Samarqandlik kitobxonlarga Yangi Oʻzbekistonning “Yuksalish simfoniyasi” taqdim etildi
Samarqand davlat universitetining Urgut filialida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati aʼzosi, taniqli shoir va yozuvchi, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan jurnalist Abdusaid Koʻchimovning “Yuksalish simfoniyasi” deb nomlangan yangi kitobining taqdimoti boʻlib oʻtdi.
Tadbirni Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universiteti rektori, Oliy Majlis Senati aʼzosi Rustam Xolmurodov kirish soʻzi bilan ochib berdi.
- “Yuksalish simfoniyasi” muhtaram Prezidentimizning xalqparvar, inson qadrini ulugʻlashga qaratilgan siyosati samarasida oʻzgarayotgan shahar va qishloqlarimiz, ulkan bunyodkorlik ishlari va xalqimiz ongu tafakkuri, dunyoqarashidagi oʻsish haqida hikoya qiladi, — dedi professor Rustam Xolmurodov. – Maʼlumki, keyingi 10-yil ichida mamlakatimizda Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida buyuk ishlar amalga oshirildi. “Yuksalish simfoniyasi” bu evrilishlarning falsafasi, mohiyati va hayotbaxsh maʼnosini odamlarga oddiy tilda sharhlab, tushuntiradigan asar hisoblanadi.

Taqdimotda shuningdek, Samarqand viloyati hokimi oʻrinbosari Husan Toʻxtayev, “Ishonch” va “Ishonch-Doveriye” gazetalari tahririyati bosh muharriri, Oliy Majlis Senati aʼzosi Husan Ermatov, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti professori Qozoqboy Yoʻldoshev, “Zarafshon” va “Samarkandskiy vestnik” gazetalari bosh muharriri, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan jurnalist Farmon Toshev va universitetning professor-oʻqituvchilari hamda talabalar soʻzga chiqib, yangi kitobning mazmun-mohiyati, uning maʼnaviy-tarbiyaviy ahamiyati haqida oʻz fikrlarini bildirishdi.
Qayd etilganidek, mamlakatimizda 10-yil muqaddam boshlangan bunyodkorlik yaratuvchanlik va yuksalish jarayonlari, hayotbaxsh islohotlarning bosh meʼmori va ilhomchisi Muhtaram Prezidentimiz hisoblanadi.
Ana shu islohotlarning eng yorqin ranglarida namoyon boʻlgan hudud – Samarqanddir. Shu sababli adib oʻz kitobini “Yer yuzining sayqali yoki maqolaga sigʻmagan Samarqand” degan sermaʼno sarlavhali maqola bilan boshlaydi. Bu maqolada bayon etilganlar haqiqatan ham bir maqolaga sigʻmaydi, uni oʻqigan kishining koʻz oʻngida 10-yil kabi tarix uchun qisqa vaqt davomida qadimiy va navqiron Samarqanddagi islohotlar, amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlari kino lentasiday oʻtadi.
Prezidentimizning tashabbusi bilan qisqa vaqt ichida qurilgan Samarqand — Urgut temir yoʻli, yurtboshimiz tashabbusi bilan bundan atigi 7-8-yil oldin barpo etilgan “Urgut erkin iqtisodiy zonasi”, ismi jismiga monand “Boqiy shahar”deb nom berilgan Samarqand Turizm markazi, osmonoʻpar binolari bilan mashhur Qorasuv massivi keyingi 6-7-yil ichida Samarqandning koʻrki boʻlib, 3 ming yoshli bu shaharni yashartirdi, dunyoning eng jozibali va obod turizm shaharlariga aylantirdi. Xullas, maqolani oʻqir ekansiz, adibning diqqat eʼtiboridan Samarqandda amalga oshirilayotgan islohotlarning biror qirrasi chetda qolmagani, bu maskanda amalga oshirilgan barcha hayotbaxsh oʻzgarishlarni adib ajib bir mehr bilan tasvirlaganining guvohi boʻlamiz.

Mamlakatimizdagi islohotlar yilnomasi boʻlgan, ushbu kitobda ona-yurtimizning har bir viloyatida amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlari qamrab olingan. Zero, Davlatimiz rahbarining tashabbuslari bilan hayotbaxsh islohotlar Oʻzbekistonning har bir mintaqasi, viloyati, shahri, tumani, qishlogʻida har kun, har soat, har on insonlarning koʻz oʻngida, xalqimizning bevosita ishtiroki va shijoati bilan yuz bermoqda. Jamiyatdagi buyuk maʼnaviy koʻtarinkilik, insonlarda davlatimizga va ertangi porloq istiqbolimizga ishonch – shundan.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi – bu qardosh, tugʻishgan elning turmushi, uning muammolari, ehtiyojlari har doim Prezidentimizning diqqat markazida. Qoraqalpoq qardoshlarimizning koʻzlarida shodlik uchqunlari porlashi uchun Prezidentimiz oʻzining bor kuch-gʻayratlarini, jamiyat va davlatning barcha imkoniyatlarini safarbar qilmoqdalar.
“Oppoq koʻksi ezgulikka toʻlgan el” maqolasida adib Qoraqalpoq diyorining yuksalishi bu yerda oʻn yillardir toʻplanib qolgan muammolarni hal qilish barobarida hududda yangi sanoat tarmoqlarini, zamonaviy ishlab chiqarishni barpo etish orqali yuz berayotganini taʼkidlaydi.

“Yuksalish simfoniyasi” kitobining Toshkent shahridagi yuksalish jarayonlaridan hikoya qiluvchi “Prezident koʻchat ekmoqda”, Xorazmdagi islohotlar natijalaridan hikoya qiluvchi “Quyosh yurti Xorazm” boblarida, Fargʻona vodiysi viloyatlariga bagʻishlangan maqolalarda, Qashqadaryo, Navoiy, Sirdaryo, Surxondaryo, Buxoro va Jizzax viloyatlaridagi bunyodkorlik ishlarining taʼrifiga bagʻishlangan qismlarida ham adib birday — xalqni ulugʻ rejalarga, yaratuvchilikka ilhomlantiradigan, inson qadr-qiymatini har narsadan ustun qoʻygan, oʻzining Prezident, fuqaro va inson sifatidagi butun faoliyatini Oʻzbekiston deb atalmish Vatanning taraqqiyoti, oʻz jonajon xalqining farovonligiga bagʻishlagan buyuk insonning siyosiy portretini, yaratuvchi, tanti va fidokor xalqining haqiqiy soʻzli siymosini yaratadi.
Xuddi mana shu jihatlari uchun ham bu kitobni har bir kishi oʻqishi va undagi gʻoya va tushunchalarni oʻzlashtirib olishi kerak. Chunki, bu Oʻzbekistondagi buyuk oʻzgarishlarning, yuksalishning yorqin ifodasidir.
Bunday maʼrifiy uchrashuvlar esa yoshlar qalbida kitobxonlik madaniyatini mustahkamlash, ularning yurtga, adabiyotga boʻlgan qiziqishni yanada oshirishga xizmat qiladi.
Abdulaziz YOʻLDOSHEV, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- 1-mart — Zulfiya tavallud topgan kun. “Bugun tunda kelarmish bahor”
- Nodirbek Abdusattorov Pragadagi shaxmat festivalida chempionlikni qoʻlga kiritdi
- Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi Prix Versailles talqiniga koʻra 2026-yilning dunyodagi eng goʻzal muzeylari roʻyxatiga kiritildi
- Endilikda yoʻlovchi bojxona deklaratsiyasini mobil ilova orqali elektron shaklda topshirish mumkin
- Matchanov Umirzak Seitjanovichning iqtisodiyot fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD) dissertatsiya himoyasi eʼloni
- Eronning hujum salohiyati 50 foizga qisqardi – AQSH senatori
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring