Sariosiyo aeroporti ilk texnik parvozni qabul qildi

11:52 30 Aprel 2025 Jamiyat
120 0

Farhod ESONOV/“Xalq soʻzi”. Surxondaryo viloyatidagi Sariosiyo mahalliy aeroportida rekonstruksiya ishlari muvaffaqiyatli yakunlandi. Ushbu aeroport “Silk Avia” aviakompaniyasiga tegishli ATR-72-600 samolyotining birinchi texnik parvozini muvaffaqiyatli qabul qildi.

Rekonstruksiya doirasida aerodromning sunʼiy qoplamasi toʻliq kapital taʼmirlandi. 1550 metr uzunlikdagi va 35 metr kenglikdagi uchish-qoʻnish yoʻlagi ikki qatlamli asfalt-beton bilan mustahkamlandi. Yurish yoʻlagi va ikkita ATR-72 rusumli samolyot uchun moʻljallangan perron ham zamonaviy talablarga mos ravishda yangilandi.

Sariosiyo aeroportining uchish-qoʻnish yoʻlagi 1976-yildan buyon faoliyat yuritib keladi. Uni kapital taʼmirlash va parvozlar xavfsizligini taʼminlash orqali ATR-72 va undan kichik toifadagi havo kemalarini qabul qilish imkoniyati ham kengaytirildi.

Ilk qabul qilingan texnik reys muvaffaqiyatli amalga oshirilib, aerodromning toʻliq parvozga tayyorligini koʻrsatdi. 100 nafargacha yoʻlovchiga moʻljallangan yangi terminal binosi qurilishi ham yakunlanish arafasida.

Rekonstruksiya ishlari toʻliq tugagach, bir oy ichida Sariosiyo aeroportidan muntazam yoʻlovchi reyslarini amalga oshirish rejalashtirilmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?