Saytlar tahdidlardan qanchalik himoyalangan?

Illyustrativ foto
Internet hech qanday toʻsiq va chegara bilmaydi. Bir qarashda u jahon ahlini bir-biriga yaqinlashtirayotgan boʻlsa, ikkinchi tomondan, ilgari kuzatilmagan yangi tahdidlarni ham yuzaga chiqaryapti.
Statistik maʼlumotlarga koʻra, joriy yilda Oʻzbekistonda internet foydalanuvchilari soni 20 milliondan oshib, oʻtgan yilga taqqoslaganda 36 foiz oʻsgan. Shunga mos ravishda elektron makonda oʻzining interaktiv xizmat va axborotlarini taklif etayotganlar ham koʻpaymoqda. Bugun 103 ta davlat organi oʻzining rasmiy saytiga, 78 tasi ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalariga ega. Biroq ularning xavfsizligi qanchalik taʼminlangan?
Tahlillar oʻtgan davrda mahalliy idoralararo axborot resurslariga xorij mamlakatlari hududidan kiberxurujlar soni oshganini koʻrsatayotir. Ana shu 13 million 111 ming 553 ta tahdidning 832 ming 995 tasi davlat organlari axborot bazasini yaroqsiz holga keltirib qoʻyish darajasida xavfli boʻlgani aniqlangan. Shuningdek, joriy yilning uchinchi choragida “UZ” domenida joylashgan saytlarga ham 308 marta xuruj uyushtirilgan. Shundan 184 tasi saytlarning bosh sahifasini oʻzgartirish, 119 tasi esa ularga begona axborotni joylashtirishga urinishlar bilan bogʻliq.
Prezidentimizning “Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarining joriy etilishini nazorat qilish, ularni himoya qilish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori yurtimizda telekommunikatsiya, axborot va kiberxavfsizlikni taʼminlash sohasida yagona davlat siyosatini roʻyobga chiqaradigan boʻldi. Bu esa amaliyotdagi mavjud muammolar yechimiga ham keng yoʻl ochadi.
Hujjatga muvofiq, Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi huzuridagi Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari sohasida nazorat boʻyicha inspeksiya hamda vazirlikning Axborot xavfsizligi va jamoat tartibini taʼminlashga koʻmaklashish markazi tugatiladi. Ularning oʻrniga, ikkita yangi — Oʻzbekiston Respublikasi Axborotlashtirish va telekommunikatsiyalar sohasida nazorat boʻyicha davlat inspeksiyasi hamda “Texnik koʻmaklashish markazi” DUK faoliyati yoʻlga qoʻyiladi.
Bular yuqoridagi kabi xavfli xurujlarga qarshi yaxlit bir himoya qoʻrgʻonini barpo eta oladigan, axborot texnologiyalari sohasida internet, telekommunikatsiya va mobil aloqa kabi yuzlab xizmat turlarining sifatli ishlashi, jumladan, mualliflik huquqlariga amal qilinishi uchun doimiy nazorat oʻrnatadigan tashkilot boʻladi. Qolaversa, yurtimizga kirib kelayotgan xorijiy elektron axborot dasturlari qatorida, mahalliy mutaxassislar tomonidan ishlab chiqilayotgan elektron mahsulotlarning monitoringini yuritishni oʻz qoʻliga oladi, jarayonni tahlil qilish, kamchiliklarni oʻz vaqtida bartaraf etish kabi vazifalarni bajaradi.
Markaz, shuningdek, axborotlar makonidagi ruxsatsiz yoxud buzgʻunchi harakatlarni amalga oshirishda foydalaniladigan usullar va vositalarni tahlil qiladi, dasturiy mahsulotlar, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, telekommunikatsiya jihozlari, qolaversa, boshqa texnik vositalarni attestatsiya, ekspertiza hamda sertifikatsiyadan oʻtkazadi, davlat organlari va tashkilotlari axborot tizimlari hamda resurslari axborot xavfsizligi siyosatini ishlab chiqish va amalga oshirishda koʻmaklashadi. Internet foydalanuvchilarini milliy segmentda paydo boʻlayotgan tahdidlar toʻgʻrisida oʻz vaqtida xabardor qiladi.
— Hozirgi globallashuv davrida axborotni ham yetkazish, ham qabul qilish jarayoni juda tezlashib ketdi, — deydi Oʻzbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri oʻrinbosari Bahromjon Olmatov. — Qaror bilan joriy qilinayotgan tartiblar, yangi tuzilgan tashkilotlar axborot tizimlarining uzluksiz ishlashi hamda chetdan uyushtirilayotgan tahdidlarga oʻz vaqtida javob qaytarish bilan birga, davlat axborot resurslarini umumiy elektron hukumat tizimiga integratsiyalashuv jarayonini tezlashtirishga poydevor yaratadi.
Shunday qilib, Oʻzbekistonda bu sohada ham, yaʼni axborot texnologiyalarini joriy etish va ularning xavfsizligini taʼminlash boʻyicha jahon standartlariga mos boʻlgan faoliyatini yoʻlga qoʻyishga qaratilgan muhim qaror qabul qilindi. Hujjat mazkur yoʻnalishda zamondan ortda qolmay, yuksalish hamda rivojlanish orqali mamlakatni iqtisodiy-ijtimoiy jihatdan taraqqiy ettirish, jamiyatni turli tahdid va xavf-xatarlardan munosib muhofaza qilish imkonini beradi.
Bosh prokuratura huzuridagi Axborot-tahlil
multimedia markazi materiallari asosida
Rahim ShЕRQULOV tayyorladi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Ish haqi, pensiya, nafaqa va stipendiyalar miqdori 10 foizga oshiriladi
- Eron va Isroil oʻrtasidagi ziddiyatlar xronologiyasi yoxud bugungi “urush”ning ildizi qayerda?
- Olimlar Alsgeymer kasalligidan himoya qiluvchi parhez haqida maʼlumot berishdi
- Dollar kursi oshishda davom etmoqda
- Parkentda yiliga 20 ming sayyohni qabul qiladigan turistik majmua ochilmoqda
- Oʻzgarishlarni soʻz bilan uygʻotgan jurnalist
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring