama yakunida Qoʻmitaning tegishli qarori qabul qilindi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- 21-oktyabr – Oʻzbek tili bayrami kuni
- Samarqandda YUNESKOning 43-sessiyasiga tayyorgarlik avjida
- Aholi va qishloq xoʻjaligini roʻyxatga olishga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish tartibi belgilandi
- Markaziy Osiyo pedagoglari Nukusda jam boʻldi
- Hududlarda 34 ta yuqori texnologiyali sanoat loyihalari amalga oshiriladi
- Endilikda muddati oʻtgan tovarlarning sotilishi avtomatik ravishda cheklanadi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring