Senat qo‘mitasida qonunchilikka kiritilayotgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar muhokama qilindi

Foto: Yunus Bo‘riyev / «Xalq so‘zi»
Byudjet va iqtisodiy masalalar qo‘mitasining joriy yil 13-martda bo‘lib o‘tgan navbatdagi majlisida Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman)ning 2024-yildagi faoliyati to‘g‘risidagi ma’ruzasi muhokama qilindi va tegishli taklif hamda tavsiyalar berildi.
Shuningdek, Qo‘mita majlisida bir qator qonunlar ham dastlabki tarzda muhokama etildi.
So‘nggi yillarda banklar faoliyatini tartibga soluvchi qator qonunlar qabul qilindi va bank nazorati takomillashtirib borilmoqda. Banklarni sanatsiya qilish tizimi to‘lovga layoqatsiz banklarni tezkor tartibda sog‘lomlashtirish yoki tugatish, shuningdek, ularning iqtisodiyot uchun muhim bo‘lgan vazifalari va xizmatlari uzluksizligini ta’minlash, omonatchilar va kreditorlar manfaatlarini himoya qilish, banklarning byudjet mablag‘lariga qaramligini kamaytirish, mijozlarning bank tizimiga ishonchini oshirish imkonini beradi. “Banklarni sanatsiya qilish va tugatish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni ham ushbu vazifalarni hal qilishga qaratilgan.
Majlisda muhokama etilgan “Kreditorlarning garov bilan ta’minlangan talablarini qanoatlantirish tizimi yanada takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonun bilan kreditorlarning garovdagi mulkka nisbatan huquqlarining ustuvorligini ta’minlash, kreditorlar talablarini suddan tashqari tartibda qondirish tizimini rivojlantirish, majburiyatlarni garovdagi mol-mulk hisobidan undirish jarayonlarini soddalashtirish, kreditorlar talablarini qondirish tizimini takomillashtirishni nazarda tutuvchi normalar kiritilmoqda. Ushbu Qonunda garov narsasi hisoblangan mol-mulk garovga qo‘yuvchidan jinoyat yoki boshqa huquqbuzarlik sodir etganlik uchun olib qo‘yilganda garovga oluvchida o‘z talablarini ushbu mol-mulk hisobidan ustuvor tarzda qanoatlantirish huquqini saqlab qolish, shuningdek, undiruv qaratilgan garov mulkining ochiq kimoshdi savdosida sotilishini garovga qo‘yuvchining iltimosiga asosan kechiktirishga yo‘l qo‘yilmaslik belgilanmoqda.
Bundan tashqari, majlisda “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida” Qonun ham muhokama etildi. Ushbu Qonun bilan Soliq kodeksiga qo‘shimchalar kiritilmoqda. Jumladan, parrandachilik mahsulotlari ishlab chiqaruvchi tadbirkorlik sub’yektlari 2030-yil 1-yanvarga qadar yuridik shaxslardan olinadigan yer solig‘ini to‘lashdan ozod etilishi nazarda tutilmoqda.
Shuningdek, Qo‘mita majlisida “Aholiga ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish tizimi yanada takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi Qonun ham majlis ishtirokchilari diqqat markazida bo‘ldi.
Mazkur Qonun bilan fuqarolarga davlat xizmati ko‘rsatish sifatini yangi bosqichlarga olib chiqish, sohaga axborot kommunikatsiya texnologiyalarni keng joriy etish, fuqarolarning pensiya ta’minotini xalqaro standartlarga va zamon talablariga muvofiqlashtirish maqsadida “Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida”gi, “Davlat boji to‘g‘risida”gi va “Aholi bandligi to‘g‘risida”gi qonunlarga tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish nazarda tutilmoqda. Jumladan, yoshga doir pensiya olish huquqini beradigan yoshga to‘lgan fuqarolarga ularning murojaatini talab etmagan holda pensiya tayinlanishini hamda fuqarolarning shunday tartibda tayinlangan pensiyani rad etish huquqini nazarda tutuvchi qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritilmoqda.
Muhokama yakunida ko‘rib chiqilgan masalalar yuzasidan Qo‘mitaning tegishli qarorlari qabul qilindi.
Foto: Yunus Bo‘riyev / «Xalq so‘zi»
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Saudiya Arabistonida “Oʻzbekiston madaniyati kunlari” davom etmoqda
- Super oy: Bugun Yerning tabiiy yoʻldoshi odatdagidan ancha katta koʻrinmoqda
- Aholi va qishloq xoʻjaligini roʻyxatga olishga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish tartibi belgilandi
- Samarqandda YUNESKOning 43-sessiyasiga tayyorgarlik avjida
- Markaziy Osiyo pedagoglari Nukusda jam boʻldi
- Hududlarda 34 ta yuqori texnologiyali sanoat loyihalari amalga oshiriladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring