Shaharsozlik zamonaviy talablar asosida rivojlantiriladi

19:05 30 Dekabr 2022 Jamiyat
1814 0

Yurtimizda bunyodkorlik koʻlami yil sayin kengaymoqda, hududlarda urbanizatsiya jarayoni amalga oshirilyapti. Qishloq joylarda ham qurilish ishlari jadal. Bular, albatta, sohani takomillashtirish, shaffoflikni taʼminlash, ipoteka bozorini rivojlantirishni taqozo etadi.

Keyingi toʻrt yilda shu masalalar boʻyicha Oʻzbekiston Prezidentining qirqqa yaqin qarorlari qabul qilindi. Bu saʼy-harakatlarning izchil davomi sifatida davlatimiz rahbarining 2020-yil 13-martdagi Farmonida qurilish sohasidagi islohotlarni yanada chuqurlashtirish, byurokratik toʻsiqlarni kamaytirish, barcha bosqichda shaffoflikni taʼminlash, innovatsion ishlanmalar va ilgʻor axborot texnologiyalarini keng qoʻllash chora-tadbirlari belgilangan edi.

Qurilish vazirligi oldiga 337 ta shaharsozlik qoida va normalaridan 2020-yilning oʻzida 60 tasini yangilash vazifasi qoʻyilgan. Qurilishda texnik meʼyorlash markazi tashkil etilib, unga 15 nafar malakali mutaxassis olingan. Hozirgi kunda 33 ta yangi shaharsozlik qoida va normalari ishlab chiqilgan.

Toshkent — mintaqaning yirik markaziga aylanadi

Bugun Toshkent shahrining bosh rejasi asosida shaharning butun eski qismi yangilangan koʻrinishdagi anʼanaviy uy-joylar saqlab qolingan holda rekon­struksiya qilinmoqda.

Bu yaqin kelajakda poytaxtimizni ­butunlay yangi qiyofa va ijtimoiy maqomda koʻrish imkonini beradi. Poytaxt nafaqat Oʻzbekistonning, balki butun Markaziy Osiyoning yirik sanoat, ­maʼmuriy va ishbilarmonlik markaziga aylanadi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning shu yil 18-oktyabr kuni “ToshkentboshplanLITI” davlat unitar korxonasiga borib, Toshkentning 2045-yilgacha boʻlgan bosh rejasi loyihasi bilan tanishuvi ham bejiz emas. Toshkent — azim poytaxtimiz, mamlakatimizning bosh shahri. Keyingi yillarda investitsiyaga, tadbirkorlarga sharoit yaratildi, yangi uylar, zamonaviy inshootlar qurildi. Ammo endi kelajak strategiyasi belgilab olinishi shart. Chunki hududi 43 ming gektar, aholi soni 3 mil­lionga yaqinlashgan shaharning infratuzilma tarmoqlariga yuklama ortgan. Transportlar ham kun sayin koʻpayib, yoʻl harakati qiyinlashib bormoqda. Chang, tutun ekologiyaga salbiy taʼsir koʻrsatmoqda. Shu bois Prezidentimiz bu masalani alohida eʼtiborga olib, poytaxtning meʼmoriy qiyofasini saqlab qolish, kelgusidagi qurilishlarni shahar tashqarisida olib borish vazifasini qoʻygan edi. Xususan, oʻtgan yili “Yangi Oʻzbekiston” bogʻining ochilish marosimida hamda toshkentlik saylovchilar bilan uchrashuvda bu borada konsepsiya tayyorlanayotgani aytildi. Poytaxtimiz kelajagi bilan bogʻliq boʻlgani uchun bu masalaga jiddiy va puxta yondashildi. “ToshkentboshplanLITI” korxonasida chet ellik va mahalliy lo­yihachilar tomonidan ikki yil davomida aholining oʻsishi, transport va muhandislik tarmoqlari, iqlim oʻzgarishlari tahlil qilinib, shu asosda transport tugunlari va aholi punktlarini rivojlantirish strategiyasi ishlab chiqildi. 

Koʻzda tutilayotgan ishlardan biri shuki, Toshkent shahri kadastri raqamlashtirilib, hududlarning toifasi ochiq-oshkora qayd etib qoʻyiladi. Aholi oʻz mahallasi yoki tadbirkorlar biznes ochmoqchi boʻlgan joyning qanday hududda joylashganini internet orqali bemalol koʻrishi mumkin boʻladi.

Tirbandlik muammosini hal etish uchun jamoat transporti qulaylashtiriladi. Buning uchun aholi uyidan 15 daqiqa piyoda yuradigan masofada bekat boʻlishi talab etiladi. Shuningdek, “Park and ride” tamoyili asosida, shahar chekkalarida avtoturargohlar tashkil etilib, jamoat transporti bekatlari bilan bogʻlanadi.

Yana bir muhim chora — binolarga ijtimoiy talablar belgilash. Masalan, shahar ichida koʻp qavatli inshoot qurilgudek boʻlsa, uning turiga qarab, maktab, bogʻcha, maishiy xizmat, avtoturargoh oʻrni, koʻkalamzorlashtirish maydoni kabi meʼyorlar qoʻyiladi. Toshkent shahrining 2045-yilgacha boʻlgan bosh rejasi loyihasi “Yangi Toshkent” konsepsiyasi bilan mutanosib tayyorlangan. Bu yangi shahar poytaxtimizning sharqiy ­qismida, Chirchiq va Qorasuv daryolari oraligʻida barpo etilib, 500 ming aholiga moʻljallangan boʻladi. Shundan kelib chiqib, istiqbolli rivojlanish va qurilish hududlari, yangi shahar bilan poytaxtni birlashtiruvchi asosiy yoʻllar sxemalari ishlab chiqilgan. Birinchi ­bosqichda 6 ming gektarda bunyodkorlik rejalashtirilgan.

Global isish kuzatilayotgan bugungi davrda yashillik juda muhim. Ayni kunda Toshkent shahrida 7 ming gektar yashil maydonlar mavjud. Prezidentimiz ilgari surgan “Yashil makon” umummilliy loyihasidan kelib chiqib, bosh reja loyihasida bunga alohida eʼtibor ­qaratilgan. Jumladan, katta halqa yoʻli atrofida “yashil kamar” yaratish, shahardan oʻtgan kanallar boʻyida tematik bogʻlar tashkil etish koʻzda tutilgan. ­Umuman, poytaxtimizda yashil hududlarni 25 ming gektarga yetkazish maqsad qilingan.

Muammolar yechimida istiqbolli yoʻl

Tan olish kerak, qurilish sohasidagi yangi davrning boshlanishi — tizimdagi muammolarni aniqlash, tan olish va ochiqlash, ayniqsa, ularni yechish oson kechgani yoʻq. Sohada qabul qilinayotgan Farmon va qarorlar tizimda yillar davomida saqlanib qolgan muammolarni tubdan isloh qilishga qaratilgan.

Sohaga doir normativ hujjatlar, jumladan, shaharsozlik qoidalari va qurilish meʼyorlarining aksariyat qismi eskirgani, sobiq tuzum davridan qolib ketganligi tufayli, ushbu meʼyorlarni zamonaviy talablarga moslashtirish gʻoyat dolzarb edi. Shaharlarning bosh rejalari, qishloqlarda arxitektura-rejalashtirish loyihalarini ishlab ­chiqish, qurilish va loyihalash boʻyicha kadr­lar tayyorlash sifatini yanada ­oshirish ­talab etilardi.

Yillar davomida yigʻilib qolgan muammolar va yoʻl qoʻyilgan sustkashliklarni bartaraf etish maqsadida 2018-yil 2-aprelda qabul qilingan “Qurilish sohasida davlat boshqaruvi tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Prezident Farmoniga muvofiq, Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasi negizida Oʻzbekiston Qurilish vazirligi tashkil etildi.

Vazirlikning asosiy vazifalari etib — shaharsozlik va qurilish uchun muhandislik-texnik izlanishlar sohasida yagona ilmiy-texnikaviy siyosatni olib borish, respublika hududida aholini joylashtirishning bosh sxemasini, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahar, tumanlar, shaharlar hududlarini rejalashtirish sxemalarini, aholi punktlari bosh rejalarini va boshqa shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqish va tasdiqlashni tashkil qilish, ularning amalga oshirilishi ustidan monitoring yuritish, shaharsozlik sohasida davlat siyosatining asosiy yoʻnalishlari boʻyicha takliflar tayyorlash belgilandi.

Shu bilan birga, ushbu sananing oʻzida “Oʻzbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida” Prezident qarori qabul qilindi. Ushbu hujjat bilan “Shaharsozlik hujjatlari ekspertizasi” davlat unitar korxonasiga asos solinishi belgilandi. Unga koʻra, shaharsozlik hujjatlari ekspertizasini uyushtirish va oʻtkazishni taʼminlash, arxitektura-rejalashtirish va shaharsozlik yechimlari darajasini oshirish, loyiha ishi va qurilish ishlab chiqarishini takomillashtirish, loyihalash va qurilish sohasida ilgʻor tajribani oʻrganish va ­ommalashtirish kabi asosiy vazifalar biriktirildi. Ushbu ikki meʼyoriy hujjat tizimda yangi bosqichga oʻtishning negizi boʻldi. Natijada 2019-yilga kelib rejadagi 35 ta shaharsozlik hujjatidan 18 ta bosh reja va 10 ta qishloq (ovullar) fuqarolar yigʻinlari hududlarini arxitektura-rejalashtirish jihatidan tashkil etish loyihalari ­ishlab chiqildi. Buning natijasida respublikadagi 113 ta shahar (95 foiz) va 142 ta shahar-posyolka (13,1 foiz) bosh rejalarga ega boʻldi.

“Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlariga muvofiq, 159 ta tumandagi 478 ta qishloqning bosh reja sxemalari va batafsil rejalashtirish loyihalari, shuningdek, 41 ta shaharda 116 ta mahallaning bosh reja sxemalari va batafsil rejalashtirish loyihalari ishlab chiqildi. Qurilish sohasiga axborot-kommunikatsiya texnologiyalari kirib keldi va “Shaffof qurilish” axborot tizimi ishga tushdi. Shuningdek, qurilish sohasida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish markazi tashkil etildi. Yuridik va jismoniy shaxslarga keng foydalanish imkonini beruvchi “Oʻzbekiston Respublikasi davlat shaharsozlik kadastri” geoaxborot tizimi joriy qilindi.

Qurilish-montaj ishlarida tizimli nazorat oʻrnatilib, ijro hujjatlarini yuritishning elektron onlayn tizimi yaratildi. Shaharsozlik hujjatlari ­ekspertizasini elektron hujjatlar almashinuvi orqali bosqichma-bosqich amalga oshirish tizimi joriy etildi.

Qurilish-pudrat tashkilotlarining faoliyatini takomillashtirish va qurilish ishlari sifatini oshirish maqsadida qurilish-pudrat tashkilotlarining faoliyatini baholash reytingi yoʻlga qoʻyildi. Tashkilotlarning ixtisoslashuvi, qurilish-montaj ishlari turlari, doimiy ishlaydigan ishchi-xodimlar soni, asosiy ishlab chiqarish vositalari toʻgʻrisida maʼlumotlarning yagona elektron bazasi joriy etildi.

Soha kadrlari sifatini oshirishga alohida eʼtibor qaratilib, qurilish-pudrat tashkilotlari ishchilarini qayta tayyorlash va kasbga oʻqitish boʻyicha qisqa muddatli oʻquv kurslari, kasb-hunarga ega boʻlganligi toʻgʻrisida sertifikatlar berish koʻzda tutilyapti.

Talab va taklifga mos vazifalar

Shiddat bilan davom etayotgan ­bunyodkorlik ishlari, oʻz navbatida, ­sifatli qurilish mahsulotlariga boʻlgan talabni kuchaytirmoqda. Shu bois ushbu yoʻnalishdagi ishlarni toʻgʻri yoʻlga qoʻyish, yangi turdagi energiyatejamkor qurilish materiallari ishlab chiqarish, sohaga investorlarni keng jalb qilish orqali yirik loyihalarni amalga oshirish, tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlashga katta ahamiyat berilyapti.

Oʻz navbatida, “Oʻzbekiston Respublikasining Shaharsozlik kodeksini tasdiqlash haqida”gi Qonuni yangi tahrirda qabul qilindi. Kodeksga “noyob va alohida muhim obyektlar”, “reklama va axborot obyektlari”, “turarjoy obyektlari”, “urbanizatsiya” va boshqa bir qator asosiy tushunchalar kiritilib, shaharsozlik faoliyatining asosiy prinsiplari belgilab berildi. Shuningdek, shaharsozlik faoliyati sohasida jamoatchilik nazorati va uning shakllari, subyektlari haqidagi normalar mus­tahkamlandi. Mazkur sohadagi qarorlar muhokamasida jamoatchilik nazoratining ishtiroki taʼminlanishi ham ­belgilab qoʻyildi.

Davlatimiz rahbarining 2019-yil 20-fevraldagi “Qurilish materiallari sanoatini tubdan takomillashtirish va kompleks rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorida 2019 — 2021-yillarda umumiy qiymati 1,3 milliard, shu jumladan, toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar hisobiga 692 million AQSH dollari miqdorida amaldagi korxonalarni texnik va texnologik yangilash hamda yangilarini barpo etish boʻyicha 67 ta investitsiya loyihasini amalga oshirish vazifasi qoʻyildi. Ularning ijrosi 2021-yilga qadar sement ishlab chiqarish quvvatlari hajmlarini 17 million tonnaga, arxitektura-qurilish oynasini 32 million kvadrat metr­ga, yogʻoch-qipiq plitasi (DSP)ni 380 ming kub metrga, gazobeton bloklarini 700 ming kub metrga, koʻp qavatli yirik panelli temir-beton buyumlarini 180 ming kvadrat metrga yetkazish ­imkonini berdi.

Aytish joizki, 2019-yil 23-maydagi “Qurilish materiallari sanoatini jadal rivojlantirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Prezident qarori sohaning yaqin istiqbolga moʻljallangan strategiyasini belgilab berdi. Uning asosiy maqsadi tarmoqni jadal ravnaq toptirish va diversifikatsiya qilish uchun qulay shart-sharoitlar ­yaratish, mahalliy mineral-xomashyo ­resurslarini qayta ishlashga investitsiyalarni jalb etish va qurilish materiallarini eksport qilish hajmini oshirishga qaratilgan.

Bu vazifalarning hal etilishi natijasida 2025-yilga qadar ishlab ­chiqarish hajmlarini gulqogʻozlar boʻyicha 47 barobardan ziyodga, yigʻilgan parket panellari va plitalari — 19, yogʻoch va boshqa yogʻochbop materiallardan tayyorlangan plitalar — 15, gazobeton bloklari — 7, lok-boʻyoq materiallari hamda energiya va issiqlikni tejovchi float-texnologiya asosida tayyorlangan arxitektura-qurilish oynasi — 4, bazaltdan tayyorlanadigan kompozit armatura — 3 va sement boʻyicha 2 barobarga oshirish koʻzda tutilgan.

Sarmoya va sifat — eksport kafolati

Tahlillarga koʻra, ayni kunda yurtimizda 10 mingga yaqin qurilish materiallari ishlab chiqaruvchi korxonalar ­faoliyat yurityapti. Ularda 180 turdan ortiq mahsulotlar tayyorlanmoqda.

Olib borilayotgan ishlar va kiritilayotgan investitsiyalar tufayli sifat yaxshilanib, sohaning eksport salohiyati oshmoqda. Taqqoslash uchun: 2016-yilda 55,3 million dollarlik mahsulotlar ­eksport qilingan boʻlsa, 2021-yilda esa bu koʻrsatkich qariyb 8 barobar oshib, 438 million AQSH dollarini tashkil etdi. Joriy yil yakuni bilan 610,0 million dollarlik eksport amalga oshirilishi kutilmoqda.

Bu raqamlarni 2017-yil bilan qiyoslaydigan boʻlsak, mahsulot ishlab chiqarish hajmi 3 barobarga, eksport — 6,1, mahalliylashtirish qariyb — 9, investitsiyalarni oʻzlashtirish 2 barobarga oshganligini koʻrish mumkin.

Shu oʻrinda bir jihat eʼtiborni tortadi. Keyingi yillarda xorijiy kompaniyalarning qurilish “xamirturishi” — sementga boʻlgan taklifi ortib boryapti. Yurtimizda esa mazkur mahsulotni ishlab chiqarish borasida tizimli ishlar olib borilmoqda. Bu yoʻnalishga ixtisoslashtirilgan 35 ta korxona boʻlib, ularning yillik quvvati 25,3 million tonnani tashkil etadi. Bunda “Qizil­qumsement”, “Ohangaronsement”, “Quvasoysement”, “Bekobodsement” aksiyadorlik jamiyatlari hamda Sherobod sement zavodi, “Xuaksin sement Jizzax” masʼuliyati cheklangan jamiyati singari yirik ishlab chiqaruvchilarning hissasi katta. Tez orada hududlarda yana 10 dan ortiq yangi sement zavodlarini ishga tushirish rejalashtirilgan.

Keyingi yillarda sohani isloh qilish, korxonalar samaradorligi va salohiyatini oshirish boʻyicha tizimli ishlar amalga oshirildi. Tarmoqdagi har bir korxona faoliyati tanqidiy tahlil etilib, mahsulotlar sifatini yaxshilash, energiyatejamkor, innovatsion qurilish materiallari ishlab chiqarish hisobiga tannarxni pasaytirish choralari koʻril­yapti. Korxonalarda raqamli texnologiya­larni qoʻllash, inson hayoti uchun xavfli jarayonlarda avtomatizatsiya darajasi oshirildi. Qurilish materiallari ­sohasida yangi yoʻnalishlar rivojlantirilib, bunga xorijiy investorlar keng jalb qilindi. Yetakchi xorijiy davlatlar qurilish sohasining taraqqiyot tendensiyasidan kelib chiqib, yangi mahsulotlarni oʻzlashtirish va innovatsiyani jalb qilish oʻz samarasini bera boshladi.

Yana bir narsani alohida taʼkidlash lozimki, mamlakatimizda shu kungacha yoʻlga qoʻyilmagan gazobeton bloklari, gulqogʻoz, keramogranit, quyma pol, yuqori 600 markali sement, geosetka, penoblok, shisha kristallit, kompozit va DSP ishlab chiqarish oʻzlashtirildi. Qurilish materiallari sanoatining Oʻzbekiston iqtisodiyotida tutgan oʻrni katta. Shu bois mazkur tarmoqni izchil taraqqiy ettira borish bugungi kun va yaqin kelajakdagi vazifalardan biri hisoblanadi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan qabul qilingan 2022 — 2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasi va unga muvofiq qabul qilingan davlat ­dasturida mamlakat iqtisodiyotini yanada jadal rivojlantirishda iqtisodiyotning lokomotivi sifatida ushbu sohaga, xususan, yangi bino va inshootlar, ishlab chiqarish obyektlari hamda xususiy tadbirkorlik, temir va avtomobil yoʻllari, turarjoy binolari qurilishiga alohida urgʻu berilgan.

Mazkur strategiyaga muvofiq kelgusida ham tarmoqni yanada takomil­lashtirish boʻyicha izchil islohotlar ­davom ettiriladi.

Yangilanish jarayonlari

Taʼkidlash oʻrinli, bugungi kunda aholi punktlarining bosh rejalariga ommaviy hujjat maqomini berishda “Shaffof qurilish” milliy axborot portali tizimi doirasida “Geoportal” axborot tizimi yaratildi. Geoportalga mamlakatdagi 213 ta shahar va shaharchaning bosh rejalari, 595 ta hududni arxitekturaviy rejalashtirishni tashkillashtirish hamda 16 ta hududni batafsil rejalashtirish loyihasi, jami 824 ta shaharsozlik hujjati joylashtirilgan.

Fuqarolarga bunyod etilayotgan obyekt­lar toʻgʻrisida mustaqil ravishda axborot olish, noqonuniy qurilishlarni aniqlash, obyektlardagi qoidabuzarliklarni qayd etish va ularni sohadagi nazorat boʻyicha vakolatli organlarga yuborish imkonini beruvchi “Ogoh fuqaro” tizimi test rejimida ishga tushirildi. Shuningdek, 2021-yilning 1-martidan boshlab, ikki qavatdan yuqori, balandligi yer yuzasidan 12 metr va umumiy maydoni 500 kvadrat metrdan ortiq boʻlgan bino va inshootlar, jumladan, yakka tartibdagi uy-joylarni qurish hamda rekonstruksiya qilish obyektining loyiha hujjatlari majburiy ekspertizadan oʻtkazilgan hamda obyektning Qurilish vazirligi qoshidagi Qurilish sohasida hududiy nazorat inspeksiyalari tomonidan davlat qurilish nazorati oʻrnatilgan holda amalga oshirish tartibi joriy qilindi. Vazirlar Mahkamasining “Qurilish sohasida elektron davlat xaridlarini tashkil etish va amalga oshirish tartibini takomil­lashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori talablari asosida ilk marta tenderlarni onlayn elektron tizim orqali oʻtkazish yoʻlga qoʻyildi.

Eʼtirof etish joizki, shaharsozlik faoliyatini texnik jihatdan tartibga solishga doir normativ hujjatlar, jumladan, xorijiy normativ hujjatlar ilmiy-texnik kutubxonasi tashkil qilindi. Unda sohaga doir 2046 ta adabiyot xatlovdan oʻtkazildi va ularning elek­tron roʻyxati shakllantirildi. Ilmiy-texnik kutubxona negizida “Qurilish sohasidagi normativ hujjatlar” maʼlumotlar bazasi yaratilib, 54 ta normativ hujjatning elektron shakli www.shnk.uz rasmiy veb-sahifasiga ochiq foydalanish uchun joylashtirildi.

“Oʻzbekiston Respublikasi qurilish tarmogʻini modernizatsiya qilish, jadal va innovatsion rivojlantirishning 2021 — 2025-yillarga moʻljallangan strategiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi Prezident Farmoni qurilish sohasidagi ishlarni yangi bosqichga olib chiqishda muhim ahamiyat kasb etdi. Mazkur strategiyada 2025-yilga borib Oʻzbekistondagi shaharlarning barchasini va shahar-posyolkalarning 25 foizini bosh rejalar bilan qamrab olish belgilandi. Bosh rejalarni tasdiqlashda jamoatchilik fikri inobatga olinadigan boʻldi. 2022-yilning 1-iyuligacha shahar muhiti elementlarining maqsadi, anʼanaviy arxitektura va madaniyati, shuningdek, joyning tabiiy-iqlim sharoitlarini hisobga olgan holda hududiy “dizayn-kod” ishlab chiqilib, joriy etilishi belgilandi.

Strategiyaning 2025-yilgacha boʻlgan maqsadli koʻrsatkichlariga muvofiq, Oʻzbekistonning geologik, tabiiy-iqlim, seysmologik va boshqa xususiyatlarini inobatga olgan holda, 2025-yilga borib, milliy shaharsozlik normalari va qoidalarini kamida 50 foiz darajasida xalqaro normativ va standartlar bilan uygʻunlashtirishga erishish, loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqishning “hajm” uslubini joriy etish ulushini respublikadagi qurilish obyektlari umumiy sonining 50 foizigacha yetkazish koʻzda tutilgan. “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimi doirasida qoʻshimcha 4 ta elektron platforma yaratilishini, ularning idoralararo axborot tizimlari va maʼlumotlar bazalari bilan integratsiya qilinishini taʼminlash, “Biznes yuritish” xalqaro indeksida (Doing Business Index) “qurilishga ruxsatnomalar olish” (Dealing with Construction Permits) yoʻnalishi boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasining pozitsiyasini joriy 61,7 balldan 78,2 ballgacha yaxshilash, arxitektura va qurilish sohasidagi oliy taʼlim muassasalaridan birining xalqaro tan olingan tashkilotlar reytinglaridagi Osiyo mamlakatlarining eng yaxshi OTM roʻyxatiga kirishiga erishish belgilangan.

Oʻzbekistonda bugungi kunda qurilish tarmogʻida olib borilayotgan ishlar, xizmatlar nafaqat iqtisodiyotning asosiy fondlarini yaratuvchi qismi sifatida, balki mamlakat iqtisodiyotida amalga oshirilayotgan tarkibiy oʻzgarishlar hamda turli ijtimoiy sohadagi dolzarb vazifalarni bajarishda muhim oʻrin tutib kelmoqda.

Azizbek BAHODIROV,

“Oʻzsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi boshqaruvi raisining

ilm-fan va innovatsiyalar boʻyicha birinchi oʻrinbosari, texnika fanlari doktori, professor.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?