Raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yoʻlida qonunchilik takomillashtirilmoqda

13:32 05 Fevral 2026 Siyosat
217 0

Senatning 13-yalpi majlisida “Shaxsga doir maʼlumotlar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartirishlar va qoʻshimcha kiritish haqida”gi Qonun koʻrib chiqildi.

Qayd etilganidek, bugungi kunda Oʻzbekistonda faoliyat yuritayotgan dasturchi-frilanserlar oʻzlari yaratgan dasturiy mahsulot va raqamli kontentni xorijiy mijozlarga sotishda xalqaro elektron platformalardan keng foydalanmoqda. Ayrim yirik platformalar yordamida toʻlovlar bank kartalari yoki bank oʻtkazmalari orqali amalga oshirilayotgan boʻlsa-da, Upwork, Fiverr, Envato, Storyblocks kabi platformalarda toʻlovlar faqat PayPal orqali amalga oshirilishi mumkin.

Biroq hozirgi vaqtda PayPal toʻlov tizimi Oʻzbekistonda chiqarilgan bank kartalari orqali toʻliq ishlamaydi. Bu cheklov mamlakatimiz qonunchiligi, xususan, “Shaxsga doir maʼlumotlar toʻgʻrisida”gi Qonunda belgilangan maʼlumotlarni faqat Oʻzbekiston hududida saqlash talabi bilan bogʻliq. Natijada xalqaro toʻlov tizimlarining Oʻzbekiston bozoriga kirishi muayyan darajada cheklanib qolmoqda.

Qonunga kiritilayotgan oʻzgartirishlar bu boradagi muammolarni bartaraf etadi. Xalqaro onlayn toʻlov tizimlarining mamlakatimizda faoliyat yuritishini yengillashtirish, fintex, elektron tijorat va raqamli iqtisodiyot rivojini jadallashtirish, frilanserlar uchun qonuniy va shaffof toʻlov mexanizmlarini yaratish, chet ellik turistlar uchun kontaktsiz toʻlov imkoniyatlarini kengaytirish shular jumlasidandir.

Qonunda faqat ayrim turdagi shaxsga doir maʼlumotlar (biometrik, genetik hamda telekommunikatsiya xizmatlari bilan bogʻliq maʼlumotlar) Oʻzbekiston hududida saqlanishi shartligi belgilanmoqda.

Boshqa maʼlumotlarni chet elga uzatish va saqlash uchun aniq xavfsizlik talablari joriy etilib, Vazirlar Mahkamasiga shaxsga doir maʼlumotlar xavfsizligi taʼminlangan davlatlar roʻyxatini tasdiqlash vakolati berilmoqda.

Senatorlarning fikricha, mazkur Qonun elektron tijoratni rivojlantirish yoʻnalishida huquqiy va meʼyoriy-huquqiy bazani takomillashtirish hamda aholi va tadbirkorlik subyektlariga xalqaro Internet platformalaridan foydalanishda yanada qulay sharoitlarni yaratishga xizmat qiladi.

Muhokama yakunida senatorlar Qonunni maʼqulladi.

Akmal MUHAMMADOV, Yunus BOʻRIYEV

(“Xalq soʻzi”) olgan suratlar.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?