Rasul Kusherbayev: “Snos” epidemiyasining ikkinchi toʻlqini boshlandi”

20:16 09 Fevral 2020 Jamiyat
1990 0

Arxiv surat

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbayev odamlarni norozi qilgan “snos“ epidemiyasining ikkinchi toʻlqini boshlanganligiga guvoh boʻlayotganini oʻzining “Telegram” kanalida maʼlum qildi.

“Oxirgi vaqtlarda boʻlayotgan ishlarni koʻrib, odamlarni norozi qilgan “snos“ epidemiyasining ikkinchi toʻlqini boshlanganiga guvoh boʻlyapman.

Afsuski, bu safar yillab fuqarolarning peshona teri bilan pul topib, qurgan uylarini buzdirish “aksiyasi“da faqat hokimlar emas, ular bilan birga, aslida, va idealda fuqarolarning huquqlarini himoya qilishga masʼul hamda vakolatli idoralar vakillari ham turib, fuqarolarga qarshi zoʻravonlik olib borayotgani odamni juda xafa qiladi. Himoya qiladiganlarning oʻzidan himoya kerak boʻlsa, dodingni kimga aytasan?!

Ayniqsa, Toshkent va Surxondaryo viloyatlaridan kelayotgan murojaatlar oʻtgan yilgi xunuk va Prezidentni xafa qilgan voqealarning qayta boshlanishiga sabab boʻladi, degan xavotir paydo qilmoqda. Rasmiy davlat OAV, xususan “Oʻzbekiston 24“ kanali esa masalaning tubiga yetmay, vaziyatni xolis oʻrganmay turib, bir tomonlama fuqarolarni aybdor qilib koʻrsatmoqda. Goʻyoki prokuratura va hokimliklar haq-u, fuqarolar nohaq deganday. Umid qilamanki bu buyurtma emas. Tagʻin kim biladi...

Aslida, bunday uylarning qurilishiga oʻz vaqtida masʼullar ruxsat bermasa davlat yeridan oʻzboshimcha uy joyni qurib olishga kimning jurʼati yetadi?.. Bizning fuqarolar qonunlardan qoʻrqadi, davlat bilan oʻynashmaydi.

Koʻrinib turganidek, bu yana masʼullarning navbatdagi “ochko“ olish bahsi, kimlardir orden va medal olgisi kelgani aniq. Bu ularga ham, noxolis OAV uchun ham uyat.

Ayrim zoʻravon masʼullarning uquvsiz, bilimsiz va qonunlardan bexabarligini inobatga olib, ularga Oliy Majlis qabul qilgan va Prezident qoʻl qoʻyib amalda boʻlgan “Maʼmuriy tartib-taomillar toʻgʻrisida“gi qonunni oʻqishlarini tavsiya qilgan boʻlar edim. Zora hech boʻlmasa, shu qonunni hurmat qilib, fuqarolar bilan munosabat qilishga oʻtilsa.

So;zim soʻngida zoʻravon masʼullarga odamlarni qiynab medal olmasdan, agar adolatli boʻlishsa, xalq medaldan ham ortigʻini berishi, bu oliy neʼmat ishonch va hurmat ekanligini eslatmoqchiman. Oʻylab koʻring, vakolatli “zoʻravonlar“! deya yozadi deputat.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер