Senator Qirgʻizistondagi muddatidan ilgari parlament saylovini kuzatishda ishtirok etdi

09:59 02 Dekabr 2025 Siyosat
122 0

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Mudofaa va xavfsizlik masalalari qoʻmitasi raisi Qutbiddin Burxonov MDH Parlamentlararo Assambleyasi kuzatuvchilari tarkibida joriy yilning 30-noyabr kuni boʻlib oʻtgan Qirgʻiz Respublikasi Jogorku Keneshi deputatlarining muddatidan ilgari saylovini monitoring qilish jarayonida ishtirok etdi.

MDH PA kuzatuvchilari Qirgʻiziston Markaziy saylov komissiyasi raisi Temirlan Shaynazarov bilan uchrashuv oʻtkazdi. Suhbat chogʻida MDH MPA ekspertlari tomonidan mamlakatdagi saylov qonunchiligining oʻrganilgan natijalari boʻyicha tayyorlangan tahliliy hisobot taqdim etildi.

Maʼlumki, parlamentga muddatidan ilgari deputatlar saylovida 467 nafar nomzod ishtirok etdi. Parlament deputatlari saylovini oʻtkazish uchun 30 ta koʻp mandatli saylov okrugi tuzilib, ularning har birida majoritar tizim boʻyicha uchtadan deputat saylandi. Bunda har bir saylov okrugidagi uchta oʻrindan hech boʻlmaganda bittasini ayollar egallashi nazarda tutilgan. Shu bilan birga, parlamentda kamida 30 ta deputatlik mandati ayol deputatlarga tegishliligini ham qonunchilik kafolatlaydi.

Uchrashuvda saylovchilar ovoz berish jarayonlariga keng jalb etilishi, aholiga qulay sharoit yaratish maqsadida xorijdagi saylov uchastkalari soni oshirilgani, kam faol hududlarga alohida eʼtibor qaratilgani qayd etildi.

Shu bilan birga, qonunbuzarliklarning oldini olish boʻyicha nazorat mexanizmlari kuchaytirilgani maʼlum qilindi.

Shuningdek, senator MDH PA kuzatuvchilari bilan birga Bishkek shahridagi “Gʻalaba” memorialiga gul qoʻyish marosimida ham ishtirok etdi. Tadbir ishtirokchilari Ikkinchi jahon urushi qahramonlari xotirasiga hurmat bajo keltirdi.

MDH mamlakatlari parlament aʼzolari har yili umumiy tarix va qahramonlikni eʼzozlash ramzi sifatida ushbu anʼanani davom ettirib kelmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?