Senatda Ichki ishlar vazirligining axboroti eshitildi
Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qoʻmitasi majlisida Ichki ishlar vazirligining mamlakatimizda huquqbuzarliklarning oldini olish borasida 2025-yilda amalga oshirilgan ishlar yuzasidan axboroti eshitildi.
Qayd etilganidek, hisobot davrida respublikamizda oldi olinishi mumkin boʻlgan, lekin sodir etilgan jinoyatlarning 89,3 foizi (36 421 tasi) fosh etilgan.
Tezkor-qidiruv va tergov harakatlari davomida 9 921 nafar qidiruvdagi shaxs ushlangan, 600 nafar bedarak yoʻqolgan fuqaro topilgan. Bevosita mahallalarda jinoyatchilikni jilovlash boʻyicha amalga oshirilgan chora-tadbirlar natijasida 9 008 ta mahallaning 4 034 tasida (44,8 foiz) jinoyat umuman sodir etilmagan.
Kriminogen vaziyat tahliliga koʻra mahallalarning 44,8 foizi “yashil”, 47,9 foizi “sariq” va 7,4 foizi “qizil” toifaga kiritilgan.
Profilaktik choralar natijasida oldini olish mumkin boʻlgan jinoyatlar 4,6 foizga, yoshlar oʻrtasidagi jinoyatlar 15,1 foizga, ayollar tomonidan sodir etilgan jinoyatlar 14,2 foizga, guruh tomonidan sodir etilgan jinoyatlar 13,1 foizga, voyaga yetmaganlar oʻrtasidagi jinoyatchilik 11 foizga va mast holatda sodir etilgan jinoyatlar 5,6 foizga kamaygan.
“102” xizmati orqali kelib tushgan 2,5 milliondan ortiq murojaatlar koʻrib chiqilib, qariyb 1,4 millionta huquqbuzarlikning oldi olingan.
Shu bilan birga, ayrim muammolar saqlanib qolayotgani taʼkidlandi. 2025-yilda respublika boʻyicha 155 002 ta jinoyat roʻyxatga olingan boʻlib, har 100 ming aholiga nisbatan 412,9 tani tashkil etgan.
Ushbu koʻrsatkich Toshkent shahrida 942,6, Toshkent viloyatida 544, Sirdaryo viloyatida 440,3 va Navoiy viloyatida 449,6 tani tashkil etgan.
Jinoyatlarning 49,6 foizi axborot texnologiyalari orqali sodir etilgani qayd etildi.
Narkojinoyatlar sohasida 15 412 ta jinoyat qayd etilib, 3 tonna 775 kg giyohvandlik vositalari musodara qilingan. 15 ta narkolaboratoriya aniqlangan.
Shuningdek, raqamli iqtisodiyot sohasida nazorat mexanizmlari yetarli emasligi sababli 53 ta noqonuniy mayning ferma tomonidan davlatga 20,6 mlrd soʻm zarar yetkazilgani maʼlum qilindi.
2025-yilda yoshlar tomonidan 13 639 ta jinoyat sodir etilganligini inobatga olib, Qoʻmita majlisida yoshlar bilan ishlash samaradorligini oshirish zarurligi alohida taʼkidlandi.
Qoʻmita aʼzolari tomonidan sohada mavjud kamchiliklarni bartaraf etish, profilaktika ishlarini kuchaytirish, axborot texnologiyalari orqali sodir etilayotgan jinoyatlarga qarshi kurashish hamda mahallalarda manzilli ishlash tizimini takomillashtirish yuzasidan Qoʻmitaning aniq taklif va tavsiyalari aks etgan qarori qabul qilindi.
Shu bilan birga, Qoʻmita majlisida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman)ning axboroti ham eshitildi.
Muhokama yakunlari boʻyicha Qoʻmitaning tegishli qarorlari qabul qilindi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Nodirbek Abdusattorov Pragadagi shaxmat festivalida chempionlikni qoʻlga kiritdi
- Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi Prix Versailles talqiniga koʻra 2026-yilning dunyodagi eng goʻzal muzeylari roʻyxatiga kiritildi
- Matchanov Umirzak Seitjanovichning iqtisodiyot fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD) dissertatsiya himoyasi eʼloni
- Endilikda yoʻlovchi bojxona deklaratsiyasini mobil ilova orqali elektron shaklda topshirish mumkin
- Yaqin Sharqdagi keskinlikning narxi: AQSH, Isroil hamda Eron urush uchun qancha sarflayapti?
- Eronning hujum salohiyati 50 foizga qisqardi – AQSH senatori
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring