Sabrdan baxt topgan ayol

14:19 05 Sentyabr 2025 Jamiyat
78 0

Oltiariqlik Zuhraxon Oripova matonat timsoli. Uning kichik jussasi, yelkasida togʻlarni koʻtargudek ulkan qudrati bor. Xokisor qalbida mehnat zavqi mujassam. U bir yarim yoshida baxtsiz hodisa tufayli taqdirning ogʻir sinovlariga uchrab, bir qoʻlining barmoqlaridan ayrildi. Ammo bu kemtiklik uning gʻayrat-shijoati, hayotga va yashashga boʻlgan ishtiyoqi, irodasini sindirolmadi. Bolaligidan bir qoʻli bilan yer chopib, uzum parvarishlaydi. Hozirgacha roʻzgʻor barakasi uchun tinmaydi.

Zuhra opani bilganlar tomorqachilik ilmi “professor”i deyishadi. Boisi yilning toʻrt faslida 12 sotix yerning har qarichidan foydalanadi. Ikki sotixli uzum bogʻiga eng xaridorgir navlarni ekkan. Shu kunlarda hovlidagi ishkomda oltindek tovlanayotgan uzumlar koʻzni quvnatadi. Bir shingil uzib undan bahramand boʻlgan odam bogʻbonga tasanno aytadi. Chunki uzum mevasi xuddi novvotdek ogʻzingizda erib ketadi.

Oila aʼzolari uzumdan yiliga oʻrtacha 20 million soʻmgacha daromad oladi. Moʻjazgina issiqxonada ertaki rediska, bodring yetishtiriladi. Qoramol boqish ham oilaning yana bir daromad manbai hisoblanadi. Bu ishlarning barchasiga Zuhraxon opaning oʻzi bosh-qosh boʻladi. Fayzli xonadondagi orastalik, shinam uy-joylar oila aʼzolarining mehnatdan topayotgan barakasi timsolidir.

—Taqdirimdan nolimayman, bir qoʻlim sogʻlom boʻlmasa-da, roʻzgʻorim butun, — deydi Zuhraxon opa. — Har kuni tinch va farovon hayotimga shukrona aytaman. Bolalarim va nevaralarim davrasida oʻzimni gʻoyatda baxtli his etaman. Turmush oʻrtogʻim Rahimjon Ahmedov ham II-guruh nogironi. Shunday boʻlishiga qaramay, har doim menga koʻmakdosh. Ahilligimiz, hamjihatligimiz tufayli toʻylar qilib, yangi uylar qurdik. Birgalikda hayotning past-baland yoʻllaridan mardonavor oʻtib kelmoqdamiz.

Hayotiy aqidam shunday: odam birovdan umidvorlik kayfiyati bilan yashamasligi kerak. Oʻz mehnating, peshona tering evaziga topgan bir burda noning har nedan afzal. Shu sababli bugun bersang – yeyman, bermasang – och qolaman, qabilida yashashni odat qilgan toifadagi toʻrt muchasi sogʻlom odamlarga rahmim keladi.

Oltiariq tumanining “Oqboʻyra” mahallasining faxriga aylangan Zuxraxon Oripova davlatimiz rahbarining farmoni bilan “Jasorat” medali bilan taqdirlangani mahalladoshlarini quvontirdi.

— Chekka bir qishloqdagi oddiy bir ayol qayda-yu, davlat mukofoti qayda, deb ishongim kelmadi, – deya soʻzida davom etadi qahramonimiz. — Oltiariq tuman hokimligi kelgach, mukofotlanganimga amin boʻldim. Bayram kunlari quchogʻim gulga toʻldi. Bir umr chekkan zahmatlarim unutildi. Ota-bobolarimizning “Mehnat qilgan elda aziz” degan maqoli hayotimda oʻz isbotini topdi.

Oltiariqning munis bagʻridagi soʻlim qishloq – Oqboʻyrada yana bir munavvar tong otdi. Zuxraxon opa odatdagidek nabirasini opichlab, koʻcha eshigini ochdi. Qadrdon uzumlarini silab-siypaladi, farzandlari, elu yurti rizqini aziz qilayotgani uchun minnatdorchilik bildirdi. Etni junjiktiruvchi tong shabbodasi borliqqa atirgul, rayhon iforini taratdi. Oila aʼzolari dasturxon atrofida nonushtaga jam boʻlib, bugungi ishlarni rejalashtirib olishdi. Keliniga zarur yumushlarni topshirib, Zuxraxon opa qoʻshni ayollar bilan birga dalaga otlandi. Aytgancha, opa mahalladagi eng mohir terimchilardan sanaladi. Oppoq chamanzorga burkangan paxtazorlarda qahramonimiz javlon urib paxta termoqda. Mehnat va halollik insonni ulugʻlaydi, sabr hayotini fayzga toʻldiradi. Birgina Zuxraxon Oripova timsolida sabr va jasoratning yorqin namunasini koʻrish mumkin. Bu, aslida, oʻzbek ayoliga xos eng ezgu fazilatlarning yana bir tasdigʻidir.

Botir MADIYOROV

«Xalq soʻzi».

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер