Savollar koʻpayaversa, ishonch yoʻqolaveradi. Sogʻliqni saqlash vazirligi bugun nimalarga ahamiyat qaratishi kerak?
Shu kunlarda mamlakatimizda tibbiyot xodimlarning yetishmovchiligi, dorixonalarda ayrim dori-darmonlarning narxlari oshib borayotganligi, kasallanganlar uchun koykalarning kamligi, bemorlarni davolash boʻyicha yaxlit tizimning yoʻqligi aholining haqli eʼtirozlariga sabab boʻlmoqda.
Garchi oʻtgan yilning soʻngida jahonda boshlangan, mart oyida mamlakatimizga kirib kelgan, aprel-may oylarida oʻsish surati nisbatan pasaygan koronavirusning bu tartibda rivojlanishiga shuncha vaqt boʻlgan boʻlsa ham, yetarlicha hozirlik koʻra olmagan mutasaddilar haqida biror narsa deyish dushvor.
Vaholanki, mamlakatimiz Prezidenti tomonidan mart oyidan hozirgi kunga qadar 20 dan ortiq yigʻilishlar, 10 dan ortiq normativ-huquqiy hujjatlarda barcha masalalar boʻyicha vazifalar aniq-tiniq belgilangan edi. Jumladan, 19-mart kuni “Koronavirus pandemiyasi va global inqiroz holatlarining iqtisodiyot tarmoqlariga salbiy taʼsirini yumshatish boʻyicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar toʻgʻrisida” Prezident qarori qabul qilingan edi.
Unda, fuqarolarimizga shuningdek, iqtisodiyotimizga turli xil zarar va omillarni oldini olish boʻycha chora- tadbirlar belgilangan edi.
Xususan, Moliya vazirligi huzurida yuridik shaxs tashkil etmagan holda 10 trillion soʻm miqdoridagi Inqirozga qarshi kurashish jamgʻarmasi tashkil etildi. Mazkur jamgʻarma mablagʻlaridan foydalanishning asosiy yoʻnalishlari qatorida koʻyidagilar mavjud edi:
- davolash va boshqa muassasalarni koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashish uchun zarur boʻladigan dori vositalari va tibbiy buyumlar, himoya vositalari va test tizimlari bilan taʼminlash;
-xavf-xatar ostida boʻlgan yoki virus yuqtirganlar bilan muloqotda boʻlgan shaxslarni karantinda saqlash bilan bogʻliq xarajatlarni qoplash;
-koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashishda ishtirok etayotgan tibbiyot xodimlarini moddiy ragʻbatlantirish, respublika sanitariya-epidemiologiya xizmati tomonidan himoya choralarini amalga oshirish xarajatlari uchun qoʻshimcha mablagʻlar ajratish;
-yuqumli kasalliklarni aniqlash, profilaktika qilish va davolash boʻyicha tadbirlarga jalb etilgan davolash va boshqa muassasalarni qurish, taʼmirlash, rekonstruksiya qilish va jihozlash;
Koʻrib turganingizdek, mart oyidagi farmonda va unga koʻra tashkil etilgan jamgʻarma mablagʻlari hozirgidek holatni yuzaga kelmasligi uchun sarflanishi lozim edi. Endi oʻz-oʻzidan savol tugʻiladi, bugungi kunda tibbiyot xodimlarini keskin yetishmasligi, dori-darmon narxlari oshganligi, fuqarolarimizning koronavirusga test topshirish deyarli imkonsiz boʻlib qolganligi, tibbiyot sohasidagi xodimlarining mehnat taʼtili yoki boʻlmasa oʻz hisobidan taʼtilga chiqib ketganligi nima sabab boʻldi? Keling, bu boʻyicha ayrim mulohazalarni keltirib oʻtamiz.
Birinchidan, Farmonda berilgan topshiriqlar toʻliq ijro etilmagan;
Ikkinchidan, dori-darmon bilan shugʻullanuvchi ayrim shaxslarning xalqning qiyin davridan foydalangan holda moʻmay pul ishlashni oʻzining asosiy maqsadi etib belgilab oldi;
Uchinchidan, fuqarolarni davolash va kasallikni oldini olish uchun ajratilgan mablagʻlarning bir qismi ayrim mansabdorlar tomonida oʻzlashtirilib yuborildi;
Toʻrtinchidan, butun dunyoda kasallikning oʻsish surati keskin oshib koykalar yetishmovchiligi kuzatilgan bir vaqtda masʼullarimizning bizda unday boʻlmaydi deb xotirjamlikka berildi;
Beshinchidan, koronavirusga qarshi tunu kun kurashayotgan tibbiyot xodimlarning ijtimoiy himoyasi yetarli taʼminlanmagani uchun ishdan boʻshashlar, oʻz hisobidan taʼtilga chiqish holatlari koʻpaygani uchun kadrlar yetishmovchiligi kelib chiqdi.
Bundan buyogʻiga nima qilamiz?
Eng avvalo, Prezidentimiz tomonidan chiqarilgan Farmon va Qarorlar toʻliq ijro etilishini taʼminlash zarur, har bir hudud boʻyicha ijro etilishi boʻyicha nazoratni oʻrnatish vaqti keldi, chunki insonlarimiz taqdiri hal etilmoqda.
Dori-darmon narxlarini nazorat qilinishi topshirilgan prokuratura organlari eng quyi muassasa boʻlgan dorixonalarni emas, balki yetkazib beruvchilarni nazoratga olishi lozim.
Toshkent shahri va hududlarda mavjud imkoniyatlardan kelib chiqqan holda sanatoriylar, oʻyingoh(stadion)lar va shunga oʻxshagan bino va inshootlarni moslashtirgan holda koronavirus bilan kasallangan bemorlarga yordam berish uchun foydalanishga tayyorlash zarur.
Tibbiyot muassasalaridagi qoʻriqlovchi, sanitarka, haydovchilar barcha xodimlarni)ning ishga jalb qilish uchun ularning oylik maoshlarini yetarli darajada (kamida 2 barobarga) oshirish kerak. Mehnat va oʻz hisobidan taʼtilga chiqqan tibbiyot xodimlarini barchasini ishga jalb etish, shuningdek tibbiyot sohasida oʻqiyotgan 5,6 kurs talabalarni ommaviy ishga jalb etish kerak. Ularni ham munosib ish haqi bilan taʼminlash zarur. Tibbiyot kollejlari bitiruvchilarini ham oʻzi yashab turgan mahallasi, koʻchasiga, koʻp qavatli uylarga patronaj hamshira sifatida biriktirish orqali ham har bir xonadonga tibbiy xizmatni taʼminlashimiz mumkin.
Joriy yilning 23-may holatiga Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan koronavirus infeksiyasi bilan kasallangan bemorlarga davlat byudjetidan ajratilgan mablagʻlar haqida maʼlumot bergan edi.
Unga koʻra, Oʻzbekistonda har bir davolanib chiqqan bemor uchun davlat 32,3 million soʻmdan xarajat qilganligi, kasalligi ogʻir kechayotgan bemorlarning har biriga 64,4 million soʻmdan ajratilganligi, reabilitatsiya, karantinda boʻlgan bemorlarga har biri uchun 2,2 million soʻmdan ajratilganligi aytilgandi.
Bugungi kunda ahvol qanday, har bir bemorga qanchadan mablagʻ sarflanyapti va ularning tannarxi (kalkulyatsiyasini) aholimizga ochiq aytishimiz kerak. Bugungi kungacha qancha shifokor himoya vositasi bilan taʼminlangan, qanchasi kasallandi, qayerda shifokorlar yetishmovchiligi kuzatilmoqda, qancha bemor uyida davolanmoqda? Sogʻliqni saqlash vazirligi mana shular haqida ham batafsil maʼlumot berishga oʻtmas ekan savollar koʻpayaveradi. Savollar koʻpaygan joyda gumon va shubha koʻpayadi, ular esa ishonchga putur yetkazadi. Oʻzaro ishonch va bir-birini tushunish boʻlmasa maqsadga yetish shunchalar murakkablashishi oddiy haqiqat.
Maqsud QURBONBOYEV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,
“Adolat” SDP fraksiyasi aʼzosi
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Nodirbek Abdusattorov Pragadagi shaxmat festivalida chempionlikni qoʻlga kiritdi
- Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi Prix Versailles talqiniga koʻra 2026-yilning dunyodagi eng goʻzal muzeylari roʻyxatiga kiritildi
- Endilikda yoʻlovchi bojxona deklaratsiyasini mobil ilova orqali elektron shaklda topshirish mumkin
- Matchanov Umirzak Seitjanovichning iqtisodiyot fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD) dissertatsiya himoyasi eʼloni
- Eronning hujum salohiyati 50 foizga qisqardi – AQSH senatori
- Yaqin Sharqdagi keskinlikning narxi: AQSH, Isroil hamda Eron urush uchun qancha sarflayapti?
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring